"Muhammad Yusuf-el ardoqlagan shoir" mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

"Muhammad Yusuf-el ardoqlagan shoir" mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.


Shu kunlarda yurtimizda o‘zbekning haqiqiy tanti farzandi, O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 69 yilligi munosabati bilan xotira tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri bugun 1-son umumta’lim maktabida o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha belgilab berilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash, shuningdek Muhammad Yusuf xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat Buxoro shahar bo‘linmasi mutaxassisi G. Xodiyeva, "Oqila ayollar harakati" a'zolari, Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi S.Hamroyev, Buxoro shahar "Barkamol avlod" bolalar maktabi huzurida tashkil topgan "Firuza" bolalar raqs dastasi, 24-maktab-internat o‘quvchilari hamda 1-son umumta’lim maktabi o‘quvchilari va o‘qituvchilari faolligida tashkil etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat Buxoro shahar bo‘linmasi mutaxassisi G. Xodiyeva so‘zga chiqib, Muhammad Yusufning hayoti va ijodiga to‘xtaldi. Jumladan shoirning o‘ziga xos sodda va xalqchil ijodi, uning har bir she’ri yuragimizdan chuqur o‘rin olganligini ta’kidladi. Shoirning yuzlab o‘lmas she’rlari har kuni xalq orasida qo‘shiq bo‘lib jarang sochayotganligini aytib o‘tdi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topdi. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi Jahon tillari universiteti) tahsil oldi. Respublika Kitobsevarlar jamiyatida, “Toshkent oqshomi” gazetasida, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, “Tafakkur” jurnalida, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida xizmat qildi. Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish Akademiyasida tahsil olgach, 1998 yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritdi.

Muhammad Yusuf avvalo xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga oʻxshamagan misralarda taʼriflagan sheʼrlari, qoʻshiqlari bilan tanildi, shuhrat qozondi. El mehriga sazovor boʻldi.

Tadbir davomida o'quvchilar tomonidan adabiy-badiiy kompozitsiya namoyish qilindi. Shoirning ona yurtni, Vatanni, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizni, muhabbat va vafoni tarannum etuvchi dilbar she’rlari, ana shu she’rlarga bastalangan diltortar kuy-qo‘shiqlar jarangladi, raqslar ijro etildi.

Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi ijodkor S.Hamroyev so‘zga chiqib, o'zining Muhammad Yusuf hayoti va ijodiga bag'ishlangan she'rlaridan aytdi. Mustaqillikning ilk davrlaridayoq “Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston”, deya kurash maydoniga tushgan, Istiqlolni baralla kuylagan, vijdoni uygʻoq ijodkor Muhammad Yusufning hayot yoʻli, ijodi va qizgʻin ijtimoiy faoliyati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda. Uning “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima ena allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Saylanma”, “Biz baxtli boʻlamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulugʻimsan, Vatanim” singari oʻndan ortiq sheʼriy toʻplamlari adabiyotimizning oltin merosiga aylandi. Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf oʻzbek sheʼriyati va qoʻshiqchiligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1996 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Tadbir ishtirokchilari Muhammad Yusuf ijodidan yana bir bor bahramand bo‘lishib, shoirni yod etdilar va faol ishtirokchilar tashakkurnoma hamda esdalik sovg'a bilan taqdirlandilar.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Buxoro viloyat Buxoro shahar bo‘linmasi

Report Page