NORASIDA(LAR) NOLASI…
"Samarqand yoshlari" gazetasi“Andijonda 5 yoshli qizchani zo‘rlab, keyin uni o‘ldirgan pedofil…”, “pedofil qo‘shnisining uyidagi yerto‘ladan topildi…”, “yosh bolalarni axloqsiz harakatlar qilishga majburlagan pedofil…”, “Xorazmdagi pedofil-amaldorlar”…
Oxirgi paytlarda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq xabarlarga kunda kunora duch kelyapmiz. Bu jinoyatlarning asosiy sababchilari esa “pedofil” deb ataluvchi, ruhiy jihatdan nosog‘lom kimsalardir.
“Namangan viloyatida 38 yoshli pedofilning 7 yoshli qizchani zo‘rlagani”, yana bir holatda esa “koloniyadan qochgan shaxsning 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlagani” haqidagi xabarlar jamoatchilikni larzaga soldi. Biz eshitayotganlarimizdan tashqari e’tibordan chetda qolganlari qancha deysiz?! Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatimizda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan 257 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Xalqaro miqyosda ham O‘zbekiston bu borada og‘ir holatda: 2022-yilgi hisobotda bolalarni jinsiy ekspluatatsiyadan himoya qilish indeksi bo‘yicha mamlakatimiz 59 ta davlat ichida 58-o‘rinni egallagan. Tibbiy tomondan qarasak, pedofiliya bu psixoseksual buzilish. Inson jinsiy qiziqishini balog‘atga yetmagan bolalarga qaratadi. Bu ruhiy kasallikning ildizi ko‘pincha, o‘z vaqtida davolanmagan travmalarda, zo‘ravonlik tarixida yoki yakkalanib yashashda yotadi. Ammo bu “kasallik” hech qachon jinoyatni oqlay olmaydi.
Huquqiy jihatdan esa “pedofil”ning harakati bu zo‘rlash, tajovuz, ya’ni eng og‘ir jinoyatlardan biri. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida bunday harakatlar uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish, ayrim hollarda esa umrbod qamoq jazosi belgilangan. Ammo bu jazo turi uning oqibatini yengillashtirmaydi. Aksincha, kimningdir ming orzu-havaslar ila o‘stirayotgan murg‘ak dilbandining kelajagini barbod qilib, jamiyat orasida ishonchsizlik hamda qo‘rquvni kundan-kunga oshiryapti. Bunday shafqatsiz shaxslar nafaqat bitta oilani, balki butun jamiyatni buzyapti. Ayrim davlatlarda, jumladan, Qozog‘istonda pedofillar qamalgandan so‘ng ozodlikka chiqishidan 6 oy oldin tibbiy kastratsiya (bichish) amaliyotidan o‘tkaziladi. Bu choralar inson huquqlariga zid emas, balki bolalar huquqlarini, ularning kelajagini himoya qilish yo‘lida qabul qilingan qaror hisoblanadi. O‘zbekistonda ham bunday og‘ir jinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish, “pedofil”larga nisbatan qat’iy munosabatni qonuniy yo‘l bilan joriy etish zarurati allaqachon “pishib yetildi”.
Bugun ota-onalar, maktab, davlat va jamiyat bolalar xavfsizligini himoya qilishda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kerak. Eng avvalo, bunday holatlarning oldini olishda onalarning roli beqiyos. Bolani himoya qilish faqat huquq-tartibot organlarining vazifasi emas, har bir ota-onaning, o‘qituvchining, fuqaroning burchidir. Bolaga yoshligidan tanasining daxlsizligi haqida ochiq aytilishi, himoyalanish choralarini o‘rgatish, internet va telefon orqali begona shaxslar bilan aloqani nazorat qilish zarur. Axir har bir bolaning bolaligi, beg‘uborligi, ishonchi bu bir jamiyatning kelajagidir.