Morrining seshanba darslari

Morrining seshanba darslari

Muallif: Mich Elbom. Ingliz tilidan Gulsanam Roziqova tarjima qildi.

12. Professor

U sakkiz yoshda edi. Shifoxonadan telegramma keldi. Rus muhojiri boʻlgan otasi ingliz tilida oʻqiy olmaganligi sababli yangilikni Morrining oʻzi maʼlum qilishiga toʻgʻri keldi. U onasining oʻlimi haqidagi xabarnomani doskaga chiqarilgan oʻquvchidek tutilib-tutilib oʻqidi. “Chuqur hamdardligimizni bildirgan holda sizga shuni maʼlum qilamizki...” — oʻqishni boshladi Morri. Dafn marosimi kuni tongda Morrining qarindoshlari Manxettenning quyi sharqiy qismidagi qashshoq mavzeda joylashgan koʻp qavatli binoning zinalaridan birma-bir tushib keldi. Erkaklar qora kostyum-shimda, ayollar esa boshlariga qora toʻr yopinchiq tashlab olgandi. Maktabga yoʻl olgan qoʻshni bolalar ularning yonidan oʻtganda Morri yerga qarab olar, chunki sinfdoshlari uni bu ahvolda koʻrib qolishlaridan uyalar edi. Morrining xolalaridan biri – toʻlachadan kelgan ayol uni bagʻriga bosib, sannay ketdi:

– Onasiz qolgan bolaginam, endi nima qilasan? Shu kunlar ham bormidi boshingda? Holing ne kechadi endi?

Morri hoʻngrab yigʻlab yubordi. Sinfdoshlari esa qochib ketdi.

Qabristonda Morri onasining qabrini tuproq bilan koʻmishlarini tomosha qilib turdi. U hayotligida birga oʻtkazgan baxtiyor onlarni eslashga urindi. Onasi betob boʻlib, yotib qolishidan avval shirinliklar doʻkonini yuritardi. Xastalikka chalinganidan keyin esa koʻp vaqtini uxlash yoki derazadan tashqariga termilib oʻtirish bilan oʻtkazardi; deraza yonida u juda nimjon va oriq koʻrinardi. Baʼzan u oʻgʻliga dorilarini keltirishni aytib qichqirardi, koʻchada toʻp changitib yurgan kichkina Morri oʻzini eshitmaganlikka solardi. Xayolida, kasallikka eʼtibor bermasa, u oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadigandek tuyulardi.

Bolakay boshqa qanday usulda xastalikka qarshi turishi mumkin?

Morrining otasini hamma Charli deb chaqirardi. U Rus armiyasida xizmat qilishdan qochib, Amerikaga kelib qolgandi. U moʻynachilik sohasida ishlar, ammo tez-tez ishsiz qolardi. Tayinli oʻqimagan, ingliz tilida bazoʻr gapiradigan otasi nihoyatda qashshoq kishi boʻlib, oila asosan davlat tomonidan beriladigan moddiy yordam hisobiga kun kechirardi. Ular shirinliklar doʻkonining orqa tomonida joylashgan qorongʻu, tor va zimiston uyda yashardi. Pul faqat roʻzgʻordagi eng kerakli narsalarga yetardi, xolos. Mashinali boʻlish ular uchun orzu edi. Baʼzan, biroz pul ishlab olish maqsadida Morri ukasi Devid bilan odamlarning uyi oldidagi zinalarni besh sentga yuvib berishardi.

Onasining vafotidan soʻng bolakaylarni Konnektikut oʻrmonlarida joylashgan kichkina mehmonxonaga yuborishdi. Mehmonxona katta yogʻoch uy boʻlib, u yerda bir nechta oila ijarada turar va umumiy oshxonadan foydalanar edi. Qarindosh-urugʻlar bolalar uchun toza havo foydali boʻladi degan toʻxtamga kelgandi. Morri va Devid umrlari bino boʻlib, buncha koʻp oʻsimliklarni koʻrmaganliklari sababli kun boʻyi daladan beri kelmay yugurib, oʻynab yurishardi. Bir kuni kechki ovqatdan keyin ular sayrga chiqishgandi – yomgʻir sharros quyib yubordi. Lekin ular uyga qaytish oʻrniga, soatlab yomgʻirda chopqillab, jiqqa hoʻl boʻlishdi.

Ertasi kuni uygʻonishganda, Morri yotogʻidan sakrab turdi.

– Boʻlaqol, tur oʻrningdan, — dedi u ukasiga.

– Turolmayman.

– Bu nima deganing?

Devidning yuzini vahima egalladi.

– Men...qimirlayolmayapman.

U poliomielit kasalligiga chalingandi.

Albatta, xastalikning sababchisi yomgʻir emasdi. Biroq Morrining yoshidagi bolakay qayerdan ham buni tushunsin. Ancha vaqtgacha, ukasining uy va ixtisoslashtirilgan shifoxona oʻrtasida sargardon qatnashi va oyoqlariga maxsus moslama taqib yurishga majbur boʻlganidan oqsoqlana boshlaganini koʻrib, Morri oʻzini aybdor his qilardi.

Mazkur voqealar taʼsirida Morri ertalablari sinagogaga qatnay boshladi. Otasi xudojoʻy kishi boʻlmagani sababli ibodat qilishga bir oʻzi borardi. Uzun qora paltoli kishilar safida turib, Xudodan marhuma onasi va betob ukasini oʻz panohida asrashini soʻrardi.

Tushdan keyin esa metroning kirish eshigida jurnal sotib, topgan-tutganini oziq-ovqat olish uchun oilasiga keltirib berardi.

Kechki payt jimgina ovqatini yeyayotgan otasini kuzatar, uning biror bir shirin soʻz aytishi, mehr, eʼtibor koʻrsatishidan behuda umidvor boʻlardi.

Toʻqqiz yoshida yelkasida togʻdek yukni koʻtarib yurgandek sezardi oʻzini.

Keyingi yil Morrining hayotiga xaloskor inson kirib keldi: oʻgay onasi Iva. U ruminiyalik muhojir boʻlib, past boʻyli, jingalak sochli, koʻrimsiz ayol edi. Kamida ikkita ayolning gʻayrati bor edi unda. Ayol uyda ota yaratgan boʻgʻiq muhitga iliq nur olib kirdi. Er jim qolganda, ayol uni gapga solar, tunlari esa bolalarga qoʻshiq kuylab berardi. Uning tinchlantiruvchi ovozi, uy vazifalarini bajarishga yordamlashishi, oʻjar tabiati Morrining koʻngliga malham boʻlardi. Hali ham oyogʻiga maxsus moslama kiyib yurgan ukasi shifoxonadan qaytganida, ikkalasi oshxonadagi yigʻma karavotda birga uxlaydigan boʻlishdi. Iva har tun uyquga ketishdan oldin ularga xayrli tun tilab, oʻpib qoʻygani kirardi. Morri ushbu oʻpichlarni kuchukcha sutini kutgani kabi oshiqib kutar, qalbining tub-tubida yana onalik boʻlgandek his qilardi oʻzini.

Ammo qashshoqlik ularni hech tark etay demasdi. Endilikda ular Bronksga koʻchib oʻtib, Tremon Avenyudagi pishiq gʻishtdan qurilgan koʻp qavatli uyning bir xonali xonadonida istiqomat qilishardi. Uy yaqinida usti ochiq italyan qovoqxonasi joylashgan boʻlib, u yerda qari kishilar yoz oqshomlarini bochchi oʻynash bilan oʻtkazishardi. Buyuk iqtisodiy inqiroz sababli Morrining otasiga moʻynachilik bozorida ish topish yanada qiyinlashdi. Baʼzan oila kechki ovqatga oʻtirganda, Iva dasturxonga qoʻygani nondan boshqa narsa topmasdi.

– Yana nima bor yegani? — soʻrardi Devid.

– Boshqa hech narsa yoʻq, — javob qaytarardi Iva.

Morri va Devidni uxlashga yotqizayotib, Iva ularga yahudiy tilida ashula aytib berardi. Hatto qoʻshiqlar ham gʻamgin va gʻarib edi. Sigaret sotishga urinayotgan qizcha haqidagisi boʻlardi:

Sigaretlardan olib qoling,

Ular quruq: yomgʻirda ivimagan.

Yetimchaga rahmingiz kelsin.

Ogʻir oilaviy sharoitga qaramasdan, Morri odamlarga mehr berish va oʻzgalar haqida qaygʻurishga oʻrgatilgandi. Va ilm olishga ham. Ivani faqat aʼlo baholar qoniqtirardi, chunki u taʼlimni qashshoqlikdan qutulishning yagona chorasi deb bilardi. Uning oʻzi ham ingliz tilini yaxshiroq oʻrganish uchun tungi maktabga qatnardi. Ivaning mehnatlari tufayli Morri bilimga chanqoq boʻlib oʻsdi.

U tunlari oshxona stolida, chiroq yorugʻida dars qilardi. Ertalablari esa onasi uchun marhumlar haqqiga oʻqiladigan duo – Izkor aytgani sinagogaga qatnardi. Qanchalik ishonish qiyin boʻlmasin, otasi unga marhuma onasini tilga olishni taqiqlab qoʻygandi. Charli yosh Devidning Ivani oʻz onasidek koʻrishini xohlardi.

Morri uchun bu oʻta ogʻir yuk edi. Yillar davomida onasidan qolgan yagona yodgorlik uning oʻlimi haqidagi telegramma edi. U telegrammani kelgan kuniyoq yashirib qoʻygandi.

Morri uni butun umr yonida saqladi.

Morri oʻsmirlik yoshiga yetganda, otasi uni oʻzi ishlaydigan moʻyna fabrikasiga olib bordi. Buyuk iqtisodiy inqiroz yillari edi. Otasi Morriga ish topib berish maqsadida yurardi.

U fabrikaga qadam qoʻyishi bilan devorlar uni toʻrt tomondan qurshab olgandek boʻldi. Xona qorongʻu va issiq, deraza oynalari kirlanib yotar, bir-biriga tiqib oʻrnatilgan mashinalar poyezd gʻildiraklaridek taraqlab ishlardi. Havoda uchib yurgan moʻyna tolalari nafas olishni ogʻirlashtirar, ishchilar igna ustida bukchaygancha moʻyna boʻlaklarini bir-biriga yoʻrmalab ulashar, xoʻjayin esa qatorma-qator yurib, ularni tezroq ishlashga chaqirardi. Morri zoʻrgʻa nafas olardi. U otasining yonida yuragini hovuchlab turar, xoʻjayin unga ham baqirib qolishi mumkinligidan dahshatga tushardi.

Tushlik payti otasi Morrini xoʻjayinning oldiga olib bordi. Bolani oldinga itarib, unga biror ish topilarmikan deb soʻradi. Ammo kattalarga ham deyarli ish yoʻq edi, bor ishchilar esa fabrikani tark etish niyatida emasdi.

Shu holat Morriga najot boʻldi. U bu jirkanch joyni tezroq tark etishni xohlardi. Morri shu onda oʻzicha qasam ichdi va umrining oxirigacha unga sodiq qoldi: u hech qachon insonlar ekspluatatsiya qilinadigan ishda ishlamaydi va boshqalarning peshona teri evaziga pul topmaydi.

– Kim boʻlmoqchisan unda? — soʻrardi Iva.

– Bilmadim, — javob qaytarardi Morri. U huquqshunoslikni roʻyxatdan oʻchirib tashlagandi, chunki huquqshunoslarni yomon koʻrardi. Shuningdek, tibbiyotni ham roʻyxatdan chiqarishga toʻgʻri keldi, chunki qondan qoʻrqardi.

Kim boʻlmoqchisan?

Hayotimda uchratgan eng yaxshi professor tasodifan oʻqituvchilikni tanlagandi. 

“Oʻqituvchi abadiyatga taʼsir koʻrsata oladi, uning taʼsiri qayerda tugashini hech qachon bilib boʻlmaydi”.

Genri Adams


Report Page