Munosabat
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Fargʻona viloyat Kengashi matbuot xizmatiPrezidentimizning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv, shuningdek, turizm sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan Farmoni yurtimizning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur Farmon asosida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tashkil etilishi, ekologiyani boshqarish va nazorat qilishda yagona markazlashgan tizimning shakllanishi, sohada amalga oshirilayotgan siyosatning izchilligi va samaradorligini yanada oshiradi. Aholi salomatligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda global iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishda bunday islohotlar beqiyos ahamiyatga ega.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasini chuqur va tizimli amalga oshirish, o‘rmon maydonlarini kengaytirish, cho‘llanishning oldini olish, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlarning Ekologiya qo‘mitasi zimmasiga yuklanishi – ekologik xavfsizlikni mustahkamlashda strategik qaror bo‘ldi.
Biz Farg‘ona viloyatida ekologik madaniyatni yuksaltirish, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash, yashil hududlarni kengaytirish, aholini ekologik jarayonlarga keng jalb etish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada faollashtiramiz. Yangi tuzilma – Ekologiya qo‘mitasining tashkil etilishi bizning hududiy tashabbuslarimizni yanada tizimli va samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Farmonda belgilangan islohotlar yurtimiz ekologik barqarorligi, aholi farovonligi va kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof-muhit yaratishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Sh.Karichayev O‘zbekiston Ekologik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari