MOSLASHUVCHANLIK - REPETITORNING BIRINCHI SIFATI

MOSLASHUVCHANLIK - REPETITORNING BIRINCHI SIFATI

Zohidbek Turdaliyev

O‘tkirbek Sherg‘oziyev – «GRAND» repetitorlik markazining asoschisi va matematika fanidan repetitor.

Assalomu Alaykum! Ko‘rib turibmizki 2020-yildan boshlab matematika faniga e’tibor yana ham kuchaytirilmoqda. Shaxsan prezidentimizning o‘zi ham bu fanni kuchaytirishni takidlab, kerakli ko‘rsatma va buyruqlarni berib o‘tdi. Matematik sifatida bu o‘zgarishlarni qanday qabul qilyapsiz?

Vaalaykum Assalom! Zohidbek, avvalo taklif uchun rahmat.

Albatta bu yaxshi xabar.

Lekin fanni rivojlantirish degani bu juda umumiy tushuncha. Agar fanni nazariy asoslarini egallash va uni yanada boyitish haqida gap ketadigan bo‘lsa, matematikadan ko‘ra boshqa fanlarda bunga ehtiyoj kattaroq. Matematikada qilinadigan asosiy ish-uni hayotga tadbiq etish. Hozirgi matematika reallikdan bir necha yuz yil oldinga o‘tib ketgan. Biz oldin unga yetib olishimiz kerak. Bu degani uning nazariy asoslarini iqtisodiyotga, tibbiyotga, psixologiya va boshqa sohalarga tadbiq qilishimiz kerak. Tumanlarda ochilishi rejalashtilgan matematikaga ixtisoslashtirilgan maktablarda aynan shu jixatga e’tibor qaratilishini istardim. Ular odatiy maktablar kabi emas, yosh tadqiqotchilar maktabi bo‘lsin. Buning uchun ayni matematikaga e’tiborni qaratish to‘g‘ri emas. Chunki uni tadbig‘ini ko‘rish uchun bevosita boshqa fanlarni ham nazarda tutish kerak bo‘ladi.

– Bilishimcha bugunga qadar matematika fanidan 1000 dan ortiq abituriyentlarni o‘qitib ularni talaba bo‘lishligiga o‘z xissangizni qo‘shgansiz. Aynan shu fanni tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?

– Matematika fani o‘qituvchisi bo‘lishimga rahmatlik dadam asosiy sababchi bo‘lgan. To es tanib o‘qishga topshirgunimcha uch-to‘rt marta yo‘nalishimni o‘zgartirganman. Yuridika, iqtisodiyot, muhandislik. Oxirida dadamning maslaxati bilan matematika fani o‘qitivchisi bo‘lishga qaror qilganman. Va keyingi sababchilar albatta aziz ustozlarim. Ularga doim ta’zimdaman!

– Yangi kelgan o‘quvchini o‘quv kursingizga qabul qilish jarayoni qanday bo‘ladi?

– Ko‘p markazlar kabi bizda ham bu ish bilan alohida tayinlangan xodim shug‘illanadi. Aynan matematikani olsak, kelgan o‘quvchidan boshlang‘ich va mantiqiy bilimlarga asoslangan 25 talik test olinadi. Test natijasi shu vaqtda aniqladi. So‘ng shu natijaga mos bo‘lgan guruhlarni tavsiya qilinadi. Takliflarimiz unga maqul bo‘lsa, mashg‘ulotlarni biz bilan boshlaydi.

– O‘quvchilarga dars o‘tish jarayoingiz haqida ma’lumot bersangiz, ya’ni o‘quv kursiga ajratilgan vaqtni qanday taqsimlab olasiz?

Bu yerda bitta darsning vaqt taqsimotini nazarda tutyapsiz menimcha. Bitta dars mashguloti 120 minut davom etadi.

Darsdagi vaqt taqsimotim quyidagicha:

10 % tushuntirish;

20 % ko‘rsatish;

70 % mustaqil bajarish.

Bu taqsimot nisbiy albatta, ya’ni o‘ta qat’iy emas. Dars mavzusiga qarab bu narsa o‘zgarishi mumkin. Asosiy urg‘uni o‘quvchilar bilan amaliy ishlashga qarataman. Chunki o‘quvchi o‘zi bajarib ko‘rgan narsasini yaxshiroq tushunadi va eslab qoladi. Quruq ma’ruzachilikdan qochaman. Quruq ma’ruzani o‘quvchi darslik, qo‘llanmalardanam bemalol topa oladi. Darsda bizdan o‘sha kitoblardan mustaqil ololmaydigan narsasini olishi kerak.

Yana eslatib o‘taman, repetitorlik darslari ancha liberal bo‘lib, vaqt taqsimoti ayni bir shablon asosida bo‘lmaydi va shunday bo‘lishi ham kerak. Tajribali repetitorlar tushunadi, ularda har bir darsning metodi o‘sha auditoriyaning ruhiy holati, darsga tayyorligi va boshqa omillarga qarab intuiv tanladi.

– O‘quvchilarni olayotgan bilimlarini nazorat qilish uchun qanday ishlarni amalga oshirasiz?

– Bunda uch bosqichdagi nazorat ketadi:

  • darsda o‘quvchining reaksiyasi, topshiriqlarni bajara olishiga qarab har bir shogirdlarimiz haqidagi ma’lumot deyarli ko‘rinib turadi;
  • haftada bir marta ayni oxirgi haftada ko‘rilgan mavzular yuzasidan yopiq va ochiq testlar. Shu test natijalariga ko‘ra ayrim mavzular qayta mustahkamlanishi yoki yangi mavzularda davom etilishi mumkin. Men guruhlarni o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga qarab bo‘laman. Haftalik test natijasiga ko‘ra o‘qivchi bitta oldingi guruhga o‘tib ketishi, o‘z guruhida qolishi, yoki majburan quyi guruhga tushib ketishi mumkin.
  • oyda bir marta yo‘nalishidagi barcha fanlardan 105 talik test sinovlari. Bu orqali qolgan fanlarni o‘zlashtirishini ham kuzatib boramiz.

– Matematika kursingizda siz va o‘quvchilaringiz ishlatadigan kitoblar haqida gapirib o‘tsangiz.

– Foydalaniladigan manbalargan to‘xtaladigan bo‘lsak,

I. Nazariy

  • Birinchi navbatda asos-maktab va litsey darsliklari;
  • Har bir dars uchun tayyorlangan shaxsiy ma’ruzalar.

II. Amaliy

  • DTM tomonidan tuzilgan testlar to‘plami(uning turli nashrlari bor)
  • DTM variantlari
  • "Abituriyent" variantlari
  • "M. Usmonov" variantlari
  • "Turk litsey" to‘plamlari
  • "Skanavi"
  • ko‘zda tutilmagan manbalar

– Savolni yo‘nalishini biroz o‘zgartiraman. Bir necha yillar oldingi o‘quvchilar bilan hozirgi o‘quvchilarni farqlari? Chunki ko‘pchilik repetitorlar hozirgi o‘quvchilarni saviyasidan qoniqishmaydi.

Ular orasida farq bo‘lishi bu tabiiy jarayon. O‘n yil oldingi 17 yoshli o‘smir bilan hozirgi 17 yoshni taqqoslab bo‘lmaydi. Hozirgisidan oldingisini kutish xato. Nima qilish kerak?! Ularni tushunish kerak.

10 yil oldingi yoshlar Ozodbek Nazarbekovni qo‘shiqlarini yod olardi. Hozir Jahongir Otajonov ularni ko‘proq ta’sirlantiradi )).

Tizimni ichida uzluksiz yurgan odamga bu o‘zgarish sezilarli ta’sir qilmaydi menimcha. Chunki vaziyatni o‘zi ko‘rsatib qo‘yadi nimalarni almashtirish, nimalarni moslashtirish kerakligini. Moslashuvchanlik repetitorning eng zaruriy sifatlaridan biri.

Kasb kasalligimizdan xushyor bo‘lsak bo‘ldi. Bu kasallik-konservativlik, qotib qolish, o‘tmishga yopishib olish.

– O‘quvchilaringizga o‘quv binongizda telefon ishlatishlariga ruxsat berasizmi? Umuman olganda telefon o‘quvchilarga kerakmi yoki yo‘q?

Binoga telefon bilan kelishlari va darsdan tashqari vaqtda faqat aloqa uchun foydalanishlari mumkin.

Umuman oladigan bo‘lsak, abituriyentlarga telefonni taqiqlamayman. Ustozlarga, o‘zimga qo‘ymagan talabni o‘quvchidan so‘ramayman. Bugun o‘quvchi telefon ishlatishi kerakmi, yo‘qmi degan savolni davri o‘tdi. Aksincha ularga undan ishida, biznesida unumli foydalanishini dars qilib o‘rgatishimiz kerak. Yana 10 yildan keyin menimcha ta’lim to‘liq raqamli sistemaga o‘tadi. Bola maktabga sumka ko‘tarib bormaydi. Bitta planshetda hammasi bo‘ladi. Darsliklar uchun ham foydalanish qulay bo‘lgan maxsus mobil ilovalar yaratiladi. Ana o‘shanda hozir kompyuterni bilmaslik savodsizlik darajasida qabul qilinganidek, smartfonlardan, u orqali tarmoqdan yaxshi foydalana olmaslik ham shunday qabul qilinadi.

– Bu yildan majburiy fanlarni qo‘shilishi repetitorlik faoliyatingizga qanday ta’sir ko‘rsatyapti va buni siz qanday qabul qildingiz?

– Bu savolga tor doirada ya’ni matematik sifatida javob bersam bu ijobiy. Chunki men o‘qitayotgan aksariyat o‘qivchilarning majburiy fanlar blokida ham, yo‘nalishga oid fanlar blokida ham matematika fani bor. Ular imtihonda ko‘pi bilan 4 xil fandan test topshirishadi. 5 xil fandan imtihon topshiradigan o‘quvchilardan oz bo‘lsa ham imkoniyatlari yuqori bo‘ladi. Yana aytib o‘tish kerakki, endi deyarli barcha abituriyentlar yaxshi natija ko‘rsatish uchun matematika fanini o‘qishlari kerak. Shuni ta’sirida ish rejamiz biroz o‘zgardi. Ayni majburiy fanlarni o‘qitish uchun ham maxsus guruhlar ochildi.

Bu o‘zgarish boshida abituriyentlarning biroz shashtini tushirdi. Ularga bu fojia emas, aksincha foydali ekanini tushintirish uchun biroz vaqt sarf qildik. Hozir hammasi joyida ketyapti. Abituriyenylar barcha fanlardan astoydil mehnat qilishyapti.

Shu o‘rinda abituriyentlarga aytaman: O‘ZGARISHLARGA DOIM TAYYOR TURING. Men matematik bo‘lganim uchun bu yildan hammaga matematika qo‘shilarkan deb juda quvonib ketishim to‘g‘ri emas. Kim bilsin balki keyingi yildan matematikani o‘rniga kimyo bo‘lib qolar. Yoki 5 ta emas, o‘quvchining maktabdagi barcha fanlardan o‘zlashtirishiga qarab konkurs qilinar. O‘shanda, abituriyentlar o‘tgan yili oson bo‘lgan ekan, atiga 5 ta fandan tayyorlanilardi, deb eslashadi.

– Oxirgi savol: Siz yaxshigina psixolog ham siz. Bu psixologik bilimlaringiz repetitorlik faoliyatingizga qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatadi?

Yo‘q men psixolog emasman, shunchaki o‘qituvchilik kasbim doirasida zaruriy psixologik bilim va tajribaga egaman. Psixologiyani bilishim qiziqishimgina emas, majburiyatim.

Zohidbek Turdaliyev suhbatlashdi.

SUPER MATEMATIKA - Obuna bo'lishni unutmang!

Report Page