Muvozanat saqlash

Muvozanat saqlash

Format

Dunyo aholisi kuniga qariyb 7 soat vaqtini ekran qarshisida, shundan taxminan 2 soat 23 daqiqasini ijtimoiy tarmoqlarga sarflashi haqida statistika mavjud. Bu sonlarning oʻsib borish ehtimoli esa juda baland.


Ushbu maqolada sizga nega odamlar buncha koʻp vaqtini tarmoqda oʻtkazishlari, qanday qilib uning meʼyorini shakllantirish va bulardan kimga nima foyda-yu nima ziyon ekanligi haqidagi maʼlumotlarni ochiqlaymiz.


Rostdan ham, hammaning ishi boshidan oshib, toshib yotibdi, ishda, oʻqishda, oilada tashvishlar bir talay. Lekin odamlarni qanday kuch soatlab vaqt barcha muammolarni unuttirib, ekran qarshisiga “mixlab” qoʻya olyapti? Javob oʻzimizda. Inson ongli boʻlishi bilan birgalikda, biologik mavjudot ham. U miyada biz “baxt” deb ataydigan hisni tuygandagi reaksiya, dofaminni xohlaydi. Buning eng oson va tez yoʻli ijtimoiy tarmoqlarda sizga yoqqan media mahsulotlarni isteʼmol qilishdir. Miyangizning rohatlanishi esa tana uchun barcha tashvishlardan ustun turuvchi birlamchi ehtiyojlar qatorida turadi. 


Ijtimoiy tarmoqlar esa insonning bu tabiiy moyilliklarini oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanib, jarayonni yana ham murakkablashtirishadi. Tarmoqning sobiq xodimlari soʻzlariga koʻra, gigant platformalar dizayni ustida 20 dan ortiq, umumiy hisobda esa 10 minglab mutaxassislar bosh qotiradi. Ular foydalanuvchilar eʼtibori uchun kurashishadi. Hatto siz deyarli eʼtibor ham bermaydigan birgina “layk” tugmasi aslida sizning psixologiyangizga moslangan. Foydalanuvchilarning har bir harakati: qaysi rasm yoki videoda toʻxtalgani, necha soniya sarflagani va yana bir qancha kichik detallari oʻrganiladi. Ijtimoiy tarmoqlarning bazalarida siz haqingizda sizdan-da koʻproq maʼlumot bor boʻlishi ham ehtimoldan holi emas. Ular buning yordami maksimal sizga yoquvchi kontent hozirlashadi va sizni koʻproq vaqt davomida “ushlab” turishga urinishadi.


Buncha ikir-chikir oʻrganilishini bilib, “Ishqilib bizga bildirmay, hisobimizdan pul yechishmayaptimi?” deb ham oʻylab qolasiz. Yoʻqsa, buncha maʼlumotni nima keragi bor, toʻgʻrimi? 

Yoʻq, ular sizdan mahsuloti uchun haq soʻrashmaydi. Tristan Harris, Googlening sobiq etik dizaynerining ushbu gapi vaziyatni yoritadi:

“Agar, mahsulot uchun pul toʻlamayotgan boʻlsangiz, mahsulot oʻzingizsiz”. 

Gap shundaki, tarmoqda koʻzingiz tushib qoladigan reklamalar narxi juda qimmat. Sizni oʻrganish orqasidan sizga mos reklamalar chiqarish sotuv ehtimolini oshirib, sizni maqsadli auditoriyaga aylantiradi. Buning evaziga olinadigan mablagʻ esa tarmoq foydalanuvchilarini oʻrganishdan asosiy maqsaddir. Tasavvur qiling, sizning quloqchinlar sotadigan kompaniyangiz bor va uni reklama qilmoqchisiz. Siz reklamani iloji boricha koʻproq mahsulotingizga talabi bor kishilarga, masalan, 18-30 yosh oraligʻidagi, musiqani sevuvchi va yana shu kunlarda xarid qilmoqchi boʻlib yurganlarga koʻrsatishni xohlaysiz. Bularni bir joyda topish mumkin boʻlgan eng optimal joy bu ijtimoiy tarmoq. Nega endi foydalanmaysiz? 


Aslida reklama bu sizning eʼtiboringizni soatlab jalb qilib turish uchun yagona sabab emas. Qolganlari haqida keyinroq, batafsil tushuntirib beramiz. Hozircha qanday qilib bu tuzoqlardan qutulib, muvozanat saqlash haqida oʻylasak. 


Bunda eng samarali yoʻl ijtimoiy tarmoqlar  bizga qarshi qoʻllagan usulni oʻziga qarshi ishlatishdir. Yaʼni, oldinroq taʼkidlaganimizdek, inson miyasi biologik “mashina”. U tabiat qonunlariga boʻysunadi. Shunday ekan, agar unga dofamin kerak boʻlsa, uni qayerdan olishni nima ahamiyati bor? 


Oʻzingizga bir savol berib koʻring: qaysi paytda koʻproq baxtni his qilasiz? Sevimli xonandangizni kofe ichib turgani koʻrsatilgan videoni koʻrgandami yoki maʼlum yutuqqa erishganingizdami? Albatta ikkinchisida. Demak, siz muayyan vazifani qoyillatib qoʻyib, muvaffaqiyatni his qilishingiz va miyangizga buning lazzati qolgan barchasidan ustunroq ekanini isbotlashingiz kerak. Buning “mazasini” miya tushunib yetgach, “tez hazm boʻluvchi” gormonlardan oʻzi voz kechadi. 


Yana bir yoʻli miyaga buyruqni argumentlar asosida berishdir. Siz oʻzingizga tarmoqda koʻp vaqt sarflashning zararlari va bunday qilmaslikning foydalariga dalillar izlang. Aytaylik, toʻyib uxlamaslik orqasidan ishlaringiz orqaga surilayotgani, koʻrishingiz sustlashayotgani yoki kam vaqt sarflash orqali asosiy fokusni boshqa zarur narsalarga qaratishingiz mumkinligi va hokazo. Bu jarayon oson kechmaydi, lekin foyda beradi. Chunki bu oʻzingizni ijobiy gʻoya ishontirishdir. Gʻoya boʻlsa butun boshli davlatlarni birlashtirib, bir yoʻlga solib tura oladi. Demak, sizni ham qoʻlingizdan keladi.


Masalaning muammoli tarafi bolalar va oʻsmirlar orasida ham ijtimoiy tarmoqlarga uzoq vaqt sarflash tendensiyasi uzoq davom etayotganidir. Yuqoridagi texnikalarni bajarish uchun ularga kattalar koʻmagi zarur yoki ularni mutaxassislar qoʻliga topshirish mumkin. Masalan, Format oʻquv dasturi oʻquvchilarning psixologiyasini puxta oʻrganib tuzilgan. Faqat biz ularni yaxshilikka ishlatamiz. Darslar davomida onlayn xavfsizlik qoidalari va ijtimoiy tarmoq balansi ham oʻrgatiladi.


Xullas, hayotingiz va ijtimoiy tarmoqlar oʻrtasida muvozanat oʻrnatish imkonli. Faqat bu biroz sabr va qunt talab qiladi. 


Agar postda xato topsangiz @Format_Admin telegram akkauntiga yozing.
Telegram kanalimizga qoʻshiling > bosing



Report Page