“Hech kim, hech qachon unutilmaydi”
Filologiya fakulteti tyutori Zulfiyeva Kamola KurbonovnaTarixiy adolatni tiklamay turib, buyuk kelajakni qurib bo’lmaydi. Yaqin o‘tmishimizda istiqlolni orzu qilgan, yurtimiz tinch bo’lsin, deb yashagan, ammo bu kunlarga yetmaganlar yodi hamisha qalbimizda.
O’zligini unutmagan inson hayotining eng quvonchli damlarida ham o’zidan oldin o’tganlarni, aynan unga ezgulik tilagan ajdodlami shukronalik bilan yodga oladi, ruhini shod etadi. Shundan keyingina unga bayram tatiydi.
"9-may - Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan Filologiya fakulteti tyutorlari: K.K.Zulfiyeva, N.L.Safarova, D.N.Raxmonova hamda 6-4 UZB 21 guruh talabalari joriy yilning 7-may sanasida “Motamsaro ona” haykaliga xotirlash maqsadida tashrif buyurishdi.
Tashrif chog’ida “Motamsaro ona” haykaliga kelib urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirdilar hamda haykal poyiga gullar qo’ydilar.
Shuningdek, mazkur majmua yonida bolajonlar tomonidan tashkil etilgan teatrlashtirilgan ko‘rgazmali chiqishlar tomoshasi guvohi bo’ldilar.
Urushlarda jon bergan vatandoshlarimiz nomlari muhrlangan «Xotira kitobi»ning zarhal varaqlari Vatanning fidoyi o’g’lonlari qismatidan darak beradi. “Motamsaro ona” qiyofasida esa iztirob va umid namoyon. Beva-bechorayu, yetim-yesirlar, farzandi yo’liga ko’z tikkan onaizorning umid-u nadomatlari mujassam shu birgina qiyofada.
“Motamsaro ona” haykaliga tashrif buyurgan talabalar, Vatanimizni himoya qilishda jonini fido qilgan, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan, bugungidek tinch va osuda hayotni bizga yaratib bergan millat qahramonlariga nisbatan chin dildan minnatdorchilik hissini tuydilar. Zero, xalqimizga xos bo’lgan mehr-oqibat, muruvvat va himmat, keksalarni ardoqlash, ko’makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo‘yish qon-qonimizga singib ketgan fazilatlardir.
Filologiya fakulteti tyutori Zulfiyeva Kamola Kurbonovna