NAVOIY VILOYATI HOKIMI, SENATOR NORMAT TURSUNOVNING O‘ZBEKISTON 22 MART MAHALLA TIZIMI XODIMLARI KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

NAVOIY VILOYATI HOKIMI, SENATOR NORMAT TURSUNOVNING O‘ZBEKISTON 22 MART MAHALLA TIZIMI XODIMLARI KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

https://t.me/navoiuz_official Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.
FOTO - Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!

 

So‘zim avvalida barchangizni yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman hamda sizlarga o‘zimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildiraman.

Hurmatli Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan mahallalarimiz go‘zal va betakror Vatanimizda tinchlik va ahillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz”.

Darhaqiqat, mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.

Keyingi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bingina viloyatimiz misolida aytadigan bo‘lsak, o‘tgan 2022 yilda mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 42 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari yangidan qurildi, 62 tasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Viloyatdagi 330 ta mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi. 2023 yilda 19 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolari yangidan qurilishi rejalashtirilgan.

Mahalla tizimi xodimlarining jamiyatda ma’naviy muhit barqarorligini, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi xizmatlarini viloyatimiz ahli yaxshi biladi va qadrlaydi.

Xususan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhit asoslarini mustahkamlash maqsadida o‘tgan yili mahalla faollari ko‘magida ajralish yoqasiga kelib qolgan 115 ga yaqin oila yarashtirilgani, 250 dan ziyod oilaning notinchligiga barham berilgani, 87 taga yaqin mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani, namunali mahallalar soni 75 taga yetgani albatta tahsinga loyiqdir.

 

Aziz vatandoshlar!

 

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi rolini yanada oshirish borasida bu yil ham Hurmatli Prezidentimiz tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Jumladan, mahalla fuqarolar yig‘iniga o‘zi joylashgan hududdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalariga takliflar kiritish, kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun mahalla raisi tomonidan muhokamalar o‘tkazish, har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, “mahalla nazorati” va “mahalla raisi so‘rovi” institutlari joriy etiladi.

Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla byudjeti” tizimi o‘rnatilib, mol-mulk va yer solig‘ining bir qismini mahallalarning o‘zida qoldirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa mahallalarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu tajribaning amaliy natijalariga qarab, kelgusida uni butun respublikamizda yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.

 

Qadrli do‘stlar!

 

Yurtimizda Navro‘z nafasi kezib yurgan mana shunday shukuhli onlarda yana bir bor sizlarni Mahalla tizimi xodimlari kuni hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan qutlayman!

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, mahallalarimizni yanada obod va farovon qilishda sizlarning kuch-g‘ayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingiz bizga ulkan ko‘mak bo‘lishini e’tirof etar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli faoliyatingizda omad va muvaffaqiyatlar tilayman!


Report Page