NUH KEMASINI KUTAYOTGAN ODAM

NUH KEMASINI KUTAYOTGAN ODAM

Suhrob Ziyo

Mansur Jumayevning “Hayrat qo‘shiqlari kitobi taassurolari

 She’riy kitoblar janubga uchib ketayotgan turnalar karvoniga o‘xshaydi. Folklor ilmining ustozi Shomirza Turdimov ta’biri bilan aytganda, qushlar to‘da bo‘lib parvoz qilsa, umumboshqaruv, umumiy ong shakllanar ekan. Ular safarning mohiyatini ana shu jamlik orqali idrok qilar, to‘dadan bir qush ajralib qolsa, u o‘zboshicha manzilga yetib bora olmas ekan. Xuddi shunday kitobdagi she’rlar ham jamlanib shoirning kimligini, ma’naviy va adabiy hujjatini ko‘rsatib berishi zarur. Qo‘limdagi kitob ham xuddi turnalar karvonidek ketma ket hayrat qo‘shiqlarini jamlagan. She’rlar tadriji, baland-pastliklari, ohangi bilan deyarli yaxlit kompozitsiyani tashkil qila olgan.

Sirot ko‘prigidan o‘tayotgan oshiq 

* * *

Oldinda bir yo‘l bor ko‘p yiroq,

tarhini, topmadim kim bichgan:

qilichim damidan o‘tkirroq,

sochlaring toridan ingichka.

 

Oldinda ko‘prik bor — osti jar,

bilmadim o‘zim ne bo‘laman,

azizim, sen o‘tgil bexatar,

azizim, sen faqat qulama!

 

Oldinda chaman bor,

safo bor,

xotirjam-xotirjam havo bor...

azizim,

ungacha ozgina

sitam bor,

zulm bor,

jafo bor...

 

Ishq dedim kezib to‘rt yog‘ingda,

ishq dedim,

chorladim bilmayin;

azizim, sen borar bog‘ingda

men kutib olarman jilmayib!

 

Ungacha yo‘l bordir ko‘p yiroq,

tarhini, topmadim, kim bichgan:

qilichim damidan o‘tkirroq,

sochlaring toridan ingichka.

Mumtoz shoirlar majoz orqali Allohni vasf qilgani kabi bu she’rda oshiq yoriga bu dunyodagi visol haqida so‘zlaganday bo‘lib, Jannat xabarini beradi. Oxiratdagi Sirot jannat va do‘zax o‘rtasida ko‘prik ekaniga imon keltirganmiz. Buni qarangki, “sirot” so‘zining ma’nosi ham “yo‘l” ekan. Hadislardauning sifatlari aytiladi: qildan ham ingichka, qilichdan ham o‘tkir, qop-qorong‘i zulmat, tagida esa zulmatdan ham qora jahannam bor.

“Oldinda ko‘prik bor — osti jar…”

“Ko‘prik”ning tagida esa qadamni jarohatlaydigan, yaralaydigan o‘tkir tikonlar bor. U yerdan o‘tayotganda, toyib jahannam qa’riga yiqilayotgan bandalarning qattiq baqiriqlari eshitiladi. Oshiq esa yor ila jannatlarda uchrashmoqni iltijo qiladi. “Bilmadim, o‘zim ne bo‘laman” deb o‘z holini eslaydi, lekin o‘zidan ko‘ra ko‘proq yordan xavotir oladi: “azizim, sen faqat qulama”.

Banda Sirotdan yurib borar ekan, o‘z oldidagi odamlardan yiqilib, jahannamga qulayotgan yoki najot topayotganlarini ham ko‘rib turadi. Biroq o‘sha paytda shunday bir holat bo‘lar ekanki, hech kim hech kimga parvo qilmaydi. U lahzada hamma faqat o‘zini o‘ylaydi...

...azizim, sen o‘tgil bexatar,

azizim, sen faqat qulama!

Bu iltijo — oshiqning jo‘mardligi, fidoligi, majnunligi. Andak mubolag‘asi ham. Shoir “biror banda o‘zidan boshqani o‘ylay olmaydigan lahzada ham seni o‘ylayman”, demoqchi go‘yo.

Kishi Sirot ko‘prigidan barcha gunohlarini yelkasiga ko‘targan holda o‘tadi. Agar gunohlari ko‘p bo‘lsa, juda sekin, gunohlari yengil bo‘lsa, Allohning inoyati bilan chaqmoq kabi juda tez o‘tadi. Oldinda esa “ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlar” bor.

Oldinda chaman bor, safo bor,

xotirjam-xotirjam havo bor...

azizim, ungacha ozgina

sitam bor, zulm bor, jafo bor... 

Sitam bordir, jafo bordir. Ammo shoir u kunda “zulm bor” deyishi biroz to‘g‘ri emasdek. U kunning qiyinchiligi zulmdan emas, Allohning banda ustidagi adolatidan bo‘lmog‘i shubhasiz. Shu sababdan ham “ungacha ozgina sabr, sitam va jafo borligi haqida aytilsama’qul edi, nazarimizda. Muallif balki, bu dunyodagi zulm haqida aytmoqchididir.

Keyingi bandda oshiq Jannat bog‘larida ma’shuqani kutib turganini tasavvur qiladi. Bu tasavvur ortida ikki dunyoda ham yor bilan birga bo‘lish umidi bor. Lekin she’r boshida “bilmadim, o‘zim ne bo‘laman” deba turgan lirik qahramon she’r oxiriga kelib “seni boradigan bog‘da kutib olaman” deydi. Bunda muallif she’r boshidan beri uzilmay kelayotgan mantiq zanjiriga daxl qilgandek. U manzilga bora olishini qahramon aniq bilmaydi-ku! “Men kutib olarman” jumlasidagi fe’lning “-ar” qo‘shimchasi ehtimollik ma’nosini tashishi haqida o‘ylasak, bu holatni kechirish mumkindir.

Umuman olganda, bu she’r shoirning yor haqqiga qilgan duosidek tuyuladi. Zero, har she’r shoirning duosidir.

Harakatdagi tashbehlar

She’r o‘qiganda shoir urg‘u beradigan so‘zlarning holatiga e’tibor beraman. Kimdir sifatlarga ko‘proq urg‘u beradi, kimdir ot so‘z turkumidagi so‘zlar bilan badiiyat yasaydi. Kimdir ravishlarga yuk tashladi, “kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi…”

Mansur Jumayevning fe’llar bilan “aloqasi yaxshi”dek. “Kelmoq” so‘zi bir go‘zal she’rga asos bo‘lgan. She’r “Qarshi dashtlariga sabzalar kelishi” bilan boshlanadi. Toshkent bog‘lariga maysalar ham keladi shu payt. Nayzalar kelib, ko‘ksiga botadi, ya’ni yurakni kuydiragigan g‘amzalar keladi. Keyin so‘z, soz, xush ovoz keladi, qushlar keladi daraxt kokillariga, shoirning xayoliga o‘zi o‘tirgan xona gavjum davrasi, qandilu gulqog‘ozlari bilan keladi. Janubdan issiqlar, shimoldan sovuqlar keladi, shoirimiz gavjum davradan bezib, odamsiz ko‘shklariga havasi keladi.

Uning bu dardiga na hakim, na tabib keladi. Yaratganning “faqat Men haqimda o‘ylang” degan nidosiga qaramasdan, yana boshqalar – “ular” haqida o‘ylagisi kelaverdi.

Oqibatda butun dunyo havaslari dilga dovur bostirib kelaveradi, kelaveradi. Shunda shoir yana Tangriga uning ruhini barbod bo‘lgani qo‘ymasligini iltijo qilib so‘raydi. Bo‘g‘zigacha bostirib kelgan hoyu havaslarning loyqa daryosidan omonlik beruvchi Nuhning kemasi – najot kemasi– iymon kemasi – tavba kemasi kelishini intiq kutadi.

Harakat orqali ohang va badiiyat yasash boshqa she’rlarda ham uchraydi:

Kelar,

ketar,

tinar,

shoshar –

o‘ng tarafim,

so‘l tarafim... — deb dunyodagi, qalbdan tashqaridagi bo‘hronlarni tasvirlaydi.

“Sujud” she’rida esa “sajda qilish” she’rning o‘q ildizi bo‘lib xizmat qilgan. “Iymon” she’rida asosiy harakat — “chiqib ketish”.

Azal ko‘shkidan chiqib ketdim, padar pushtidanchiqib ketdim, ajal burnidan chiqib ketdim, ona qornidanchiqib ketdim, beshik, xona, eshikdan chiqib ketdim, ko‘cha mahalalla, qishloq, shahardan chiqib ketdim, hamma joyga sig‘may chiqib ketaverdim, faqatgina quyushqondan chiqmadim faqat” deydi shoir. Hech qayga sig‘magan isyonlar, sarkashliklar yolg‘iz quyushqonga sig‘adi. Shoir “shu quyushqon – iymonning ayni o‘zi” demoqchi bo‘ladi. Undan bilmay chiqib ketgan bo‘lsa, Parvardigorga tavba qiladi. Va u ishonadiki, Yor tomon oshiqni omon olib boruvchi yagona vosita shu quyushqondir.

Inson shunday bo‘lishi kerak: har qancha isyonlari, kurashlari, telbalik va sarkashliklari bo‘lsa quyushqon doirasida qilishi lozim. Quyushqondan chiqish, banda haddidan tashqaridagi so‘zlarni aytish, iymonga putur yetkazib qo‘yishi mumkin. “Chiqib ketish” qanchalik ulkan bo‘lmasin Alloh iznidan chiqib ketishgacha bormaslik kerak. Yaratganning odamga bildirgan haddi uning o‘sha quyushqoni. Quyushqonning chegarasi iymon chegarasi bilan o‘lchanadi. Shu sabab ham muallif bu she’rga “Iymon” deb nom qo‘yadi.

Serenada kuylayotgan darvish

“Hayrat qo‘shiqlari” to‘plamida musiqaning she’riy shaklga ham, mazmunga ham kuchli ta’siri seziladi. Bu ohanglarda Rumiy, Navoiy va Fuzuliy ham bor, Botir Zokirov-u Muhammad Mu’tamid ham bor... Ammo barcha she’rlarda, avvalo, bir Mansur bor. Ohang, ritm she’rdagi tashbehlarni tilla tangani kun nuriga tutib tovlantirgandek ko‘z-ko‘zlaydi.

“Ishqulloh” she’rida ana shunday ichkidan ichki qofiyalar va ohanglar tizmasi bo‘y ko‘rsatadi. Faqat shakl emas, she’riy ruh ham tamoman mumtoz yo‘lga tushib olgan she’rda: 

Kimsan – boqiymi, foniy,

yerlikmi yo osmoniy,

yo fir’avni misriysan,

yo kisroi eroniy,

qaysar rummomiding yo,

qavmi tubbomiding yo,

yo sheri turk, yo ey jon,

xulafoi musulmon,

yo yerdagi qirolsan,

yo ko‘kdagi hilolsan –

nechuk sanga qul bo‘ldim,

koshki edi bilolsam...

 Shoir ruhni o‘z yetoviga qo‘yib, uning yurgan yo‘llarini sharhlab, tushuntirib ketayotgandek tuyuladi. Ruh esa erkalikda davom etadi va kulminasiyaga kelib:

Kel-u oshiq qoshiga,

boqmay ko‘zim yoshiga,

sochib yubor ruhimni

oshiqlarning boshiga... – deya jo‘mardlik qiladi.

Bu ritm, bu musiqiy yo‘lda yaralayotgan she’rdan shoir o‘zini to‘xtatib qo‘ymasligi uchun, o‘z fikrini ifoda etish uchun bisyor so‘z boyligi talab etilishini asarning leksik komponentlaridan ham anglash mumkin. Uni o‘qir ekansiz, Hofiz She’roziyning “Ey, Sorbon”iga xayol ketadi. Til boshqa, mavzu boshqa, janr boshqa bo‘lsa, nega aynan shu she’r? XXI asr karvonida biroz shiddat borligi ayb emas.

Ishqulloh, ya’ni Alloh ishqi yozar ekan, shoir hech bir ismni tilga olmasdan, bu yo‘lda jon bergan jafo chekkan mashhur oshiqlarga ishora qilib o‘tadi, ilohiy ishq yo‘lida umr kechgan barcha oshiqlar bu she’rda birlashib, yaxlit taqdirga, yaxlit lirik qahramonga aylanadi.

Bugun yoshlarda bu mavzuda bilib-bilmay, o‘zini Mashrabga, Hallojga, Nasimiyga taqqoslash urfga kirgan. Lekin “Ishqulloh”da bu da’vo yo‘q. Shoir haq oshiqlarining barchasini bir butun ko‘rib ularning nidolarini o‘z tilidan aytib beradi. Tavhid Alloh bilan birlik hosil qilish, unda yo‘q bo‘lishni bildirsa, shoir she’rda aynan shu manzarani tasvirlashga urinadi. Ya’ni u ishora qilayotgn oshiqlar she’rda yo‘q, faqat bitta “men” tilidan ularning matlabi bayon qilinadi. Umrlarini ishq yo‘lida yo‘qlikka, hechlikka sarflagan oshiqlar she’rda ham alohida vujud sifatida aytilmaydi.

***

Musiqa — chegarani, millatni, tilni, dinni, qalbni ijratmaydi. Shoir aytganiday, siz Toshkentning qoq markazidagi Brodvey maydonida bo‘lsangiz ham quloqchinlar quloqlarignizga najib dunyodan xabar tashib, sizni qadim Sharqqa yetkalab ketishga qodir. (“Ichimdagi urushlar” she’ri). Faqat musiqaning o‘rtasidan bo‘ladigan “uzxits nuqta net” degan ovozlar sizni zamonaga qaytarib keltirib qo‘yadi. Ungacha “Youtube” platformasidagi “Farscha sharqilar” o‘zanlari bo‘ylab Muhammad Rizoyi Lutfiy, Mu’in, Siymo, Аbdulhay Vafo va Аjmal Porsoqo‘shiqlari orqali Hofiz yurti Sheroz tomonlarga ergashib ketasiz. Keyin sizga bir oltinsoch yigit qo‘lida gitara ko‘targancha kelib qoladi va yana ajnabiy tilde qo‘shiq boshlaydi: “Аy nov yu von mi tu, ay nov yu von mi (I know You want me too).

Shoir shu oltinsoch bola “Ra’no”ni bir aytib bersa, Botir Zokirov hurmati Amir Temur maydonida ahmad Yugnakiy dahasigacha piyoda tinglab ketishga-da rozi. Uning ichdagi urushlar shu bilan tugamaydi bir tomonda Lev Nikoleyevich, Jek London, Frans Kafka, Rey Bredberi bilan chiqib suhbatga qo‘shiladi. Bu xayolchanliklar, bu ichdagi urushlarning sababibi shoir shunday izohlaydi: “sevib qolganga o‘xshayman…”. Bu ohanglar, bu musiqiylik Mansur Jumayevning she’riy uslubining bir qismiga aylanib qolayotganini “Manov osmon…”, “Hayrat qo‘shig‘i”, “Alif layla va va layla” kabi she’rlaridan ham ko‘rish mumkin.  

***

Faraz qiling, bekatda o‘tiribsiz. Kimdir avtobus, kimdir taksi kutyapti. Bir odam xayolchan. Xavotirli. U kutgan ulov kelish-kelmasligini o‘ylab ilhaq. Uning kutayotgani, avtobus yoki taksi emas, Nuh kemasi. Dunyo loyqaliklaridan to‘ygan Nuhning kemasini kutayotgan odam. Afsuski, hozir XXI asrning 3-mingyilligi. Nuh kemasi qayda? Ehtimol, she’r shoir uchun vaqtinchalik Nuh kemasi vazifasini bajaruvchi (v.b.)dir. Ehtimol, Nuh kemasini kutayotgan odam uchun iymon va ishqi sabab najot topish yo‘li She’rdir. Ehtimol… Ehtimol…

Suhrob ZIYO


"Haytar qo'shiqlari" kitobini shu yerdan yuklab olishingiz mumkin: https://n.ziyouz.com/kutubxona/category/7-o-zbek-zamonaviy-she-riyati?download=13500:mansur-jumayev-hayrat-qo-shiqlari-2021


Report Page