NEO KITOBXON
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yoshlar o‘rtasida “NEO KITOBXON” viloyat tanlovini (keyingi o‘rinlarda – Tanlov) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
3. Tanlovni o‘tkazishda Buxoro viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi, Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat Axborot-kutubxona markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Buxoro viloyati bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat bo‘linmasi hamkorlik qiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qat’iy nazar 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega. Bunda, “NEO KITOBXON” tanlovlarida 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilar kelgusi oylarda Tanlovda ishtirok eta olmaydi, Ishtirokchilar talabidan kelib chiqib, ularning Tanlov jarayonida qoraqalpoq va rus tillaridan foydalanishiga ruxsat beriladi.
5. Tashkiliy qo‘mita Tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
II. Tanlovning maqsad va vazifalari
6. Yozgi ta’til vaqtida umumta’lim maktablari o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
7. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi: yoshlarni kitob o‘qishga da’vat etish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish; yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish; qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, 2 madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash; yoshlarni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish.
III. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari
8. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Tashkiliy qo‘mita zimmasiga yuklatiladi.
Tashkiliy qo‘mita:
tanlovni o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;
ekspertlar komissiyasi va hakamlar hay’ati tarkibini tasdiqlaydi;
adabiyotlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
tanlovning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;
barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;
tanlov o‘tkazish borasida oshkoralikni ta’minlaydi;
tanlov ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;
mazkur Nizomga asoslangan holda tanlovni o‘tkazilishini tashkil etadi.
9. Tanlovga tuman va shaharlardagi umumta’lim maktablaridan 1 ta jamoa (6 nafar ishtirokchi) ishtirok etadi.
10. Tanlov ikki bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqich tanlovning tuman va shahar bosqichi bo‘lib, quyidagi 1 ta shart asosida o‘tkaziladi:
Tanlov shartiga ko‘ra o‘zbek va jahon adabiyotiga oid 3 ta kitobdan tuzilgan (kitoblar ro‘yxati har oyda yangilanib boriladi) 30 ta savollarga yozma javob berishadi.
Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 balldan belgilanadi. Natijalariga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan 1 ta jamoa (1 tadan ko‘p jamoa o‘rtasida qayta savol berish orqali saralanadi) keyingi (ikkinchi) bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Ikkinchi bosqich tanlovning Buxoro viloyati bosqichi bo‘lib, quyidagi 2 ta shart asosida o‘tkaziladi:
1-shart.
Ushbu shartda o‘quvchilar adabiyotlar ro‘yxatidan tuzilgan har bitta savol o‘qilishi bilan 1 daqiqa ichida yozma tarzda javob berishadi. Jami savollar 25 ta bo‘lib, har bitta to‘g‘ri javob uchun 4 balldan beriladi. Mazkur shart 100 ballgacha baholanadi.
2-shart.
Ushbu shartda Ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan adabiyotlardan tuzilgan 5 ta savolga javob berish so‘raladi.
Ishtirokchilar savollarni bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt ajratilmaydi, savol o‘qilishi bilan 10 soniya ichida javob berishi lozim, javoblar uchun 2 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baholanadi.
11. Tanlovning tuman(shahar) va viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tadigan joyi, sanasi Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi hamda 3 kun oldin ishtirokchilarga ma’lum qilinadi.
12. Barcha shartlar bo‘yicha umumiy ballar qo‘shib hisoblanganda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan jamoa tanlov g‘olibi deb topiladi. Agar jamoalar o‘rtasida umumiy to‘plangan ballar teng kelib qolgan taqdirda, I, II va III o‘rinlarni taqsimlash Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan hal etiladi. Bunda ballari teng kelib qolgan jamoalarga qo‘shimcha 1 tadan savollar beriladi. Shundan so‘ng ham ularning javoblari bir xil chiqsa, bu jarayon g‘olib aniqlangunga qadar davom etadi.
IV. G‘oliblarni taqdirlash
13. Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
Tanlovning tuman (shahar) hamda viloyat bosqichi g‘oliblari esdalik sovg‘a va diplom bilan taqdirlanadi.
V. Yakuniy qoidalar
14. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Buxoro viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi mablag‘lari hisobidan;
Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mablag‘lari hisobidan;
mas’ul ijrochilarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.