Muhofazakorlik nima?
NeojadidMuhofazakorlar muayyan g’oyalar yig’indisini haq deb biladi. Ular "mavhumliklar" deb atalgan narsadan, ya'ni hayotiy tajriba va zamon va makon sharoitiga asoslanmagan qat’iy siyosiy dogmalardan uzoqroq yurishga harakat qiladi. Shu bilan birga, muhofazakorlar jamiyatning xulq-atvorini belgilab beradigan muayyan boqiy haqiqatlar mavjudligiga ishonishadi.
Muhofazakor tafakkuriga xos bo'lgan asosiy tamoyillar quyidagilardir:
1. Insonlar va xalqlar axloqiy qonuniyatlar bilan boshqariladi; va bu qonuniyatlar insoniy donishmandlikdan ham yuqoriroq turgan ilohiy adolatdan kelib chiqadi. Aslida, siyosiy masalalar axloqiy va diniy masalalardir. Fozil arbob axloqiy qonunni idrok etishga va o‘z xulq-atvorini shunga yarasha moslashtirishga harakat qiladi. Bizga tamaddunni in’om etgan ajdodlarimiz oldida ma’nan qarzdormiz, kelajak avlod uchun esa ma’sulmiz. Bu burchni bizga Xudo yuklagan. Shunday ekan, inson tabiati yoki nozik jamoaviy tuzilmaga beadablik bilan munosabatda bo’lishga haqqimiz yo'q.
2. Xilma-xillik va turfalik oliy tamaddunning belgisidir. Bir xillik va mutlaq tenglik shijoat va erkinlikning o'limidir. Muhofazakorlar ayni azmu-shijoat bilan ham zolim hukmdor yoki oligarxiya o’rnatmoqchi bo’lgan bir xillikka, ham Tokvilning ta’biri bilan aytganda, "demokratik ko’pchilikning zulmi bo’lmish" bir xillikka qarshilik ko'rsatadilar.
3. Adolat, har bir erkak va har bir ayol o'ziniki bo’lmish - tabiatiga eng mos keladigan narsalarga, qobiliyati va ahloqining maxsuliga, mulk va shaxsiyatga ega bo’lish huquqi deganidir. Fozil jamiyat barcha erkaklar va ayollar qonun oldida teng huquqqa ega bo'lishini taqozo etadi, biroq bu tenglik sharoit tengligini ham qamrab olmasligi lozim: ya'ni, jamiyat barcha insonlar teng huquqqa - lekin teng narsalarga (mulkka, ashyoga, bisotga?) emas- ega bo'lgan ulkan hamkorlikdir. Adolatli jamiyat fozil yetakchilikni, turli qobiliyatlar turli taqdirlanishini hamda o’zaro hurmat va burch hissini taqozo etadi.
4. Mulk va hurriyat bir-biri bilan chambarchas bog'liqdir; iqtisodiy tenglashtirish iqtisodiy taraqqiyotni anglatmaydi. Muhofazakorlar mol-mulkni nafaqat u boylik bo’lgani uchun qadrlaydi, balkim hususiy mulksiz inson har narsaga qodir hokimiyatning qovog’iga qarab qolishini bilgani uchun ham ezozlaydilar.
5. Iqtidor xavflidir; shuning uchun fozil davlat bu - iqtidor tiyib turish mexanizmlari, sog’lom konstitutsiya va odatlar vositasida jilovlangan davlatdir. Siyosiy kuch iloji boricha shaxslar va mahalliy institutlar qo'lida bo'lishi kerak. Markazlashuv, odatda, ijtimoiy tanazzulning belgisidir.
6. O‘tmish – hikmat manbaidir; Burk aytganidek, "Inson ahmoqdir, ammo insoniyat donodir". Muhofazakorlar axloqiy an'analar, jamoaviy tajriba va ota-bobolarimiz bizga meros qoldirgan tafakkur biz uchun dasturulamal bo’lishi kerak deb hisoblaydi. Muhofazakorlar zamonasining shoshqaloq fikriga emas, Chesterton "marhumlar demokratiyasi" deb atagan narsaga, ya'ni o’tib ketgan donishmandlarning tafakkuriga, jamoaviy tajribaga murojaat qiladilar. Xullas, muhofazakor kecha tug'ilmaganini biladi.
7. Zamonaviy jamiyat haqiqiy jamoaga o’ta muhtojdir: haqiqiy jamoatchilik esa kollektivizmdan mutlaq farqli narsadir. Haqiqiy jamoa majburlash bilan emas, balki sevgi va xayriya orqali boshqariladi. Ibodatxonalar, ko’ngilli uyushmalar, mahalliy hukumat va turli boshqa institutlar vositasida muhofazakorlar jamiyatni sog'lom saqlashga intiladi. Muhofazakor faqat o’zini o’ylaydigan xudbin emas, balki jamoa insonidir. Turfalik o’rniga bir xillikni, ixtiyoriy hamkorlik o’rniga majburlashni targ’ib qilgan kollektivizm chin jamoaning o’limiga olib keladi.
8. Xalqlaro maydonda amerikalik muhofazakor AQSh dunyoga namuna bo’lib xizmat qilishi kerak, biroq bu dunyoni o'z qiyofasida o'zgartirishga urinishga olib kelmasligi kerak deb hisoblaydi. Ham siyosatning, ham biologiyaning qonuni shu-ki, har bir tirik mavjudot hamma narsadan, hatto o'z hayotidan ham, uni boshqa narsalardan ajratib turadigan xosligini ezozlaydi. Muhofazakor na dunyo ustidan hukmronlik o’rnatishga intiladi, na dunyo yagona boshqaruv va tamaddun andozasida bo’lishini istaydi.
9. Beayib faqat parvardigor, qolganlar hom sut emgan bandadir va to’liq komillikka hech qachon erisholmaydi. Bu siyosiy institutlarga ham taalluqlidir. Demak, yerda jannat yaratish haqida emas, do'zaxni oldini olish haqida ko’proq qayg’urish kerak. Insonda ham shaytoniy, ham rahmoniy jihat bordir; fozil institutlar nuraganda va boqiy axloqiy tamoyillar kuchsizlashganda, odamdagi yovuzlik hukmronlik qila boshlaydi. Shuning uchun muhofazakor barcha utopik sxemalarga shubha bilan qaraydi. U positiv qonuniyat yordamida insoniyatning barcha muammolarini hal qilish mumkinligiga ishonmaydi. Biz dunyomizni biroz isloh qila olishdan umidvor bo’lishimiz mumkin, lekin biz uni hech qachon mukammal qila olmaymiz. Taraqqiyot bo’lsa, bu faqatgina inson tabiatidagi cheklovlarini oqilona tan olish orqali bo’ladi.
10. O'zgarish va islohot ayni narsa emasdir: axloqiy va siyosiy o’zgarishlar, yangiliklar foydali ham, halokatli ham bo'lishi mumkin; va agar yangilik faraz va shijoat asosida tatbiq etilayotgan bo’lsa, katta ehtimol ila, uning oqibatlari halokatli bo'ladi. Barcha insoniy institutlar asta-sekin o’zgarib turadi, chunki astalik bilan o'zgarish inson tanasini yangilash vositasi bo'lgani kabi jamiyatni muhofaza qilish vositasi hamdir. Biroq muhofazakor hayotimiz uchun zaruriy bo’lmish o'sish va o'zgarishlarni ijtimoiy va axloqiy an'analarimiz bilan ham-ohang uyg'unlashtirishga harakat qiladi. "O'zgarish shart bo’lmaganda, o'zgarmaslik shartdir", deydi muhofazakorlar. Inson qadriyatlar barqaror turgan dunyoda yashayotganligini his qilsagina eng mamnun va rozi shaklda yashaydi.
Demak, muhofazakorlik shunchaki katta mulk va nufuzga ega bo'lgan shaxslarning tashvishi emas; bu shunchaki imtiyoz va maqomni himoya qilish ham emas. Aksar muhofazakorlar na badavlat, na qudratlidir. Lekin muhofazakorlarning barchasi, ichidagi eng hokisori ham, Respublikamizdan ulkan naf topgan shaxslardir. Ular erkindirlar, o’zlari va oilalari himoyalangandir, qonunlar oldida tengdirlar, o'z mexnatining mevasidan bahramand bo’lishga va shaxsiy kamolotga erishish imkoniga egadirlar.
Ular hayotda shaxs sifatida yashashga, o’limda esa tasalli olish huquqiga ega. Muhofazakorlik tamoyillari jamiyatdagi har bir insonning umidlarini himoya qiladi. Va muhofazakorlik teng adolat, shaxsiy erkinlik hamda insoniyatning ardoqli an’analariga ixlos qo’ygan har bir kishi uchun muhim ijtimoiy tushunchadir. Muhofazakorlik shunchaki "kapitalizm"ni himoyasi ham emas. ("Kapitalizm", boshidanoq, muhofazakorlar himoya qiladigan yagona narsa bu ulkan xususiy kapitaldir degan tushunchani targ’ib etish uchun Karl Marks tomonidan ixtiro qilingan iboradir.) Aslida, muhofazakor haqiqatdan ham xususiy mulk va erkin iqtisodiyotni qat'iy himoya qiladi, ular bilan bog’liq manfaat uchun ham, mulk va erkin iqtisod boshqa, kattaroq maqsadlarga erishish vositasi bo’lgani uchun ham.
Bu kattaroq maqsadlar iqtisodiy va siyosiy maqsadlardan ham oliyroqdir. Ular inson qadr-qimmati, inson shaxsiyati va inson farovonligini o'z ichiga oladi. Ular hatto Xudo bilan inson o'rtasidagi munosabatlarni ham o'z ichiga oladi. Zero, bizning zamonamizning radikal kollektivizmi har qanday boshqa hokimiyatga qattiq dushman: zamonaviy radikalizm diniy e'tiqod, shaxsiy fazilat, an'anaviy shaxsiyat va halovatga to’la hayotdan nafratlanadi. Bizning davrimizda muhofaza qilishga arzigulik hamma narsa xavf ostida. Bu davrda voqealar oqimiga shunchaki o'ylamasdan salbiy qarshilik ko'rsatish, saqlanib qolgan narsalarga umidsizlikdan yopishib olishning o’zi yetarli emas. Instinkt muhofazakorligi fikr va tasavvur muhofazakorligi bilan mustahkamlanishi kerak.