Morrining seshanba darslari

Morrining seshanba darslari

Muallif: Mich Elbom. Ingliz tilidan Gulsanam Roziqova tarjima qildi.

13. Toʻrtinchi seshanba: oʻlim haqida suhbatlashamiz

– Kel, mana bu fikrdan boshlaymiz, – dedi Morri, – hamma qachondir oʻlishini biladi, lekin hech kim bunga ishonmaydi.

Bu seshanba Morri toʻgʻri maqsadga oʻtdi. Suhbatimiz mavzusi oʻlim – roʻyxatimdagi birinchi masala edi. Men yetib kelgunimcha, Morri unutib qoʻymaslik uchun baʼzi fikrlarini bir nechta mayda oq qogʻoz boʻlaklariga yozib qoʻyibdi. Yozayotganda qoʻli qaltirar, qingʻir-qiyshiq husnixatini endilikda oʻzidan boshqa hech kim tushunmasdi. Mehnat kuni yaqinlashib qolgan, kabinet derazasidan orqa hovlidagi ismaloqrang devor-daraxt koʻrinib turar va maktab boshlanishidan oldin erkinlikdagi soʻnggi haftada koʻcha changitib oʻynayotgan bolalarning qiyqirigʻi eshitilib turardi.

Detroytda esa nashriyot ish tashlovchilari rahbariyatga qarshi kurashda kasaba uyushmasi bilan hamjihat ekanliklarini bildirish maqsadida bayram kuniga yirik namoyish tayyorlayotgandi. Parvoz vaqtida, uxlab yotgan turmush oʻrtogʻi va ikki nafar qizini otib oʻldirgan va bu ishni ularni “yomon odamlarda” himoya qilish uchun qilganini taʼkidlagan ayol haqida oʻqidim. Kaliforniyada J.O.Simpsoning huquqshunoslari naq mashhur yulduzlarga aylanib borayotgandi.

Bu yerda – Morrining kabinetida esa hayot tamomila oʻzgacha ruhda davom etardi: oʻtayotgan har bir kun bebaho edi. Uyni toʻldirib turgan eng yangi uskuna – kislorod uzatuvchi qurilmadan bir-ikki fut masofada yonma-yon oʻtirardik. Kichkinagina koʻchma qurilmaning balandligi tizzagacha kelardi. Baʼzan tunlari Morri yetarlicha havo yutolmay qolganida, qurilmaning uzun plastik naychalarini burniga zulukdek mahkamlab qoʻyardi. Morrining biror uskunaga ulab qoʻyilgani haqidagi fikrning oʻziyoq menga tinchlik bermagani sababli Morrining gaplariga quloq tutar ekanman, qurilmaga qaramaslikka urinardim.

– Hamma qachondir oʻlishini biladi, – takrorladi u, – lekin hech kim bunga ishonmaydi. Agar ishonganimizda edi, butunlay boshqacha hayot kechirgan boʻlardik.

– Demak, biz oʻlim borasida oʻzimizni aldaymiz, – dedim men.

– Ha. Lekin bundan yaxshiroq yondashuv ham mavjud. Oʻlishingni anglash va istalgan payt oʻlishga tayyor boʻlish. Shunisi afzalroq. Mazkur yondashuv senga oʻz hayotingda sodir boʻlayotgan jarayonlarda faolroq qatnashish imkonini beradi.

– Lekin qanday qilib oʻlimga tayyor boʻlish mumkin?

– Buddistlar kabi yasha. Har kuni sendan: “Oʻsha kun bugunmi? Tayyormanmi? Bajarishim zarur boʻlgan barcha ishlarni qilyapmanmi? Oʻzim xohlagan inson boʻla olyapmanmi?”, deb soʻraydigan qushcha oʻtirsin yelkangda.

Morri xuddi ayni paytda yelkasiga qushcha qoʻnib turgandek boshini bir tomonga burdi.

– Bugun mening soʻnggi kunimmi? – soʻradi u.

Morri turli dinlardagi qarashlarni osongina oʻzlashtirib olgandi. U yahudiy boʻlib dunyoga kelgan, biroq qisman bolaligida sodir boʻlgan voqealar sababli, oʻsmirlik davrida agnostga aylangandi. U buddizm va nasroniylikning baʼzi aqidalarini yoqtirsa-da, madaniy jihatdan Yahudiylik dinida oʻzini uyidagidek erkin his etardi. Dinlar borasida kallavaramligi uni yillar davomida oʻqitgan talabalarining fikrlariga bagʻrikenglik bilan qarashiga imkon berardi. Umrining oxirgi oylarida gapirayotgan gaplari turli diniy tafovutlarning barchasidan yuqoriroq turadigandek tuyulardi. Oʻlim koʻp narsalarga qodir.

– Haqiqat shuki, Mich, – dedi u, – oʻlishni oʻrgangan kuning yashashni ham oʻrganasan.

Men bosh irgʻatdim.

– Yana takrorlayman, – taʼkidladi u, – oʻlishni oʻrgangan kuning yashashni ham oʻrganasan.

U jilmaydi va men uning bu soʻzlarni takrorlashdan maqsadi nima ekanini tushundim. Morri oʻzimdan soʻrab meni xijolat qilmasdan, uning soʻzlarini anglaganimga ishonch hosil qilayotgandi. Aynan shu odati uni yaxshi oʻqituvchiga aylantirgan xislatlardan biri edi.

– Betob boʻlib qolishingizdan oldin ham oʻlim haqida koʻp oʻylarmidingiz? — soʻradim undan.

– Yoʻq, — jilmaydi Morri. — Men ham boshqalar kabi edim. Gʻayratim ichimga sigʻmay ketgan kunlarning birida bir doʻstimga: “Men sen umring davomida uchratgan eng sogʻlom chol boʻlaman!” — deb yuborganman.

– Nechchi yoshda edingiz oʻshanda?

– Oltmishdan oshgandim.

– Nekbin boʻlgan ekansiz-da.

– Boʻlmasam-chi? Aytdim-ku, hech kim oʻlishiga ishonmaydi.

– Lekin hammaning ham kimidir vafot etgan-ku, — dedim men, — Nega oʻlim haqida oʻylash bu qadar mushkul?

– Chunki, — davom etdi Morri, — koʻpchiligimiz uyquda yurgandek hayot kechiramiz. Dunyoni toʻlaligicha his qilmaymiz, chunki yarim-uyquda yuramiz va koʻp ishlarni odatlanib qolganimizdan bajarishimiz shartdek qabul qilamiz.

– Va oʻlim bilan yuzma-yuz kelish bu qarashlarimizni oʻzgartirib yuboradimi?

– Albatta. Keraksiz narsalarni irgʻitib tashlab, diqqatingni faqat oʻta ahamiyatli narsalarga qaratasan. Yaqinda oʻlishingni anglab yetgan zahoting, hayotga boshqacha nigoh bilan qaray boshlaysan.

U xoʻrsindi.

– Oʻlishni oʻrgansang, yashashni ham oʻrganasan.

U qoʻllarini qimirlatganda, ular qaltirayotganini sezdim. Koʻzoynagi boʻyniga osib qoʻyilgandi, uni taqish uchun koʻziga olib borgandi, koʻzoynak bir necha bor chakkasidan sirpanib oʻtib ketaverardi; u koʻzoynakni oʻziga emas, qorongʻida boshqa birovga taqib qoʻyishga urinayotgandek koʻrinardi. Koʻzoynak bandini qulogʻiga qoʻndirishga yordamlashish uchun engashdim.

– Rahmat, – shivirladi Morri.

Qoʻlim uning boshiga tekkanida, yuziga tabassum yugurdi. Insonlarning arzimas darajada tegib ketishi ham unga xursandchilik bagʻishlardi.

– Mich, senga bir narsa aytsam maylimi?

– Albatta, – dedim men.

– Bu senga yoqmasligi mumkin.

– Nega?

– Haqiqat shuki, agar chindan yelkangdagi qushchaga quloq solsang, agar chindan ham istalgan paytda jon berishing mumkinligini tan olsang, hozirgidek shuhratparast boʻlmasliging mumkin.

Men zoʻrma-zoʻraki jilmayib qoʻydim.

– Vaqtingning koʻp qismini sarflayotgan mashgʻulotlaring – qilayotgan ishing u qadar muhim boʻlib tuyulmasligi mumkin. Va, ehtimol, maʼnaviy ozuqa uchun ham vaqt ajratishingga toʻgʻri kelar.

– Maʼnaviy ozuqa?

– “Maʼnaviy” soʻzini jining suymaydi, a? Buni taʼsirchanlik va koʻngilchanlik mahsuli deb oʻylaysan.

– Shunaqaroq…

Morri koʻz qisib qoʻyishga urindi, oʻxshamadi; uning qiligʻidan oʻzimni tutib turolmay kulib yubordim.

– Mich, – dedi u men bilan birga kular ekan, – hatto men ham “maʼnaviy yuksalish” nima ekanligini tushunmayman. Lekin qusurlardan holi emasligimizni aniq bilaman. Biz moddiyatga haddan ortiq mukkasidan ketganmiz, lekin moddiyat barcha ehtiyojlarimizni qoniqtira olmaydi. Mehrli rishtalarni, atrofimizdagi borliqni oʻz-oʻzidan mavjud boʻlishi shartdek qabul qilamiz.

U quyosh nuri tushib turgan deraza tomonga ishora qilib bosh irgʻatdi:

– Koʻryapsanmi? Sen istalgan payt u yerga – tashqariga chiqishing mumkin. Koʻcha boʻylab yugurishing va bundan telbalarcha zavq olishing mumkin. Men esa bunday qilolmayman. Tashqariga chiqa olmayman. Yugura olmayman. Har gal tashqariga chiqqanimda, “mazam qochib qoladi” degan qoʻrquvdan yuragim titrab turadi. Lekin bilasanmi nima? Men shu derazani sendan koʻra koʻproq qadrlayman.

– Derazani qadrlaysiz?

– Ha. Har kuni shu deraza orqali tashqarini tomosha qilaman. Daraxtlar oʻzgarishini, shamolning qay darajada kuchli esayotganini ilgʻayman. Goʻyoki men shu deraza oynasidan vaqt oqimini koʻra oladigandekman. Men vaqt-soatim bitib qolganini bilaman, shu sababli ham tabiat menga nihoyatda maftunkor boʻlib tuyuladi, xuddi uni ilk marta koʻrayotgandek.

Morri jimib qoldi. Bir muddat ikkimiz ham derazadan tashqariga tikilib turdik. Men u koʻrayotgan narsalarni koʻrishga urindim. Vaqt va fasllar almashinuvini, oʻzimga sezdirmay sekin-asta oʻtib ketayotgan umrimni koʻrishga urindim. Morri boshini biroz egib, yelkasi tomonga qayrildi.

– Qushcha, oʻsha kun bugunmi? – soʻradi u, – bugunmi oʻsha kun?

***

“Tungi xabarlar” telekoʻrsatuvidagi chiqishlari tufayli Morriga dunyoning turli burchaklaridan maktublar kelishi davom etardi. Morri oʻzini yaxshi his qilgan paytlari uning doʻstlari va oila aʼzolari maktublarga javob yozishga koʻmaklashish uchun unikida yigʻilar, Morri javob xatlari matnini ularga aytib turardi.

Oʻgʻillari Rob va Jon ham uyda boʻlgan yakshanba kunlarining birida hamma uy mehmonxonasiga toʻplandi. Ozgʻin oyoqlarini yopinchiq bilan oʻrab olgan Morri nogironlar aravachasida oʻtirardi. U sovuq yeya boshlashi bilan yordamchilardan biri yelkasiga neylon kurtka tashlab qoʻydi.

– Birinchi maktub nima haqida? – soʻradi Morri.

Hamkasblaridan biri onasi ALS xastaligidan vafot etgan Nensi ismli ayolning xatini oʻqib berdi. U onasini yoʻqotganidan qanchalar azob chekkani hamda Morri qanday azoblarni boshdan kechirayotganini tushunishi haqida yozgandi.

– Yaxshi, – dedi Morri maktub oʻqib tugatilganda. Soʻng koʻzlarini yumdi. – Keling, bunday boshlaymiz: “Qadrli Nensi! Onangiz haqidagi hikoyangiz yuragimni larzaga soldi. Qanday ogʻir sinovlardan oʻtganingizni yaxshi tushunaman. Qaygʻu-azoblar hammaning ham boshida bor. Ammo gʻam-qaygʻular men uchun xayrli boʻldi. Siz uchun ham xayrli boʻladi deb umid qilaman”.

– Menimcha, oxirgi qatorni oʻzgartirganingiz yaxshi, – dedi Rob.

Morri bir lahza oʻyga toldi.

– Toʻgʻri aytasan. Bunday desak-chi: “Gʻam-qaygʻuda oʻzingiz uchun malham boʻluvchi kuch topa olasiz deb umid qilaman”. Bunisi yaxshiroqmi?

Rob bosh irgʻatdi.

– “Tashakkur. Morri”, deb qoʻshib qoʻy, – taʼkidladi u.

Keyingi maktub Jeyn ismli ayoldan boʻlib, ayol Morrini “Tungi xabarlar”dagi chiqishlari bilan odamlarni ruhlantirgani uchun oʻz minnatdorchiligini izhor etgandi. U xatida Morrini paygʻambar deb atabdi.

– Bu juda yuksak eʼtirof, – dedi Morrining hamkasbi. – Paygʻambar!

Morrining yuzi burishdi. U oʻziga berilgan bahodan norozi ekani koʻrinib turardi. 

– Unga iltifot uchun minnatdorligimni yozing. Va soʻzlarim u uchun qandaydir ahamiyat kasb etganidan xursandligimni bildiring. “Tashakkur. Morri”, deb qoʻshib qoʻyishni ham unutmang.

Bir Angliyalik kishi xatida Morridan vafot etgan onasi bilan ruhlar olami orqali muloqot qilishga yordam berishini soʻrabdi. Yana bir xat Bostonga uni koʻrgani kelish niyatida boʻlgan juftlikdan kelibdi. Universitetni tamomlaganidan keyingi hayotini tasvirlab yozgan sobiq talabadan kelgan uzundan-uzoq maktub ham bor edi. U qotillik haqida hikoya qilardi: xudkushlik va oʻlik tugʻilgan uchta chaqaloq. ALS tufayli olamdan oʻtgan onasi haqida yozibdi. Yana u qizi, yaʼni oʻzi, ham shu xastalikka duchor boʻlishi mumkinligidan qoʻrqishini bildiribdi. Maktub tugay demasdi. Ikki bet. Uch bet. Toʻrt bet.

Morri bu uzun va gʻamgin xatni oxirigacha mijja qoqmay tingladi. Va nihoyat u yakunlangach, past ovozda soʻradi:

– Xoʻsh, nima deb javob beramiz?

Oʻrtaga jimlik choʻkdi. Oxiri Rob:

– Uzundan-uzoq maktubingiz uchun tashakkur, desak-chi? — dedi

Hamma kulib yubordi. Morri oʻgʻliga qarab kulimsiradi.

Uning kursisi yonida yotgan gazeta betiga hozirgina raqib jamoani yugurishdan mahrum qilib, koptokni tutib olgan Boston beyzbolchisining tabassum qilib tushgan surati bosilgan. Shuncha kasallik qolib, Morri aynan sportchining sharafiga nomlangan xastalikka uchrasa-ya, degan oʻy oʻtadi xayolimdan.

– Lu Gerig esingizdami? — soʻrayman men.

– Stadiondagi xayrlashuv nutqini eslayman.

– Demak, oʻsha mashhur gapi ham yodingizdadir?

– Qaysi biri?

– Qoʻysangiz-chi. Lu Gerig. “Yankilar iftixori”. Ovozkuchaytirgichlardan aks-sado bilan jaranglagan nutqi-chi?

– Eslatib yubor menga, — deydi Morri. – Oʻsha nutqni soʻzlab ber-chi.

Ochiq turgan derazadan axlat tashuvchi yuk mashinasining ovozi eshitiladi. Kun issiq boʻlsa-da, Morri oyoqlarini yopinchiq bilan oʻrab, yengi uzun koʻylak kiyib olgan. Rangi siniq. Dard uni butunlay mahv etgan.

Ovozimni balandlatib, soʻzlari stadion devorlariga urilib, aks-sao bergan Gerigga taqlid qilaman:

– Buu-gunnn… Men oʻzimni… yer yuzidagi… eng omadli inson deb bilaman.

Morri koʻzlarini yumib, ohista bosh irgʻaydi.

– Ha, mayli, men bunday demaganman.


Report Page