Muqarrar o‘limdan saqladi

Muqarrar o‘limdan saqladi



Kun qahramoni

Yakkasaroy tumanidagi to‘qqiz qavatli bino. Sakkizinchi qavat pod’ezdi derazasidan bir ayol o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘lib turganligi to‘g‘risida tuman IIOFMB 1-sonli IIBga xabar kelib tushdi.

Tezda tumanning Boshliq mahallasi 3-uyning oldiga kelgan ichki ishlar organlari xodimlari chaqqonlik bilan 8-qavatga chiqishdi. 1-sonli IIB boshlig‘i, podpolkovnik Shavkatboy Matanov o‘ylab o‘tirmasdan podyezd oynasidan pastga sakrab o‘z joniga qasd qilishga urinayotgan ayol bilan ehtiyotkorlik bilan munosabatga kirishdi va uni gap bilan chalg‘itib qo‘lidan mahkam ushlab pod’ezd tomonga tortib oldi. Yordamga kelgan xodimlar ayolning ruhiy holatini o‘rganib, suhbat qurishdi va tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot birlashmasiga olib ketishdi. O‘z vaqtida harakat qilib, mardlik ko‘rsatgan osoyishtalik posbonining jasorati tufayli bir ayol bevaqt o‘limdan saqlab qolindi.

Qahramonimiz podpolkovnik Shavkatboy Matanov o‘z kasbiga mehr qo‘ygan fidoyi xodimlardan. U 1973-yilda Andijon viloyatida tavallud topgan. Oliy ma’lumotli, yo‘nalishi bo‘yicha mexanik-muhandis bo‘lsa-da, undagi ichki ishlar organlariga bo‘lgan qiziqish kuchli edi. Shuning uchun 1998 yilda Toshkent shahar IIBB O‘quv markazida tahsil olib, shu yildan e’tiboran Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limida ichki ishlar organlaridagi faoliyatini boshladi.

Tuman IIOFMBda turli lavozimlarda faoliyat yuritgan xodim, hozirda 1-sonli IIB boshlig‘i. U qo‘l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna ko‘rsatib, hududda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish va sodir etilganlarini “issiq izidan” ochishda o‘rnak bo‘lmoqda. O‘z navbatida, bu sa’y-harakatlari rahbariyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Shu bois ham unga IIB boshlig‘i lavozimi ishonib topshirilgan bo‘lsa ajab emas. Qolaversa, yuqoridagi holatlarda o‘zini yo‘qotmay, tezkor qaror qabul qila oladigan xodim – haqiqiy ma’noda qahramonlik timsoli desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sarvar SOBIROV,

“Postda” muxbiri.

Report Page