NOBEL MUKOFOTI LAUREATINING MIRZO ULUG‘BEKKA MAKTUBI

NOBEL MUKOFOTI LAUREATINING MIRZO ULUG‘BEKKA MAKTUBI

March 22, 2024

Bu kun buyuk qomusiy olim, Amir Temurning nabirasi, “astronomiya shahzodasi” Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi jahon hamjamiyati tomonidan keng nishonlanmoqda. Ushbu muhim voqea arafasida “Samarkandiana” ensik­lopedik loyihasiga dunyoning turli davlatlari tomonidan katta qiziqishlar bildirilyapti.

 Shveytsariyalik taniqli astrofizik, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Mishel Mayor Samarqand xalqaro tex­nologiya universiteti qoshida yangi tashkil etilgan “Inson. Madaniyat. Tinchlik” xalqaro ilmiy va o‘quv markazi tomonidan o‘tka­zilishi rejalashtirilayotgan shu nomdagi xalqaro dasturda qatnashish haqidagi taklifimizni mam­nuniyat bilan qabul qildi.

U loyihamizga yo‘llagan javob xatida shun­day yozadi: “Bildirgan tilaklaringiz uchun ta­shak­kur! Bu xabarga shaxsan Ulug‘bekka murojaat qilib yozgan maktubimni ilova qilaman. “Samarkandiana” ensiklopedik lo­yihasi muvaf­faqiyatli davom etmoqda, degan umiddaman va barchangizga ezgu tilaklarimni izhor etib qolaman”.

Uning bizga yuborgan suratlaridan birida shun­day yozuvga ko‘zimiz tushadi: “Mening buyuk va mashhur hamkasbim Mirzo Ulug‘bek izidan. Mishel Mayor”.

Loyihamizning yangi ishtirokchisi haqida biroz to‘xtalsak. Mishel Mayor dunyoga dong‘i ketgan mashhur olimlardan hisoblanib, u “Quyosh ortidagi dunyo kashfiyotchisi” va “Yulduzlar ovchisi” nomlari bilan tanilgan.

Jeneva universitetining faxriy professori Mi­shel Mayor xalqaro Astronomiya ittifoqining ga­laktik tizimning tuzilishi va dinamikasi, quyosh ortidagi sayyoralarni o‘rganish borasida tuzilgan hamjamiyatiga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, Yevropa janubiy observatoriyasining ilmiy-texnika qo‘mitasi hamda Astrofizika va astronomiya fanlari bo‘yicha Shveytsariya jamiyati rahbari, Jeneva rasadxonasi direktori kabi qator nufuzli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Shuningdek, professor pedagogik va ilmiy-ma’rifiy faoliyatga ham katta e’tibor qaratgan. Aytish mumkinki, uning mukofotlari va unvonlari to‘liq sanalsa, aziz o‘quvchimizning ko‘p vaqtini olishga to‘g‘ri keladi. Ahamiyatlisi, hatto butun boshli asteroidga uning (125076 Mishelmayor) nomi berilgan. Olim o‘zining Nobel ma’ruzasini quyidagicha nomlagan: “Koinotdagi ko‘p olamlar: antik davr orzusi, astrofizikaning zamonaviy haqiqati”.

1995-yil 6-oktyabrda professor aspirantlaridan biri Dide Quyeloz bilan hamkorlikda Quyosh tizi­midan tashqaridagi birinchi sayyorani – Somon yo‘li galaktikasida Quyoshga o‘xshash yulduzni aylanib yuruvchi Pegas ekzo­sayyorasini kashf etdi. Ekzosayyoralar tushunchasi paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan ushbu inqilobiy kashfiyot uchun har ikkala olim ham Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Mashhur “Ziji Ko‘ragoniy” asari muallifiga Jene­va­dan yo‘llangan maktubda quyidagi fikrlar bil­dirilgan:

“Mirzo Ulug‘bekka! Sizning hukmronlik qilgan yillaringizda Samarqandda yaratilgan Pegas yulduz­lar turkumining tasviri naqadar go‘zal! Mening qalbimga judayam yaqin bo‘lgan samoviy bu hududda birinchi kashf etilgan ekzosayyora – Pegas 51 joylashgan. Biz osmonni tadqiq etishni chin ko‘ngildan yaxshi ko‘rgan siz kabi buyuk hamkasbimiz xotirasini qadrlab kelmoqdamiz. Men Siz bilan suhbatlashishni va Siz ijod qilgan davrlardan beri qancha yutuqlarga erishganimiz haqida aytib berishni juda xohlardim. 

Mirzo Ulug‘bek, koinotni o‘rganishimizga qo‘sh­gan benihoya hissangiz uchun Sizga chek­siz ehtiromimni bildiraman.

Mishel Mayor, Jeneva universiteti astronomiya professori, fizika fanlari bo‘yicha

Nobel muko­foti laureati”.

Eslatib o‘tamiz: 2022-yilda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ishtirokida va “Eriell” kompaniyalar guruhi ko‘magida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asarining nodir nashri tayyorlandi va mazkur asar o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida nashr etildi.

Anatoliy IONESOV, “Samarkandiana” ensiklopedik loyihasi muallifi.

Asila IBRAGIMOVA, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti matbuot kotibi.

Suratlar Mishel Mayor tomonidan taqdim etilgan

 “Jadid” gazetasi 2024-yil 22 -mart 13-son




Report Page