SHAYX NAJMIDDIN KUBRO

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO

Ilhom Babajanov

Najmiddin Kubro (asl ism-sharifi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiy) (1145—1221) — ulugʻ shayx, tasavvufning taniqli vakillaridan biri, kubroviylik tariqatining asoschisi (uning taxallusi "dinning ulugʻ yulduzi" maʼnosini beradi).


Kubroning karomat koʻrsatish, voqealarni oldindan bilish, oʻtkir nazari bilan taʼsir eta olish hislatiga ega inson boʻlganligi haqida rivoyatlar tarqalgan. Kubro yoshligidan ilmga qiziqqan, qobiliyatli boʻlgan. Islom asoslari, shariat, hadis va tafsirni juda tez oʻzlashtirib oladi. 16—17 yoshlarida tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Xorazmdan chiqib, Eron, Misr, Shom-u Iroq mamlakatlarini kezadi.


Tariqatdan xabardor boʻlishga intilib, bir necha shayx, darvishlar suhbatida boʻladi. Misrda shayx Roʻzbixon Vazzon Misriyga murid tushadi, undan tariqat odobini oʻrganadi, shayxning qiziga uylanadi. Keyinchalik Hamadonda shayx Ammor Yosir, Dizfulda shayx Ismoil Qasriy kabi ustozlardan saboq oldi. 25 yildan ortiq umrini ilm taxsiliga bagʻishlagan Najmiddin Kubro 1185-yil Xorazmga qaytib keladi. Bu yerda katta xonaqoh qurdirib, oʻz diniy maktabini yaratadi. U kishilarni ezgulikka, ilmga, saxovat va mardlikka daʼvat etdi. Uning tarbiyasini olgan yuzlab odamlar irfoniy maʼrifatdan bahramand boʻldilar.


Najmiddin Kubro mo'g'ul bosqinchilariga qarshi o'z muridlari bilan shiddatli jangga kirib, shahid bo'lgan. Jangdan keyin, u kishining jasadini darhol topisha olmagan. Chunki ul zot qiyma-qiyma qilib tashlangan edi. Shahid bo'lganliklari haqidagi ma'lumotni 1311-yilda yozilgan Rashiddiddin Fazlillohning “Jomeat ul-tavorix” (“Tarixlar to'plami”) asarida uchratamiz. Keksa shayx va donishmand insonning bu jangdagi qahramonligi, jasorati avlodlarga ibrat boʻlib qoldi.


Chingizxon shayx Najmiddan Kubroning mashhurliklarini eshitgan bo'lganligidan Xorazmga hujum qilish oldidan, u kishiga chopar yuborib, “Men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulug'vor shaxsni u yerdan ketib, bizga qo'shilishingizni so'rayman”, degan. Ammo shayx unga javoban: “Men yetmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yog'ilayotgan paytda qochsam muruvvatdan bo'lmaydi”, degan.


Bu voqea hijriy 1221-yilda ro'y bergan. Bu haqdagi malumot “Tarixi guzida” (“Tanlangan tarix”), Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, keyinchalik esa, “Ravzat ul-safo”, “Habib us-siyar” va boshqa mashhur tarixiy kitob va tazkiralarda ham uchraydi. 1334-yilda Xorazmga safar qilgan mashhur arab sayyohi ibn Battuga Urganch shahridan chiqa berishdagi zoviyada Najmiddin Kubroning maqbarasi va boshqa ulug'larning mozorini ko'rganligini yozadi.


Kubroning muridlari Majididdin Bag‘dodiy, Saʼdiddin Humaviy, Najmiddin Doya tasavvuf tarixida nom qozongan shayxlardir. Najmiddin Kubro oʻz qarashlarini arab tilida yozgan bir necha risolalarida bayon etgan. Ulardan asosiylari: "Favoih al-jamol va favotih al-jalol" ("Jamol xushboʻyliklari va jalolning kashfi"), "Al-usul al-ashara" ("Oʻnta usul"), "Risola at-turuq" ("Tariqatlar risolasi"), "Risolat al-xoif al-hoim min lavm alloim" ("Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola") va uning fors tilida yozgan "Fi odobus solikin" ("Soliklar odobi haqida") risolasi ham bor.


Najmiddin Kubro Qurʼonga mutasavvuflar nuqtai nazaridan sharh berishni oxirigacha yetkaza olmadi, bu ishni uning shogirdlari tugalladi. Forscha ruboiylarida javonmardlik, pok axloq gʻoyalari ifodalangan. Najmiddin Kubroning qabri Koʻhna Urganchda. Uning shaxsi va merosi Oʻzbekistonda mustaqillik tufayli oʻrganila boshlandi. 1995-yilda Oʻzbekistonda Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi nishonlandi.


Urganch davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Ilhom Babajanov

Manzil: @imperiyalar_tarixi

Report Page