Murg‘ak qalblar Ona tabiat bilan hamnafas
O'zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkilotiPoytaxtimizdagi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekopartiya fraksiyasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi, “Orient-Ceramic” MChJ va Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida 5-iyun' “Butunjaxon atrof-muxitni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan “Murg‘ak qalblar Ona tabiat bilan hamnafas” shiori ostida ekologik hayriya tadbiri uyushtirildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar va tuman Kengashi raislari, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, Respublika Bolalar Ijtimoiy Moslashuv Markazi tarbiyachi hamda tarbiyalanuvchilari, “Orient-Ceramic” MChJ vakillari, Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar Bosh boshqarmasi xodimlari, O‘zbekiston ekologik harakati, “Hayot” qarovsiz hayvonlarni himoya qilish jamiyati xodimlari, “Maxsustrans” DUK, ekologiya va atrof-muhit masalalarini faol yoritayotgan jurnalistlar, partiyaning “Yoshlar qanoti” ishtirok etdilar.
Ma'lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1972 yil 5 iyunda Stokgol'm shahrida BMTning atrof muhitga bag‘ishlangan Konferensiyasida Butunjahon atrof muhit kunini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad xalqaro hamjamiyat e'tiborini atrof muhitni muhofaza qilish muammolariga hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratishdan iboratdir.
Mana 51 yildirki, dunyoning qator mamlakatlarida Butunjahon atrof muhit kuniga bag‘ishlab turli xil tadbirlar, jumladan, “yashil” konsertlar, ko‘rik-tanlovlar, bog‘lar yaratish, shuningdek, atrof-muhitni tozalashga qaratilgan turli ekologik aksiyalar o‘tkaziladi.
Darhaqiqat, iqlimning keskin o‘zgarishi, cho‘llanish va yer degradasiyasi, maishiy va sanoat chiqindilarining tobora ortib borishi, atmosfera havosining zararlanishi, suv resurslarini manbalarining ifloslanishi va tanqisligi, o‘rmonlar va bioxilma-xillikning qisqarishi insoniyat uchun nihoyatda dolzarb global ekologik muammolarga aylandi.
Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo aholisining taxminan 15% u yoki bu shakldagi nogironlikka ega.
Shu nuqtai nazardan, ushbu tadbirni aynan Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuv markazida o‘tkazilishida chuqur ramziy ma'no bor. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni Ona tabiatga bo‘lgan mehrini oshirish, murg‘ak qalblarning ijtimoiy integratsiyasi bo‘yicha keng jamoatchilik e'tiborini jalb qilish.
Tantanali marosimda so‘zga olganlar mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish borasida qator ishlar amalga oshirilganligi, xususan sohaning mustahkam huquqiy bazasi yaratilganligini, dunyoning qariyb barcha davlatlarida keng nishonlanadigan Butunjahon atrof muhit kunining ekologik muammolar tobora globallashib borayotgan bugungi kundagi ahamiyati nechog‘lik kattaligini alohida qayd etdilar.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta'minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi va kelgusi avlodlar uchun beg‘ubor tabiiy muhitni saqlab qolish, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish muammolarini bosqichma-bosqich va izchil hal etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ishtirokchilar yer yuzining biror bir joyida O‘zbekistonda bo‘lganidek to‘rt faslni bir vaqtning o‘zida yonma-yon uchratish qiyinligi, sehrli o‘lkamizning tabiatiga maftun bo‘lib boqishning o‘zi kifoya emasligi, bu boylikni asrab-avaylash lozimligi haqida gapirar ekan, parlament a'zolari va jamoat tashkilotlari vakillari faoliyatni ham davlat, ham jamiyat va har bir fuqaroning ishiga aylantirish uchun kurashning oldingi safida borayotganligini, sohadagi qonunchilikni takomillashtirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotganligini, o‘sib kelayotgan barkamol avlodning ekologik tarbiyasini kuchaytirish maqsadidagi ezgu ishlar yanada rivoj topayotganligini, alohida ta'kidlab o‘tishdi.
Ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarga erishishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlanganligi, Orolbo‘yi hududida so‘nggi yillarda olib borilayotgan jahonda andozasi yo‘q iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik o‘zgarishlar e'tiborga sazovorligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazishni maqsad qilib oldi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2030 yilga qadar bo‘lgan davr ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish quvvatini qariyb 16 ming MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan ishlar atrof muhit holatini yumshatish, tabiiy resurslarning degradasiyasi oldini olishga sharoit yaratadi, tabiy resurslarni kelgusi avlodlar uchun qoldirish imkoniyati yuzaga keladi, fauna olami turli vakillarining ko‘payishi va tarqalishi uchun qulay ekotizim shakllanadi, cho‘l o‘rmonlari maydonlarining va bioxilma-xillikning kengayiishi mintaqada iqlim o‘zgarishini yumshashiga sharoit yaratadi.
Pirovard natijada nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqada ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik barqarorlik ta'minlanadi.
Mazkur tadbirda bolajonlar “Atrof muhitni qanday muhofaza qilish kerak?” shiori ostida rasmlar chizish, o‘z qo‘llari bilan xonaki gullarni ekish darslari, ular uchun ekologik intereaktiv viktorina-o‘yinlari, hamda ertak qahramonlari bilan chiqindilarni saralash bo‘yicha qiziqarli mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, yurtimiz fuqarolarining hozirgi va kelajak avlodi toza, qulay va sog‘lom atrof tabiiy muhit sharoitida yashashi, aholi salomatligini va farovonligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish huquqlarini ta'minlashga qaratilgan yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishda jamiyatning bor kuch va salohiyatini safarbar qilish zarur.
Aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirishda, ularning atrof-muhit muhofazasi ishlarida faolligini oshirishda hamda sohaga oid yangiliklar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos.
OAV xodimlarining ekologiya mavzusini yoritishdagi professional salohiyatini oshirish va ekolog jurnalistlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilikka atrof-muhit muhofazasi masalalariga oid tezkor axborotni yetkazishni yanada yaxshilash zaruratini inobatga olib, shu sohada faol ijod qilayotgan qator jurnalistlar“Orient Ceramic” MChJ va O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tomonidan taqdirlandi.
Tadbir davomida «Biz senga befarq emasmiz — ONA TABIAT!» nomli rasmlar chizish va xonaki gullar ekish tanlovida ishtirok etgan respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi tarbiyalanuvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yakunida 150 dan oshiq ishtirok etgan bolalarga “Orient Ceramic” MChJ va "Mega Logistics Service" MChJning sovg‘alari tortiq etilib, bayram dasturxoni tashkil etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Toshkent shahar partiya tashkiloti