NAVOIY VILOYATI HOKIMI, SENATOR NORMAT TURSUNOVNING NAVRO‘ZI OLAM MUNOSABATI BILAN VILOYAT AHLIGA BAYRAM TABRIGI

NAVOIY VILOYATI HOKIMI, SENATOR NORMAT TURSUNOVNING NAVRO‘ZI OLAM MUNOSABATI BILAN VILOYAT AHLIGA BAYRAM TABRIGI

https://t.me/navoiuz_official Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.
FOTO - Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.


Aziz yurtdoshlar!

Nuroniy otaxonlar va muhtaram onaxonlar, munis opa-singillar, qadrli aka-ukalar!

Xalqimizning kelajagi bo‘lgan navqiron yoshlar!

 

Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan go‘zallik, yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Ayni kunlarda ushbu bayram butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida, qishloqlarida, mahalla va ovullarida ham «Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ulkan zavq-shavq va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.

Mana shu shukuhli va murodbaxsh lahzalarda barchangizni insoniyatga ezgu qadriyatlar ulashuvchi, tinchlik va birdamlikka da’vat etuvchi ushbu ayyom bilan tabriklayman.

Millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi O‘zbekistonda Navro‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib borayotgani ayni haqiqatdir.

Asrlar mobayinida hayotimizning mazmuniga aylanib ulgurgan bu serxosiyat bayram ma’naviy va madaniy qadriyatlarimizning asosiy tamoyili, ajdodlarimizning bebaho merosini o‘zida namoyon etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zero, Navro‘z ko‘ngillarimizga eng pokiza tuyg‘ularni, teran orzu-umidlarni joylab, ulkan yutuq va marralar sari chorlaydi, ruhimizga shijoat bag‘ishlaydi. Ushbu qutlug‘ ayyom ertangi kunga bo‘lgan ishonch va mas’uliyatimizni yanada oshiradi.

Bayram kunlarida viloyatimizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam ko‘rsatish kabi xayriya tadbirlari ommaviy harakatga aylanib borayotgani quvonarlidir.

Ayni paytda, Navro‘z tabiatga hamohang tarzda obodonlashtirish, ko‘klamzorlashtirish ayyomi hamdir. Shunga asosan, kuni kecha viloyatimizning bepoyon hududlarida, shahar va qishloqlarida, barcha go‘shalarida "Obod va fayzli mahalla-yurt ko‘rki!" shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari ham xalqimizni hamjihatlikka, birdamlikka undaganining guvohi bo‘ldik, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Shu bilan birga, viloyatimizda hurmatli Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umumilliy harakati doirasida ko‘chat o‘tqazish tadbirlarining ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotgani, shahar va tumanlarimizda yangidan yashil maydonlar tashkil etilayotgani ham har birimizning qalbimizda bu xayrli ishga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otayotgani quvonarlidir.

 

Qadrli yurtdoshlar!

 

Sizlarni yana bir bor uyg‘onish, mehr-oqibat va qadr-qimmat bayrami – Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Sharqona Yangi yilning boshlanishi bo‘lgan bahorgi tengkunlik arafasida barchangizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.

Tabiat uyg‘onishi, hayot tantanasi va bahoriy ko‘rkamlikni ifoda etuvchi yangilanish va yasharish bayrami barchaga quvonch, baxt, omad va muvaffaqiyatlar olib kelsin!

 

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

 

 


Report Page