"NAVOIY ZIYOSI"
O‘zbek xalqining mutafakkir shoiri, jahon adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan so‘z mulkining sultoni, davlat arbobi Mir Alisher Navoiy o‘zining bitmas tuganmas, umrboqiy asarlari ila adabiyot ixlosmandlari ko‘nglidan joy oldikim, mana necha asrlarkim uning boy ma’naviy merosi ma’naviyatimiz beshigini tebratib kelmoqda.
Darhaqiqat, mana bu yil Navoiy bobomiz tavalludining 582 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan shoirga ehtirom ko‘rsatilib, uning ruhini shod aylab turli adabiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 8-fevral kuni Qorovulbozor tumanidagi 4-umumta’lim maktabida 6-9-sinf o‘quvchilari ishtirokida "Navoiy ziyosi" deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Assalom, Navoiy, g‘azal sultoni
Yetubdur suhbatingiz olmoq mahali.
Siz-la diydorlashmoq so‘z istak edi,
Muborak yoshingiz bir imkon berdi.
Buyuk tog‘lar ichra bo‘lib buyukroq,
Suyuk tog‘lar ishra bo‘lib suyukroq
Navoiy ko‘rinar ko‘zimga mening,
Nafasi urilar yuzimga mening..
Navoiy so’z mulkida yagona sulton,
Turkiygo’y shoirlar bazmini qurdi.
O’z ona tilida terib injular,
Qalblarga umrbod muhrlab qo’ydi.
O'quvchilar tomonidan Alisher Navoiy hayotidan lavhalar mohirona ijro etildi.
Navoiy betakror va boqiy siymodir. Uning yaratgan asarlari samodek tiniq, tongdek shaffof, musiqiy ohanglar bilan yo’g’rilgan. Asarlarini o’qir ekanmiz, har bir satridan o’z xalqiga, insoniyatga cheksiz mehrini, u bilan bir jon bir tan ekanligini anglash qiyin emas.
Navoiy jozibador baytlari bilan inson bolasiga o’z san’atkorligi ila so’zning sehrini, hayotning ma’nosini, saodatning eshigini ochib berdi.. Bu gulshanda saodatning kaliti odamlarga yaxshilik qilishda, to`g`rilikda ekanligini anglatdi.
Alisher Navoiy lirikasi o’rta asrlar o’zbek lirikasining eng yuksak bosqichini tashkil etadi. Ulug’ shoir o’zigacha rivojlanib kelgan lirik she’riyatni mavzu, g’oya, vazn va badiiy uslub jihatlarini ulkan mehnat va mahorat bilan misli ko’rilmagan darajada takomillashtirdi.
Navoiy turkiy va forsiy tillarda birday mahorat bilan qalam tebratgan zabardast zullisonayn shoir edi. U o’zbek adabiyotida she’riy devon yaratish an’anasini ham haddi a’losiga ko’tardi.
O'quvchi qizlar tomonidan Alisher Navoiy g'azallariga kuylangan qo'shiqlar ijrosida raqs ijro etildi.
Biz shunday ulug’ mutaffakir shoirimiz borligidan faxrlanamiz, iftixor qilamiz, bugungi adabiy kechamiz Navoiyga, she’riyat dahosiga, bo’lgan ehtiromimizning bir ko’rinishidir.Bugun oz bo’lsa ham Navoiy bobomizni ruhini shod eta olgan bo’lsak o’zimizni baxtiyor hisoblaymiz. Biz ham bobomizdek o’qish, ilm olish, o’rganish, komil inson bo’lishga harakat qilamiz.
Qorovulbozor tumani 4-umumiy o'rta ta'lim maktab Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari M.Hafizova
Ijodiy-madaniy masalalar targ'ibotchisi E.Amonova
Ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi S.Hasanova