Mortimer Adler va Van Dorenning "Kitoblarni qanday o'qish kerak?" asari qisqacha mazmuni
Bookworm™1-Bo’lim: Mutolaaning ahamiyati
Savodli bo'lish bilan o'qishni bilish orasida katta farq bor.
Butun umr o’qib keldik, lekin baribir o’qishni bilmaymiz. Aniqrog’i to’g’ri o'qishni bilmaymiz. G’alati, shunday emasmi? Adlerga ko'ra, 90% odamlar o'zlarini "o'rtachadan yuqori" darajada o'qiy olishlariga ishonishadi. Biroq, aslida bunday emas. “How to read a book” asarida ayni shu masala to'la muhokama qilinadi.
Demak, qo'lingizga qalam-qog'ozingizni oling! Garchi, umr bo'yi o'qib kelgan bo'lasangizda, to'g'ri o'qishni o'rganish payti keldi!
Mutolaa
O'qish uchta sababga ko'ra amalga oshirilishi mumkin:
- Ko’ngil ochish uchun o'qish - dam olish yoki "shunchaki mutolaa" qilish uchun;
- Axborot olish uchun o'qish - dalillar va faktlarni o'rganish (dunyoni ko’proq bilish) uchun;
- Tushunish uchun o'qish - tushunchani rivojlantirish (dunyoni boshqacha ko'rish, uni anglash) uchun.
Bu uchalasidan eng qiyini - tushunish uchun o’qish bo'lib, kitobda asosan shu mavzu haqida so’z yuritilgan. Chunki, o'zimizga hali yangi bolgan tushunchalarni anglab olish anchayin qiyin mashg'ulot. Bilim doiramizdan tashqarida bo'lgan kitoblarni o'qish, ularning haqiqatini, asl mazmunini tushunish har doim ham oson kechmaydi. Sababi, bunday asarlar fikrlashimizni va dunyo qarashimizni o'zgargtirib yuboradi va bu ko'p hollarda anchayin noqulay jarayondir.
Yuqorida keltirilgan ikkinchi va uchinchi turlarning farqi shundaki, "axborot uchun" o'qilganda, manba o'quvchining bilim darajasida teng bo'ladi va unga yangi biror narsa o'rgatmaydi. Bunda o'quvchi o'zi allaqachon bilgan narsasi haqida shunchaki ko'qroq axborot qabul qiladi, holos. Uning mutolaadan oldingi bilimi, mutolaa so'ngidagi bilimiga tengligicha qolaveradi. Uchinchi - "tushunish uchun" o'qiganda esa, o'quvchi o'ziga butunlay yot va yangi g'oyaga duch keladi va uni anglab tushunishga harakat qiladi. Bunda yozuvchining bilm darajasi bilan o'quvchining bilm darajasi o'rtasida katta tafovut bo'lib, yozuvchi o'quvchiga yangi tushuncha yoki go'yani o'rgatadi. Mutolaa jarayonida ushbu tafovut qisqarib boradi. Shu sabablarga ko'ra, mutolaaning bu turlari o'z mazmunidan "axborot uchun", hamda "tushunish uchun" o'qish deb nomlangan.
Tushunish uchun o'qilganda, o'quvchi o'zi va yozuvchi o'rtasidagi tafovutni qisqartirishni quyidagi savollarga javob topishdan boshlashi kerak.
- Kitob, umumiy holda, nima haqida?
- Nimalar haqida so'z ketmoqda? Qanday ketmoqda?
- Kitob, butunlay yoki qisman, to'g'rimi?
- Kitob nimasi bilan ahamiyatli yoki muhim?
Xo'sh, bu savollarga qanday javob beramiz? Adlerga ko'ra, ko'p hollarda mutolaa passiv jarayon sifatida qabul qilinadi. Bunga sabab, o'quvchining mutolaa paytida bir joyda nofaol o'tirishi holatidan paydo bo'lgan tasavvurdir. Biroq, mutolaaga "ikki tomonlama faol fikr almashinivi" sifatida qaralishi darkor. Yozuvchining vazifasi fikrni "jo'natish", o'quvchi esa uni "ilib" olishi kerak. Ko'rib turganingizdek, mutolaa sifati har ikkala tomonning o'z vazifasini qay darajada faol bajarganiga bog'liqdir.
Qancha faol o'qisangiz, kitobni shuncha yaxshi o'qiysiz. Qancha yaxshi o'qisangiz, shuncha ko'p savollarga javob topasiz. Qancha ko'p javob topsangiz, atrofdagi olamni ham ajoyib va boshqacha nigoh bilan ko'ra boshlaysiz.
Biroq, faol o'qish uchun nima qilish kerak? Faol o'qish uchun quyidagi to'rt darajani mohirlik bilan o'zlashitirish zarur.
Mutolaaning 4 darajasi
- 1. Boshlang'ich mutolaa - harflarni tanish, yozma axborotni qabul qila olish.
- 2. "Taftish" - qisqa vaqt ichida kitobni to'liq tekshirib chiqish.
- 3. Tahliliy mutolaa - "tushunish uchun" kitobni to'liq va puxta o'qib chiqish.
- 4. Sinoptik (xulosaviy/qiyosiy) mutolaa - ayni bir umumiy mavzu ustida bir qancha manbalarni o'qib chiqish.
2-Bo’lim: Mutolaaning 1- va 2-darajalari.
Ta'lim tizimimiz, afsuski, boshlang'ich savodxonlikdan ortig'ini o'rgatmaydi.
Mutolaaning birinchi darajasi: Boshlang'ich mutolaa
Bolalarning o'qish ko'nikmalari turli bosqichlarda rivojlantirilib boradi. Bulardan birinchisi - bola tug'ilganidan to 6-7 yoshgacha davom etuvchi "o'qishga tayyorlov" jarayoni. Bunda avval, bola eshitish, ko'rish orqali yodlagan so'zlarini talaffuz qilishni, oddiy gaplar hosil qilishni o'rganadi. Bolaning nutqi to'liq rivojlanganidan so'ng, u o'qishni o'rganishga tayyor hisoblanadi.
Keyingi bosqichda esa, bolaga asta-sekin harflar o'rgatiladi. Bu jarayon turli davlatlarda turlicha olib boriladi. Amerikada bolaga butun so'zlarnining o'qilishini o'rgatishdan boshlaniladi. (O'zbekistonda esa, harflar avval yod olinib, ularni o'zaro biriktirib o'qish o'rgatiladi. tah.) Bu jarayonda asosan o'qituvchi va ota-onalar faol qatnashishadi.
Uchinchi bosqichda bola so'z boyiligini yetarli darajada o'stiradi va yangi so'zlarning ma'nolarini kontekstning o'zidan chiqarib olishni o'rganadi. Undan tashqari, o'quvchi bu paytda turli sohalarga oid kitoblarni o'qiy boshlaydi. Bola nafaqat maktabda, balki, o'zi mustaqil ravishda ham turli soha kitoblarini o'qishni o'rganadi va muayyan mavzudagi bir necha manbalarni o'qib, ulardagi fikr va ma'lumotlarni o'zaro solishtira boshlaydi. O'qigan manbalarini tahlil qilishni o'rganadi. Bu bosqichni bola o'rtacha 13-14 yoshgacha o'zlashtiradi. Agar istasa yana xohlaganicha o'qish ko'nikmalarini rivojlantirishi mukin.
Biroq, ko'p bolalar ushbu oxirgi bosqichgacha yetib kelisholmaydi. Bunga turli sabablar bor. Eng asosiy sabab - ta'lim tizimi bolalarga boshlang'ich mutolaa ko'nikmalarini o'rgatishga shunchalik ko'p harakat qiladiki, oxir oqibat, o'quvchini qolgan boshqa yuqoriroq darajalarga olib chiqishga e'tibor berishmaydi. To'g'ri, bu harakatlarning barchasi odamlarning boshlang'ich savodxonlik darajasini oshirish uchun qilinganini tushunsa bo'ladi. Biroq, biz odamlarimizning hamma darajadagi mutolaa ko'nikmalarini birdek o'shirishga harakat qilishimiz kerak. Chunki, o'quvchi to'rtala bosqichdan o'tsagina keyingi darajalarni o'zalshitira oladi. Shundagina, o'zi mustaqil o'qib, o'rganadi va kitoblarni, ular orqali dunyoni to'laligicha anglay boshlaydi.
Mutolaaning ikkinchi darajasi: Kitobni taftish qilish
Tez o'qish emas, to'g'ri o'qish muhim.
Kitobni taftish qila bilish qisqa vaqt ichida kitobdan iloji boricha ko'p ma'lumotni chiqarib olish san'atidir. O'qimoqchi bo'lgan har qanday kitobingizni avval to'la taftish qilib chiqishingiz kerak. Chunki bu ikki narsada yordam beradi:
- Kitob haqida umumiy tushunchaga ega bo'lasiz.
- Kitobni o'qish yoki o'qimaslikni va qanday o'qishni bilib olasiz.
Birinchisi, ya'ni kitob haqida umumiy ma'lumotga ega bo'lishingiz, o'qish tezligingizga foyda beradi va kitobni tushunish uchun ortiqcha vaqt sarflamaysiz. Ikkinchisi esa, o'qishingiz shart bo'lamagan kitobni o'qishga ketadigan vaqtingizni saqlab qoladi. Ikkala holatda ham, kitobni o'qishga arzishi, yoki, arzimasligi to'g'risida umumiy tushuncha hosil qilasiz.
Demak quyida buni qanday amalga oshirish haqida gaplashamiz.
1-bosqich: Tizimli "ko'z yugurtirib chiqish"; yohud, mutolaadan oldingi o'qish
Demak, kitob haqida bilib olish uchun qisqa vaqt ichida unga ko'z yugurtirib chiqish kerak bo'ladi. Odatda bunga 10 daqiqadan bir soatgacha vaqt ketishi mumkin. Bu jarayonda siz ushbu savollarga javob topishingiz kerak boladi: Bu qanday kitob? Kitob nima haqida? U qanday tuzilgan? O'qishga arziydimi? Javobni esa, quyidagi usullar orqali topishingiz mumkin:
- Taftishni eng avvalo muqovadan boshlaysiz. Kitob nomini ovoz chiqarib o'qib ko'ring. Nimani sezdingiz?
- So'ng, mundarijaga qarang. Odatda mudarijadan faqat o'zimizga kerakli joyni izlash uchungina foydalanamiz. Biroq, mundarija - kitob haqida so'zlovchi eng yaxshi vosita. Kitob qanday tuzilgani, mavzuning borishi va eng muhim boblar haqida aniq tasavvurga ega bo'ling.
- Indeks/ko'rsatkichlarni, agar bor bolsa, tekshirib chiqing. Qanday atama va fikrlar haqida gap ketganini bilib oling.
- Nashriyotning qaydini o'qib chiqing. Odatda ayni shu matnda kitob haqida barcha asosiy xulosalar berilgan bo'ladi.
- Kirish/muqaddimalar ham umumiy xulosa beruvchi eng zo'r vositalardan biri.
Bu bosqichda taqriz, sharh va kommentariylar o'qishdan saqlaning. Chunki, hali kitobni o'qimay turib boshqalarning fikrini qabul qilish kitob haqida o'z fikr va xulosalaringizga kelishingizni qiyinlashtiradi. Buni, yaxshisi, kitobni to'liq tugatgach amalga oshirgan ma'qul.
Keyingi ishimiz kitobni varaqlab chiqish bo'ladi. Bunda:
- Sarlavhalar, jadvallar va grafiklarni o'qib chiqing;
- Bir-ikkita paragraf o'qib ko'ring - undan ortiq emas!;
- Asosiy boblarning mazmuniga ko'z yugurtirib chiqing - asosan bobning kirish va xulosa qismlariga;
- Kitobning asosiy qismidagi oxirgi betlarni o'qishni unutmang! Deyarli har doim yozuvchi o'zi muhim deb bilgan fikrlarni ayni shu qismda qayta berib o'tadi.
Uchinchi, kitobning janri, badiiy yoki ilmiy, nazariy yoki amaliy ekanini aniqlab oling. Kitob mazmuni haqida, asosiy fikrlarni keltirgan holda qisqa xulosa yozib qo'ying.
Endi siz kitob haqida to'liq tasavvurga egasiz va uni o'qish kerakmi yoki yo'q, degan savolga javob bera olasiz. Endi, bemalol taftishning ikkinchi bosqichga o'tsangiz bo'ladi:
2-bosqich: Yuzaki mutolaa
Deyarli barchamiz katta umidlar bilan biror qiyinroq kitobni o'qishni boshlaganmiz-u, uni tushunolmay hafsalamiz sovib ketgan. Tabiiyki, bu kitobni o'qish xato ekan, degan xulosaga kelganmiz. Aslida, xato - o'sha kitobni o'qiganimiz emas, birinchi mutolaadayoq kitobdan ko'p narsa kutganimiz edi. To'g'ri yondashuv bilan har qanday kitobni o'qib tushunsa bo'ladi. To'g'ri yondashuvning asosiy qoidasi: Har qanday qiyin kitobni birinchi marta o'qishda tushunolmay qolgan joylarga to'xtab o'tirmasdan, o'qishda davom eting!
Tushunolmagan narsangiz sizni to'xtatmasin. Agar, sahifadagi har bitta mayda detalni tushunishga harakat qilsangiz, kitobning asosiy g'oylarini e'tibordan chetda qoldirishingiz mumkin. Qiyin joylaridan o'qib o'tib ketavering, oson joylari kelganida ko'proq tushuna boshlaysiz. Shunday joylarini e'tibor bilan o'qing. Chunki, ayni shu oson tushungan fikrlaringiz orqali qiyinlarini ham tushunish osonlashadi. Kitobni qayta o'qiganingizda uni avvalgiga nisbatan yaxshiroq tushuna boshlaysiz. Ayni shu sababdan ham bu bosqich "yuzaki mutolaa" deb nomlandi. Avval yuzaki o'qib chiqasiz-da, keyingi o'qiganingizda mutolaaning 3-darajasiga o'tishingiz mumkin bo'ladi.
O'qish tezligi
Mutolaada eng muhimi tez oq'ish emas, to'g'ri o'qishdir. Ya'ni, qaysi manba qanday tezlikda o'qilishi kerakligini bilish. Qanchalik tez o'qish kerak? Qiyin savol. Ba'zi, ko'p vaqt sarflash kerak bo'lmagan kitoblarni normadan tezroq o'qish kerak bo'ladi. Ba'zi kitoblarni esa normadan sekin, shoshmay o'qish talab etiladi. Eng muhimi, yuqorida aytganimizdek, to'g'ri tezlikni topa bilishdir.
Sekin o'qishni o'rganish shart emas, biroq, tezroq o'qishni mashq qilishga to'g'ri keladi. Tezroq o'qish usullari haqida keyingi qismda to'liq tanishishingiz mumkin.
3-Bo’lim: Mutolaaning 3-darajasi - Analitik mutolaa
Unutmangki, shunchaki kimningdir fikri sizga yoqmagani bilan u fikr xato bo'lib qolmaydi.
Kitobni qisqa vaqt ichida yuzaki o'rganib chiqqanimizdan so'ng, vanihoyat, navbat...
Mutolaning 3-darajasi
"Analitik mutolaa", bu kitoblarni obdon va to'liq o'qib chiqish, va o'z miyyangizdan boshqa hech narsadan foydalanmay, maksimum darajada tushinish san'atidir.
"Analitik mutolaa"dan ko'zlangan asosiy maqsad - siz va yozuvchi o'rtasidagi farqni kamaytirish, yozuvchining bilim darajasiga yaqinlashish. Bunda mutolaa so'ngiga qadar yozuvchining g'oyasi, u nimalar demoqchi bo'lgani va nega bunday degani haqida to'liq tushunchaga ega bo'lishingiz kerak. Shuningdek, kitob to'g'risida o'z pozitsiyangiz va tanqidiy fikrlaringizni ham shakillanitirishingiz lozim.
Kitob mazmuniga ko'ra mutolaaning 3-darajasi 3 qismga bo'linadi. Maqsad - ushbu ko'nikmalarni oson hazm bo'lishi uchun ularni aniq va lo'nda qilib siz o'quvchilarga yetkazish. Bu ko'nikmalar siz uchun mutolaa san'atini yangi bosqichga olib chiqadi va ularni puxta o'zlashtirish orqali siz yaxshiroq, tezroq va aqilliroq o'quvchiga aylanasiz!
1-qism: Kitob umumiy holda nima haqida?
- Kitobni tasniflash
- Qisqacha sintez qilish
- Kitob qismlarini aniqlash, tartibga solish va belgilash
- Asosiy muammolarni aniqlash
Bundan oldingi "taftish" qilish orqali to'plagan ma'lumotlarimizni endi qayta ko'rib chiqamiz va kengaytiramiz.
- Avvalo, kitob janrini to'g'ri tasniflaganingizga ishonch holis qiling. Bu ortiqcha ish bo'lib korinishi mumkin, biroq mutolaaning asosiy yo'nalishi aynan shu yerda belgilanadi.
- Sintezingizni qayta ko'rib chiqing va quyidagi savollarga javob toping: Asosiy mavzu nima? Yozuvchining muddaosi nima? Nimani qanday isbotlamoqchi? Javoblaringizni iloji boricha qisqa, lo'nda va tushunarli qilishga harakat qiling.
- Kitob struktirasini qayta ko'rib chiqing va asosiy qismlarini aniqlab, ajratib oling. Kitob strukturasini bulletpointlar ko'rinishida tuzib chiqing.
- Vahihoyat, Yozuvchi javob bermoqchi deb bilgan savollaringizni tuzib chiqing. Shunchaki hayolan emas, aksincha savollaringizni qog'ozga yozib qo'ying.
Ana endi kitobning qo'limizdagi tayyor umumiy strukturasi bilan keyingi qismga o'tamiz.
2-qism: Nimalar haqida batafsil gapirilmoqda va qanday?
5. Asosiy kalit so'zlarni aniqlab oling va ular bilan yozuvchi aynan nimani nazarda tutayotganiga e'tibor bering.
6. Yozuvchining eng asosiy fikrlarini belgilab chiqing.
7. Ushbu fikrlarga berilgan argumentlarni aniqlang.
"Analitik mutolaa"ning 1-qismida katta qismlar orqali kichik detallarini aniqlagan bo'lsak, 2-qismda kichiklaridan katta, asosiy xulosalarni yig'ishni boshlaymiz.
Huddiki so'zlar orqali gaplar tuzilgani kabi, atamalar orqali fikrlar va argumentlar hosil qilinadi. Endilikdagi vazifangiz esa, ushbu mantiqni topish va 1-qismga bog'lash.
KELISHUV
Avvalo, kitobdagi mavzuga aloqador, yoki muhim bo'lgan barcha atama va so'zlarni aniqlab, bir ro'yxatga joylab chiqing. Bunda sarlavha, nomlar, begilar, qo'shimcha lug'atlardan foydalaning. Ro'yxat to'liq tayyor bo'lgach, yozuvchi bu so'zlarning aynan qaysi ma'nosida qo'llayotganini aniqlab oling. (Umuman olganda, ayni shu vazifani bajarmay o'tib ketishlik tufayli, kitobni tushunishimiz qiyinlashib boradi.)
Ushbu atama va so'zlarning ma'nolarini bilishda lug'atlar yashi vosita bo'lishi mumkin (ayniqsa ilmmiy atamalar uchun). Biroq, ayni shu so'z atrofida ishatilgan so'zlar va kontekstdan ham ko'p narsani bilib olish mumkin. Yozuvchining manashunday maxsus atamalari bilan tanishib chiqib, u bilan "kelishib" olganingizdan so'ng, keyingi vazifaga o'tsangiz ham bo'ladi.
FIKRLARNI ANIQLASH
Mutolaa davomida ma'nosi chigal yoki boshqa bir tub ma'noga ega bo'lgan gaplarni belgilab, ostiga chizib keting. Manashular yozuvchi muhokama qilayotgan fikrlar bo'ladi va shular asosiy argumentlarni beradi.
ARGUMENTLARNI YIG'ISH
Muayyan xulosani asoslovchi bir yoki bir nechta fikrlarni aniqlang va ularni birlashtiring. Ushbu zanjirda yozuvchining asosiy argumentlari yashiringan bo'ladi.
Shundan song, to'plangan tahlillarni 1-qismda yozib qo'ygan savollaringizga bog'lashga va javob topishga harakat qiling. Yozuvchi qaysi muammolarni yechdi? Qaysilarini uddalay olmadi?
Yuqoridagi barcha jarayonlarni yakunlab, keyingi qismga o'tamiz.
3-qism: Kitob to'liq yoki qisman haqiqatmi?
A) INTELEKTUAL ODOB
9. Fikrga qo'shilish, qo'shilmaslik, yoki betaraf bo'lishdan oldin, uni to'liq tushinib yeting.
10. Hatto qarshi chiqqaningizda ham ochiq fikrli va hamkorlikda bo'ling.
11. Har qanday tanqidingizni aniq ifoda qiling.
Tanqidning asosiy qoidasi - unga huddiki yaqin do'sting bilan biror muammoni birgalikda hal qilish uchun konstruktiv ruhdagi mushohada kabi yondashish kerak.
Tanqidni avvalo ochiq fikrlilik bilan boshlang. Har qanday tarafkashlikni chetga suring. Unutmang, siz ham, yozuvchi ham haqiqatni topishga birdek hayrihoh va faqatgina manashu haqiqatni topishga e'tibor qaratish ishni ancha osonlashtiradi. Kim haq, yoki kim nohaqligini qidirish emas.
Qarshi chiqqan paytingizda hissiyotlaringizni jilovlay biling. Unutmangki, shunchaki sizga kimningdir fikri yoqmagani bilan u fikr xato bo'lib qolmaydi. Va yana unutmangki, bu yerda aynan siz masalaning tub mohiyatiga tushunmagan, yoki noto'g'ri tushungan bolishingiz ham mumkin.
O'zingizni ma'nili va mantiqli tutishning eng yaxshi yo'li...
B) TANQIDINGIZNI ANIQ VA BATAFSIL IFODA QILING
Yozuvchi va uning argumentlari quyidagi sabablarga ko'ra adekvat bo'lmasligi mumkin:
12. Ma'lumotga ega emaslik - Yozuvchi biror muhim detalni bilmaydi.
13. Noto'g'ri ma'lumotga egalik - Yozuvchi no'to'g'ri bo'lgan fikrni ifoda qiladi.
14. Mantiqsiz - Yozuvchining fikrlari betartib yoki "yopishmaydi".
15. Tugallanmagan - Bir yoki bir nechta qo'shimcha xulosalar tushib qolgan.
O'ylaganini bilaman, degan, biroq uni tushuntirib berolmagan odam nima o'ylayotganini bilmaydi. Demak, tanqid qilayotganingizda aynan nimani tanqid qilayotganingizni, yozuvchi fikridan qanday noadekvatlilik topganingizni va kamchiliklarni qanday tuzatgan bo'lishingizni aniq yetkazib bering. Agar qo'lingizdan kelmasa, unda o'zingizning kitobingizni tanqid qilayotgan odamdan shubhalanganingiz kabi o'zingizdan shubahlaning. Unutmang, kitobdagi hech bo'lmaganda birinchi uchta firkdan bittasini tushunmaguningizcha umumiy xulosaga (mantiqan) qarshi chiqolmaysiz.
Vanihoyat siz 3-darajani ham yakunladingiz! O'z miyyangizdan boshqa hech qanday tashqi yordamdan foydalanmay kitobni maksimum tushunishga harakat qildingiz va buni uddaladingiz. Biroq, asosiy - Kitob nima demoqchi? savoliga javob topmadik. Shu paytgacha o'rganganlarimizni to'plab keyingi bosqich - Mutolaaning so'ngi 4-bosqichiga o'tishimiz mukin!
4-Bo’lim: Mutolaaning 4-darajasi - qiyosiy/sintopik mutolaa
Sinoptik mutolaa - biror savol yoki masalaga bir qancha adabiyotlar orqali javob qidirish. Bunda bir yoqlama yakuniy xuolasaga kelish har doim ham muhim emas. Mutolaa jarayonida turli-tuman, qarama-qarshi qarashlarga duch kelasiz. Bularning hech biriga qo’shilishingiz ham shart emas. Asosiysi o’zingiz izlanishda bo’lgan mavzu yuzasidan keng ko’nikma va umumiy xulosaga ega bo’lish.
Ushbu bosqichning o’zidan oldingilaridan farqi bu yerda e’tibor va maqsad muayyan kitob emas, balki muayyan masala bo’ladi. Garchi analitik mutolaa kitoblarni boshidan oxirgacha o’rganib chiqsada, sinoptik mutolaa kitoblardan faqatgina muhokama mavzusi uchun asos, qo’llanma sifatida foydalanadi.
Amaliyotda sintopik mutolaa asosan biror ilmiy ish usitda ishlayotganda, biror mavzu yuzasidan ilmiy asar yozayotganda, ummuman, biror bir masala yoki muammoga har tomonlama hechim qidirayotganda qo’llaniladi.
Shuning uchun, sinoptik mutolaaning birinchi qismi “qanday” emas, “nima” degan savolga javob izlaydi.
1-qism: sinoptik mutolaaga tayyorlov
Har qanday ishda bo’lgani kabi, sintopik mutolaa ham puxta reja bilan amalga oshiriladi. Quyidagi 6 bosqichli jarayon bunda asqotishi mumkin.
- E’tibor markazidagi masalani aniqlashtirib oling - bunda masalaga iloji boricha aniq yondashish kerak. Savolni umumiy berishdan qoching.
- Bu ishimizda bittadan ko’p kitob o’qilishini unutmang - bunda brigina kitob o’qib olib undagi fikrlarni mutloq haqiqat deb qabul qilmaslik kerak.
- Foydalanilgan manbalar ro’yxatini tuzib chiqing
- Ro’yxatdagi barcha kitoblarni tizimli ko’rib chiqing - bu bilan uzun ro’xatdagi kerak bo’lmagan adabiyotlarni aniqlab ularni ro'yxatdan chiqaib yuborish mumkin bo'ladi.
- E’tibor markazidagi masalani aniqlashtirib boring - javob qidirayotgan savollaringizni tayyorlab oling va shu bo’yicha kitobni ko’rib chiqing. Bu bilan ishingizni osonlashtirib olasiz.
- Manbalar ro’yxatini qisqartirib oling - faqatgina e’tibor markazidagi masalaga ta’luqli bo’lgan adabiytolarnigina qoldiring.
Shu joygacha sizda quyidagilar to’g’risida tushuncha shakillanishi kerak:
- Yondashilayotgan masala
- Qay tomondan yondashuv bo’layapti
- Bunda foydasi tegishi mumkin bo’lgan manbalar
- Va ular qaysi savollarga javob bo’layapti
2-qism: qiyosiy mutolaa
Qiyosiy mutolaa mutolaaning 4-darajasi bo’lib, u qolgan uchta daraja: boshlang’ich, taftish qilish va analitik mutolaalarni o’z ichiga oladi. Bu darajada bundan oldingi darajalarda o’rganilan ko’nikmalarning barchasini ishga solamiz. Buning uchun:
- Kitoblardagi o’zingizga aloqador qismlarni topib oling - bunda kitobni to’liq analitik o’qib chiqish shart emas.
- O’qiyotgan yozuvchilaringiz fikrini umumiy yahlid holga kelting - sinoptik mutolaa davomidagi turli manbalardagi turli fiklarni umumiy qolipga soling.
- Savollarni qayta saralang - muhokama mavzusini iloji boricha aniq va lo’nda qilish qidirlayotgan javob va xulosalarga tezroq kelishni osonlashtiradi.
- Muammo va masalalarni aniq izohlang - har bir manbada yozuvchi yechim topmoqchi bo’lgan savollarga qanday yondashmoqda. Shunga e’tibor bering.
- Muhokamani analiz qiling - turli xil subyektiv yondashuvlardan extiyot bo’ling
Esingida tuting, sinoptik mutolaa huddiki xarita chizishdek gap - uni qanchalik obyektib olib borishingiz manzilga aniq va omon yetib olishingizni kafolatlaydi.
Xotima
Siz buni uddaladingiz! Ushbu kotobdan o’rgangan mutolaaviy ko’nikmalaringiz sizga butun umr hizmat qilishiga ishonamiz.
Umid qilamizki “How to read a book” asari sizga hayotda mutolaa qay darajada ahamiyatli ekani, ko'pchilik kishilar savodli bo’lgani bilan o’qishni bilmasliklari, ammo tizimli yondashuv bilan kerakli ko’nikmalarni egallash mumkinligi va mutolaa haqida bilishingiz kerak bo’lgan barchasini qisqa va lo’nda qilib, tushunarli tilda yetkazib bera oldi.
Kitobning mazmuni faollik, ya’ni mutolaa qancha faol bo’lsa natija ham shuncha yaxshi bo’lishi haqida edi. Va biz mutolaaning ustida qanday faol ishlash mumkinligini birga o’rganib chiqdik.
Manfaatli mutolaa tilaymiz!
Happy reading!
Sizning Kitobqurti
Bookworm™ 2020
(Ushbu matnda keltirilgan barcha fikrlar to'laligicha Mortimer Adlerning "Kitoblarni qanday o'qish kerak?" asaridan olindi va hech qanday qo'shimcha kiritilmadi. Atamalar Bookworm™ muallifi - Akbarmirzo tomonidan tarjima qilindi.)
Bookworm™ sahifasiga qo'shiling! https://t.me/kitobqurti