NIZOM
Nurjahon ShodmonovaOʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorining 2026-yil 18-martdagi 88/11-08-son buyrugʻiga 3-ilova
Universitet talabalari o‘rtasida “Eng yaxshi fotoalbom” tanlovini o‘tkazish
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026 yil 2 martdagi 77-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari o‘rtasida “Eng yaxshi fotoalbom” nominatsiyasi bo‘yicha tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov talabalarning ijodiy faolligini oshirish, ularning fotografiya san’atiga bo‘lgan qiziqishini rivojlantirish, milliy qadriyatlar va umumxalq bayramlarining g‘oyaviy-ma’naviy mazmunini keng targ‘ib qilish, xususan Navro‘z umumxalq bayrami, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi kuni hamda Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritish, shuningdek universitet hayotini aks ettiruvchi ijodiy ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi.
3. Mazkur Nizom tanlov ishtirokchilari, tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari, g‘oliblarni aniqlash hamda rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
4. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish ishlari universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, fakultet dekanatlari hamda boshqa tegishli bo‘linmalar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
II. Tanlovning maqsad va vazifalari
5. Tanlovning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
talabalarning fotografik mahorati va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
milliy an’analar, urf-odatlar va umumxalq bayramlarini targ‘ib qilish;
talabalarning estetik didi va badiiy tafakkurini shakllantirish;
universitet hayoti va talabalar faoliyatini ijodiy tarzda aks ettirish;
iqtidorli va ijodkor talabalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash.
6. Tanlovning vazifalari:
talabalar o‘rtasida fotografiya san’atini ommalashtirish;
talabalarning ijtimoiy va madaniy faolligini oshirish;
universitetda o‘tkazilayotgan madaniy va ma’rifiy tadbirlarni keng yoritish.
III. Tanlov ishtirokchilari
7. Tanlovda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalari ishtirok etish huquqiga ega.
8. Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriy hisoblanadi hamda ishtirokchilar yakka tartibda yoki jamoaviy (2–3 nafar talabadan iborat) tarzda qatnashishlari mumkin.
9. Har bir ishtirokchi yoki jamoa tanlovga faqat bitta fotoalbom taqdim etishi mumkin.
10. Tanlovga taqdim etilgan fotosuratlar ishtirokchilarning shaxsiy ijodiy ishlari bo‘lishi hamda mualliflik huquqiga rioya etilgan holda tayyorlangan bo‘lishi shart.
IV. Tanlovni o‘tkazish tartibi
11. Tanlov universitet miqyosida belgilangan muddatlarda tashkil etiladi.
12. Tanlovga taqdim etiladigan fotoalbom kamida 10–15 ta fotosuratdan iborat bo‘lishi lozim.
13. Fotoalbomlarda quyidagi mavzular qamrab olinishi mumkin:
umumxalq bayramlari;
milliy qadriyatlar va an’analar;
talabalar hayoti;
universitetda o‘tkazilayotgan madaniy, ma’rifiy va ijtimoiy tadbirlar.
14. Fotoalbomlar elektron yoki bosma ko‘rinishda tanlov tashkilotchilariga belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
V. Tanlov ishlarini baholash
15. Tanlov ishlarini baholash uchun universitet rahbariyati tomonidan mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati (ekspertlar komissiyasi) tashkil etiladi.
16. Fotoalbomlar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
kompozisiya va kadr tanlash mahorati;
tanlangan mavzuning mazmunli yoritilishi;
fotosuratlarning badiiy va estetik sifati;
ijodiy yondashuv va originallik;
fotoalbomning umumiy konsepsiyasi.
VI. Gʻoliblarni aniqlash va rag‘batlantirish
17. Tanlov natijalari hakamlar hay’ati tomonidan chiqarilgan qaror asosida aniqlanadi.
18. Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:
Yakka tartibdagi ishtirokchilar uchun:
1-o‘rin - bazaviy stipendiyaning ikki barobari miqdorida pul mukofoti va diplom;
2-o‘rin - bazaviy stipendiyaning bir yarim barobari miqdorida pul mukofoti va diplom;
3-o‘rin - bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdorida pul mukofoti va diplom.
Jamoaviy ishtirokchilar uchun:
• 1-o‘rin - jamoaning har bir a’zosiga bazaviy stipendiyaning ikki barobari miqdorida;
• 2-o‘rin - jamoaning har bir a’zosiga bazaviy stipendiyaning bir yarim barobari miqdorida;
• 3-o‘rin - jamoaning har bir a’zosiga bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdorida.
Faol ishtirokchilar universitet tomonidan diplom bilan taqdirlanadi.
19. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra tanlov ishtirokchilari qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanishi mumkin.
VII. Yakuniy qoidalar
20. Tanlov natijalari universitetning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinadi.
21. Tanlovda g‘olib deb topilgan fotoalbomlar universitet tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmalarda, madaniy tadbirlarda hamda axborot resurslarida namoyish etilishi mumkin.
22. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar mazkur Nizom va universitet rahbariyatining tegishli qarorlari asosida amalga oshiriladi.