NIZOM
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali Matbuot xizmati“Yoshlar Vatan xizmatida rostgo’ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzusida akademik lisey va kollejlar o’quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida ijodiy ishlar tanlovini o’tkazish to’g’risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga murosasizlik tuyg’usini shakllantirish, shu jumladan, yoshlar ongida korrupsiyaga qarshi immunitetni kuchaytirish maqsadida tashkil etiladigan ijodiy ishlar tanlovini (bundan keyingi o’rinlarda – tanlov deb yuritiladi) o’tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlovning asosiy maqsadi – yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha bilimlarini yanada mustahkamlash va amaliy ko’nikmalarini rivojlantirish, ularni O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularning o’z iqtidorlari va ijod mahsullarini namoyish etish uchun imkoniyat yaratish, shuningdek yoshlar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishdan iborat.
3. Tanlovning vazifalari quyidagilardan iborat:
- yoshlar huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ularning jamiyat hayotida o’z o’rinlarini topishga ko’maklashish;
- yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda qonunga itoatkorlik hissini kamol toptirish;
- ijodkor yoshlarni izlab topish, ularni qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish;
- yosh avlodni har tomonlama sog’lom va barkamol etib tarbiyalash, o’z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qo’llab-quvvatlash.
- ta’lim tizimida korrupsiyaning har qanday ko’rinishiga barham berishga erishish;
- yoshlarning korrupsiyaning salbiy oqibatlaridan xabardor etish va ushbu illatga nisbatan murosasizlikni vujudga keltirish.
4. Tanlov akademik liseylar va kollejlar o’quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.05.2019 yildagi “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-5729-son Farmoni va BMT Taraqqiyot dasturining “O’zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi ijrosi yuzasidan “Yoshlar Vatan xizmatida rostgo’ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzusida “Eng yaxshi plakat” va “Eng yaxshi surat” nominasiyalarida o’tkaziladi.
II. Tanlovni tashkil etish, o’tkazish va g’oliblarni aniqlash
5. Tanlov har yili an’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotganligini inobatga olib, tanlovning bu yilgisi joriy yilning 23 noyabr kunidan 3 dekabr sanasiga qadar o’tkaziladi.
6. Tanlov uch guruh kesimida o’tkaziladi:
birinchi guruh – akademik lisey o’quvchilari o’rtasida;
ikkinchi guruh – kasb-hunar kollej o’quvchilari o’rtasida;
uchinchi guruh – oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida.
7. Tanlovni o’tkazishga akademik lisey va kollejlar, hududiy kasb-hunar ta’limi markazlari, oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, shuningdek Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli xodimlari mas’ul hisoblanadi.
8. Tanlovni o’tkazish muddatlari, joyi, taqdirlash va tanlov bilan bog’liq boshqa tashkiliy-huquqiy masalalar bilan mutasaddi vakillardan tarkib topgan tashkiliy qo’mita shug’ullanadi.
9. Tanlov g’oliblarini aniqlash bo’yicha professor-o’qituvchilar, soha mutaxassislari, olimlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda hakamlar Hay’ati tuziladi.
10. Ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar hakamlar Hay’ati tomonidan tanlov shartlari va mezonlari asosida baholanadi.
11. Tanlov g’oliblar aniqlash haqidagi tanlov hay’atining qarori ochiq ovoz berish orqali ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo’lib qolgan taqdirda hay’at raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
12. Tanlov natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma barcha hay’at a’zolari tomonidan imzolanadi.
III. Tanlovni baholash mezonlari
13. Tanlovga taqdim etiladigan plakatlar quyidagi mezonlarda baholanadi:
- mavzuning mazmun-mohiyati to’laqonli ochib berilganligi ;
- plakat chizish mahorati, ranglardan to’g’ri foydalana olish, tasviriy san’at elementlari va zamonaviy texnologiyalarni qo’llay olish qobiliyati;
- plakatdagi mantiqiylik, ishtirokchining dunyoqarashi, fikrlash doirasi va e’tiborni jalb qila olish xususiyati;
- plakat mazmuni, uning yuqoridagi mavzular bo’yicha qamrovi, unga bog’liq bo’lgan jarayonlarni aks ettirish darajasi;
- plakatning o’ziga xosligi, boshqa rasmlardan ajratib turadigan jihatlari.
Tanlovga taqdim etiladigan plakatlari hajmi A2 o’lcham (format)dan kichik bo’lmasligi (60x90 dan 80x100 sm.gacha xajmda) qabul qilinadi. Plakatlar qo’lda chizilgan ko’rinishida qabul qilinadi.
14. Tanlovga taqdim etiladigan surat quyidagi mezonlarda baholanadi:
- mavzuning mazmun-mohiyati to’laqonli ochib berilganligi;
- surat mazmuni, uning yuqoridagi mavzular bo’yicha qamrovi, unga bog’liq bo’lgan jarayonlarni aks ettirish darajasi;
- mavzuni yoritishda ranglardan foydalanganlik darajasi va ijodkorlarning yoshiga mos tanlovlari;
- mavzuni yoritishda o’ziga xos ijodkorlik xususiyatlari ifoda etilganligi;
- mavzuni yoritishda hayotiy misollardan keng foydalanilganligi.
Tanlovga taqdim etiladigan plakatlari hajmi A2 o’lcham (format)dan kichik bo’lmasligi (60x90 dan 80x100 sm.gacha xajmda) qabul qilinadi. Suratlar qo’lda chizilgan ko’rinishida qabul qilinadi.
IV bob. Tanlov g’oliblarini taqdirlash
15. Tanlov g’oliblari haqidagi ma’lumotlar Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Tegishli nominasiya bo’yicha g’olib bo’lgan nomzodlar shaxsan xabardor qilinadi.
16. G’oliblarni taqdirlash uchun sovg’alar tanlov boshlanishidan oldin respublika tashkiliy qo’mitasi tomonidan belgilanadi va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
17. G’oliblarning diplomlari Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi va O’zbekiston Yoshlar ittifoqi rahbarlari tomonidan imzolanadi.
18. G’oliblarga va boshqa ishtirokchilarga homiylar tomonidan ta’sis etiladigan boshqa qimmatbaho sovg’alar berilishi mumkin.
19. Tanlov natijalarini e’lon qilish hamda g’oliblarni taqdirlash, qoida tariqasida, “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” arafasida tanlov hay’ati a’zolari, ishtirokchilar, ijodiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilingan holda amalga oshiriladi.
Tanlov g’oliblari va sovrindorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
V bob. Yakuniy qoidalar
20. Nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan materiallar bo’yicha izoh yoki sharh berilmaydi va ular egalariga qaytarilmaydi.
21. Tanlov ishtirokchilarining tanlovlarda hamda taqdirlash marosimida ishtirok etish bilan bog’liq xarajatlari ularning o’z mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.