NIZOM

NIZOM

Nurjahon Shodmonova

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorining 2026-yil 18-martdagi 88/11-08-son buyrugʻiga 10-ilova

Universitet talabalari o‘rtasida “Eng yaxshi qo‘shiq” tanlovini o‘tkazish

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026 yil 2 martdagi 77-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari o‘rtasida musiqiy ijodkorlikni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqildi.

2. Mazkur Nizom universitet talabalari o‘rtasida Navro‘z umumxalq bayrami, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi kuni hamda Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan “Eng yaxshi qo‘shiq” nominatsiyasi bo‘yicha tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibini, ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar, baholash mezonlari, shuningdek g‘oliblarni aniqlash va rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.

3. Tanlov talabalarning musiqiy qobiliyatlarini rivojlantirish, milliy musiqa san’atini targ‘ib qilish, shuningdek iqtidorli yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbir hisoblanadi.

4. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish ishlari universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda tegishli fakultetlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

II. Tanlovning maqsad va vazifalari

5. Tanlovning asosiy maqsadi talabalar o‘rtasida musiqiy ijodkorlikni rivojlantirish va milliy musiqa san’atini targ‘ib qilishdan iborat.

6. Tanlovning vazifalari quyidagilardan iborat:

 milliy musiqa madaniyatini ommalashtirish;

 yosh iste’dod va ijodkor talabalarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash;

 talabalarning sahna madaniyati va ijro mahoratini rivojlantirish;

 universitet talabalari o‘rtasida madaniy va ijodiy muhitni shakllantirish.

III. Tanlov ishtirokchilari

7. Tanlovda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalari ishtirok etish huquqiga ega.

8. Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriy hisoblanadi hamda ishtirokchilar yakkaxon yoki jamoa shaklida qatnashishlari mumkin.

9. Jamoa tarkibi odatda 2–5 nafar ishtirokchidan iborat bo‘lishi mumkin.

10. Har bir ishtirokchi yoki jamoa tanlovga bitta musiqiy asar (qo‘shiq) bilan ishtirok etadi.

IV. Tanlovni o‘tkazish tartibi

11. Tanlov universitet miqyosida belgilangan muddatlarda tashkil etiladi.

12. Tanlov ishtirokchilari quyidagi mavzular asosida qo‘shiqlar ijro etishlari mumkin:

 Vatan va vatanparvarlik;

 milliy qadriyatlar va an’analar;

 umumxalq bayramlari;

 yoshlar va talabalar hayoti.

13. Tanlovda ishtirokchilar qo‘shiqlarni jonli ijro (live) tarzida ijro etishlari shart.

14. Tanlov dasturi konsert yoki sahna ko‘rinishida tashkil etiladi va ishtirokchilar o‘z ijodiy chiqishlarini hakamlar hay’atiga taqdim etadilar.

V. Tanlov ishlarini baholash

15. Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun universitet rahbariyati tomonidan mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tashkil etiladi.

16. Tanlov ishtirokchilari quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

 ovoz imkoniyatlari va diapazoni;

 ijro mahorati;

 sahna madaniyati;

 musiqiy asarning mazmundorligi;

 ijodiy yondashuv va artistizm.

VI. Gʻoliblarni aniqlash va rag‘batlantirish

17. Tanlov natijalari hakamlar hay’ati qarori asosida aniqlanadi.

18. Tanlovning yakkaxon g‘oliblari quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:

 1-o‘rin - bazaviy stipendiyaning ikki barobari miqdorida pul mukofoti va diplom;

 2-o‘rin - bazaviy stipendiyaning bir yarim barobari miqdorida pul mukofoti va diplom;

 3-o‘rin - bazaviy stipendiya miqdorida pul mukofoti va diplom.

Jamoaviy ishtirokchilar uchun:

 1-o‘rin - jamoaning har bir a’zosiga bazaviy stipendiyaning ikki barobari miqdorida;

 2-o‘rin - jamoaning har bir a’zosiga bazaviy stipendiyaning bir yarim barobari miqdorida;

 3-o‘rin - jamoaning har bir a’zosiga bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdorida.

19. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra tanlov ishtirokchilari qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanishi mumkin.

VII. Yakuniy qoidalar

20. Tanlov natijalari universitetning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinadi.

21. Tanlovda g‘olib deb topilgan ijrolar universitetda tashkil etiladigan madaniy tadbirlar, konsert dasturlari va bayram tadbirlarida namoyish etilishi mumkin.

22. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar mazkur Nizom va universitet rahbariyatining tegishli qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Report Page