Murojaat matni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Hurmatli Sardor Oʻktamovich!
Biz, soʻnggi ikki yil davomida Prezidentning bir qator qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, Milliy oʻquv dasturi va u asosidagi yangi avlod darsliklarini yaratishga jalb qilingan mualliflarda soʻnggi paytlarda darsliklar atrofida boʻlayotgan mojarolar bir qator savollarni tugʻdirmoqda. Bu savollar qisman Gazeta.uz nashrida eʼlon qilingan intervyuda (https://www.gazeta.uz/uz/2022/10/07/textbooks/) ham oʻrtaga tashlangan. Bu va jarayonda tugʻilgan bir qator boshqa savollarga oydinlik kiritishni soʻraymiz:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 06.11.2020dagi 6108-Farmoni bilan Xalq taʼlimi vazirligiga (XTV) Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi (TDI) bilan birgalikda Milliy oʻquv dasturini (MOʻD) yaratish vazifasi yuklangan edi. Mazkur vazifaning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 06.11.2020dagi 4884-son qarori bilan XTV huzuridagi Respublika taʼlim markaziga (RTM) bir qator vakolatlar berildi. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha MOʻD loyihalari ishlab chiqildi, bu ishga mahalliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi. loyihalar RTM va TDI tomonidan umumxalq muhokamasiga qoʻyildi va TDIning oʻzida bir necha marta muhokama qilinib, “Uzluksiz milliy oʻquv dasturlari majmualari”ga kiritildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022dagi 134-son Farmoni bilan XTVga bosqichma-bosqich MOʻDga toʻliq oʻtilishini taʼminlash, xususan, MOʻD asosida zamonaviy darsliklar yaratish vazifasi yuklangan edi. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtgan oʻquv yilida 1-2 sinflar uchun darsliklar va oʻquv-uslubiy majmualar yaratilib, amaliyotga joriy qilindi, bu yil esa 3, 6, 7, 10 sinflar uchun yangi darsliklar yaratildi.
2022-yil 6-oktyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Komil Allamjonov tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Prezident administratsiyasi qoshidagi ishchi guruh taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish ishlarini boshlanganini” eʼlon qilindi. Bu bilan bogʻliq savollar:
a) Mazkur ishchi guruh qaysi huquqiy-normativ hujjat asosida tashkil qilingan, unga qanday vakolat va vazifalar berilgan?
b) Prezidentning yuqorida qayd etilgan, MOʻDga bosqichma-bosqich oʻtish va u asosida darsliklar yaratish vazifalari belgilangan hujjatlari bekor qilindimi? Agar bu hujjatlar bekor qilingan boʻlsa, qanday tadqiqotlar va xulosalar asosida bunday qarorga kelindi, bu tadqiqot va xulosalar bilan tanishish imkoni bormi? Shuncha mablagʻ va mehnatlar evaziga yaratilgan MOʻD va darsliklar taqdiri nima boʻladi?
c) Agar Prezidentning yuqorida qayd etilgan hujjatlari bekor qilinmagan boʻlsa, ishchi guruhning yana “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” boʻyicha ishlari qay darajada bu hujjatlarga mos keladi?
2. Yana “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” jarayonlari qaysi manbalar tomonidan moliyalashtiriladi?
3. Prezidentning tegishli hujjatlari asosida yaratilgan MOʻD bir necha bosqichda muhokama va ekspertizadan oʻtkazilgan edi. U asosida yaratilgan darsliklarga ham tegishli taqrizlar va xulosalar olingan. Komil Allamjonov eʼlonida “hozirda birinchi sinfdan to ikkinchi sinfgacha boʻlgan barcha oʻquv mahsulotlari aprobatsiya uchun tanlab olindi” deyilgan. Bu “oʻquv mahsulotlari”ga qaysi dasturlar asos qilib olingan? Bu dasturlar ham MOʻD singari muhokama va ekspertizadan, shu jumladan, umumxalq muhokamasidan oʻtganmi? “Oʻquv mahsulotlari”ning oʻzi ham ekspertizadan oʻtganmi? Bu dasturlar va “oʻquv mahsulotlari”, ularning ekspertizalari xulosalari bilan tanishish imkoni bormi?
4. Administratsiyada taʼlim masalalariga javobgar boʻlmagan Komil Allamjonovning bu ishchi guruhdagi va umuman bu jarayondagi vakolat va vazifalari nimalardan iborat? Bu vakolat va vazifalar unga kim tomonidan va qaysi hujjat asosida taqdim etilgan?
5. Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda, Allamjonov AOKA rahbari boʻlgan paytda AOKA qoshida tashkil etilgan “Oʻqituvchi” ilmiy-metodik markazi direktori oʻrinbosari boʻlgan, hozirda “Yagona imtihon markazi”ga rahbarlik qilayotgan (https://yim.uz/biz-haqimizda) Yuliya Risyukova TDI va XTV vakillari bilan bir necha marta uchrashib, “Oʻqituvchi” markazida yaratilishi boshlangan va markaz yopilgandan keyin huquqlari “Gid Tashkent” MChJda oʻtkazilgan darsliklar “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” doirasida tajriba-sinovdan oʻtkazilishini maʼlum qilgan. Ochiq manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, “Yagona imtihon markazi” Komil Allamjonovga tegishli ekanligi (https://daryo.uz/.../bu-monopoliya-emas-komil-allamjonov.../), “Gid Tashkent” MChJ ham Komil Allamjonov bilan bogʻliq ekanligi (Key liberaliser in “Uzbek spring” faces questions over business past :: UzInvestigations) hisobga olinsa, “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” harakatlari ortida kimningdir shaxsiy manfaatlari turmasligi qanday mexanizmlar bilan kafolatlangan?
6. AOKA qoshida tashkil etilgan “Oʻqituvchi” ilmiy-metodik markazi direktori oʻrinbosari boʻlgan va hozirda “Yagona imtihon markazi”ga rahbarlik qilayotgan Yuliya Risyukovaning “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” jarayonidagi rasmiy maqomi qanday, vakolat va vazifalari doirasi nimalardan iborat?
7. Bizga, TDI va uning huzurida RTM tomonidan yaratilgan darsliklarni tahlil qilish maqsadida tuzilgan ishchi guruhga RTM tomonidan yaratilgan darsliklarga salbiy xulosa berishni talab qilib, bosimlar boʻlayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Yuqoridagi savollarda qayd etilgan holatlardan kelib chiqib, “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish”dan manfaatdor shaxslarning kuchli maʼmuriy resurslardan foydalangan holda, RTM tomonidan yaratilgan darsliklar boʻyicha ishchi guruh xulosalarining obyektivligiga taʼsir qilmasligi uchun qanday mexanizmlar joriy qilingan? Umuman, bu jarayonda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish qanday taʼminlanadi?
Taʼlim millat kelajagini belgilaydi. Yuqoridagi savollarga aniq, asoslangan javoblar berilishi soʻraymiz.
Hurmat bilan,
Mualliflar jamoasi nomidan Komil Jalilov.