my.gov.uz dan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma

my.gov.uz dan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma

Bobur Nurmanov
Elektron xizmatlarni oson, tez va qulay olish

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) - aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga elektron xizmatlardan masofadan turib foydalanish imkonini beradi.

my.gov.uz dan foydalanishda 5 qadam:

1) Yagona identifikatsiya tizimi orqali kirish;

2) xizmat pasporti bilan tanishish;

3) xizmatdan foydalanish uchun ariza yo‘llash;

4) pullik xizmat uchun to‘lovni amalga oshirish;

5) xizmat natijasini olish.

MyGov mobil ilovasi foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha qulayliklar mana bu yerda!

my.gov.uz ga internetga ulangan istalgan qurilmadan bepul kiriladi. Portalda 20 ta soha bo‘yicha 600 ga yaqin elektron xizmat yo‘lga qo‘yilgan.

1) Yagona identifikatsiya tizimi orqali kirish

Fuqaro my.gov.uz xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatga (jumladan, JShShIR) ega bo‘lishi va portalga Yagona identifikatsiya tizimi orqali kirishi zarur.

Yagona identifikatsiya tizimida (OneID) ro‘yxatdan o‘tgan fuqaro my.gov.uz portaliga 4 xil usuldan birini tanlagan holda kirishi mumkin.

Bular:

1) Login va parol - foydalanuvchi tomonidan o‘rnatilgan login va parolni yozish orqali;

2) Mobile-ID - tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmaga SMS-xabar shaklida yuborilgan tasdiqlash kodini kiritish orqali;

3) ERI - mavjud Elektron raqamli imzo yordamida (bunda kompyuterda "E-Imzo" dasturi o‘rnatilgan bo‘lishi zarur);

4) ID-karta - fuqaroning ID-kartasiga biriktirilgan elektron imzo parolini kiritish orqali.

Fuqarolarning OneID tizimidan faol foydalanishini inobatga olinib, Yagona identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tishga doir videoyo‘riqnoma quyida joylashtiriladi.

Agarda foydalanuvchi OneID tizimiga kirish ma'lumotlarini (login yoki parol) unutgan bo‘lsa, 1242 aloqa markaziga yoki telegram orqali @idegovuzbek profiliga murojaat qilishi mumkin.

2) Xizmat pasporti bilan tanishish

my.gov.uz da har bir xizmat uchun unga tegishli asosiy ma'lumotlarni (Vakolatli organ, narxi, muddati) o‘z ichiga olgan "xizmat pasporti" mavjud.

Shuningdek, xizmatlarda foydalanish bo‘yicha videoyo‘riqnomalar ham joylashtirilgan.

Misol tariqasida ommabop bo‘lgan "Kredit tarixi to‘g‘risida ma'lumotnoma berish" xizmatidan foydalalanish jarayoni ko‘rib chiqiladi.

my.gov.uz dagi har bir xizmat sahifasidan ariza yo‘llashga ketadigan o‘rtacha vaqt, xizmatning fuqarolar tomonidan baholanishi, statistik ma'lumot va o‘xshash xizmatlar o‘rin olgan.

3) Xizmatdan foydalanish uchun ariza yo‘llash

Foydalanuvchi tomonidan xizmat ko‘rsatish reglamentida belgilangan so‘rovnoma shakli to‘ldiriladi.

Bunda aksariyat ma'lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi. Foydalanuvchidan faqat bo‘sh maydonlarni to‘ldirish talab etiladi.

So‘rovnomada berilgan barcha maydonlar to‘ldirilgach, keyingi qadamga o‘tish mumkin.

So‘nggi qadamda xatoliklarning oldini olish uchun barcha ma'lumotlarni tekshirish imkoniyati beriladi.

4) Pullik xizmat uchun to‘lovni amalga oshirish

Foydalanayotgan xizmat pullik bo‘lmasa, keyingi qadamga o‘tish mumkin!

my.gov.uz orqali pullik xizmatlardan foydalanishda so‘rovnoma shakli to‘ldirilgach, "To‘lov" qadamiga o‘tiladi. Jarayonni portaldan chiqmasdan turib karta ma'lumotlarini kiritish yoki to‘lov tizimlari tomonidan taqdim etilgan QR-kodni skanerlash orqali yakunlash mumkin.

Eslatma! my.gov.uz orqali taqdim etiladigan pullik xizmatlar to‘lovi uchun 10 foizlik chegirma mavjud.

Ma'lumot uchun: my.gov.uz orqali "Kredit tarixi to‘g‘risida ma'lumotnoma berish" xizmatidan foydalanish bir yil ichida 1 marta bepul, bir martadan ortiq foydalanilganda BHM 4,5 foizi - 15 300 so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Xizmat uchun to‘lov amalga oshirilgach, natijasi reglamentga muvofiq avtomatik tarzda taqdim etiladi yoki xizmat ko‘rsatish ma'lum muddat talab etsa, vakolatli organga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Shuningdek, ma'lum muddatni (3, 5, 10 ish kuni) tashkil etuvchi xizmatlar natijasini my.gov.uz dagi "Mening arizalarim" bo‘limida kuzatib borish mumkin.

5) Xizmat natijasini olish

my.gov.uz portalida joriy etilgan xizmatlar natijasi elektron hujjat shaklida beriladi. Xizmat natijasini saqlab qo‘yish yoki yuklab olish hamda istalgan idoraga taqdim etish mumkin.

my.gov.uz orqali yuborilgan arizada kamchiliklar aniqlansa, xizmat natijasi Vakolatli organ tomonidan xabarnoma shaklida "rad etiladi".

Mazkur holatda pullik xizmatdan foydalanish uchun to‘langan to‘lov reglamentga muvofiq qaytarilishi yoki qaytarilmasligi mumkin.

Foydali ma'lumot!

my.gov.uz xizmatlaridan foydalanishda duch kelingan muammolar yuzasidan "xizmat pasporti"da ko'rsatilgan Vakolatli organ telefon raqamlariga yoki 1242 aloqa markaziga qo‘ng‘iroq qilish lozim.

Shuningdek, elektron xizmatlardan foydalanishda yuzaga kelgan xatoliklarda telegramdagi @mygovrasmiybot boti orqali portal mutaxassislaridan ko‘mak olish mumkin.

Telegram | Youtube | Instagram | Facebook

my.gov.uz ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali yangiliklardan xabardor bo‘lish barobarida, elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmasi ham oshirib boriladi.

Sahifa boshiga qaytish

Qo‘shimcha ma'lumotlar:

MyGov mobil ilovasi qulayliklari

my.gov.uz xizmatlaridan istalgan joyda va vaqtda foydalanishni istaganlar uning MyGov mobil ilovasini ommabop AppStore hamda Google Play do‘konlaridan bepul yuklab olishlari mumkin.

Sahifa boshiga qaytish

Yagona identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tish

Sahifa boshiga qaytish


Report Page