Morrining seshanba darslari

Morrining seshanba darslari

Muallif: Mich Elbom. Ingliz tilidan Gulsanam Roziqova tarjima qildi.

11. Koʻrgazmali qurollar: ikkinchi qism

Morri intervyu bergan birinchi koʻrsatuv katta muvaffaqiyat qozongani sababli “Tungi xabarlar” uning ikkinchi qismini ham olishga qaror qilishdi. Bu safar eshikdan kirib kelgan operator va prodyuserlar oʻzlarini Morrining oila aʼzolaridek his qilardi. Koppel ham oʻzini oldingidan koʻra ancha doʻstona tutardi. Sinov jarayoni ham, suhbatdan oldingi suhbat ham boʻlmadi. Gap gapga qovushishi uchun avvaliga Morri va Koppel bolalik xotiralari bilan boʻlishishdi: Koppel Angliyada tugʻilib-oʻsganini gapirib berdi, Morri esa Bronksda katta boʻlgani haqida soʻzladi. Morri doim sovuq qotardi, hatto tashqarida toʻqson daraja issiq boʻlsa ham, shuning uchun uzun yengli koʻk koʻylak kiyib olgandi. Biroq Koppel kostyumini yechib qoʻyib, suhbatni koʻylak va boʻyinbogʻda oʻtkazdi. Morri uni sekin-asta, birma-bir qurolsizlantirayotganga oʻxshardi.

– Koʻrinishingiz chakkimas, — dedi Koppel, kamera tasmalari aylana boshlagach.

– Hamma shunday deydi, — javob qaytardi Morri.

– Gapirishingiz ham tetik.

– Hamma shunday deydi.

– Unda sogʻligʻingiz orqaga ketayotganini qayerdan bilasiz?

Morri xoʻrsindi.

– Oʻzimdan boshqa hech kim buni bilolmaydi, Ted. Faqat oʻzim bilaman.

Morri gapida davom etarkan, hammasi oydinlashib borardi. U oʻz fikrini yetkazish uchun qoʻllarini birinchi suhbatdagichalik bemalol silkitmayotgandi. Maʼlum bir soʻzlarni talaffuz qilishga qiynalar, “L” tovushi uning boʻgʻzida qolib ketayotgandek edi. Yana bir-ikki oydan keyin u mutlaqo tildan qolishi mumkin edi.

– Kayfiyatimga kelsak, — dedi Morri Koppelga, — tanishlarim va doʻstlarim yonimda boʻlganda, oʻzimni juda yaxshi his qilaman. Mehrga toʻla munosabatlar menga madad beradi. Ammo tushkunlikka tushgan kunlarim ham boʻladi. Sizni aldab nima qildim. Sodir boʻlayotgan maʼlum oʻzgarishlarni koʻrib, dahshatga tushaman. Qoʻllarimsiz qanday yashayman? Tildan qolsam nima boʻladi? Ovqatni yuta olmay qolish meni unchalik bezovta qilmaydi, chunki u holatda meni shunchaki naycha orqali boqishadi, tamom, nima boʻpti shunga? Biroq, ovozim? Qoʻllarim? Ular tanamning oʻta ahamiyatli qismlari. Ovozim bor ekan, gapiraman. Qoʻllarim ishlab turarkan, fikrimni turli harakatlar, ishoralar orqali yetkazaman. Bular men uchun odamlar bilan muloqot vositalari.

– Tildan qolganingizda qanday muloqot qilasiz? — soʻradi Koppel.

Morri yelka qisdi.

– Balki hammadan menga faqat javobi “Ha” yoki “Yoʻq” boʻlgan savollar berishni soʻrarman.

Javob shu qadar oddiy ediki, Koppel beixtiyor jilmaydi. U Morridan jimjitlik haqida soʻradi. U Morrining hikmatli soʻzlarini ilk marta “Boston Gloub” nashriga yuborgan hamkasb qadrdon doʻsti Mori Shteynni yodga oldi. Ular Brandeysda 60-yillar boshlaridan beri birga ishlardi. Hozirda Shteyn sekin-asta eshitish qobiliyatidan ayrilayotgandi. Koppel biri tildan qolgan, boshqasi esa eshitish qobiliyatini yoʻqotgan ikki kishining uchrashuvini tasavvur qildi. Uchrashuv qanday oʻtarkan?

– Bir-birimizning qoʻlimizni tutib oʻtiramiz, — dedi Morri. — Va oʻrtamizda cheksiz mehr-muhabbat oqimi suzadi. Ted, bizning oʻttiz besh yillik doʻstligimiz bor. Buni his qilish uchun soʻz ham, eshitish ham shart emas.

Koʻrsatuv tugashidan oldin Morri olgan xatlaridan birini Koppelga oʻqib berdi. “Tungi xabarlar”dagi birinchi suhbatdan keyin unga juda koʻp xat kelardi. Bir xat Pensilvaniyada ota-onasidan birining oʻlimini boshidan kechirgan toʻqqizta bolakaydan iborat maxsus sinfga dars beruvchi oʻqituvchidan kelibdi.

– Mana unga yozgan javobim, — dedi Morri Koppelga, koʻzoynagini burniga ehtiyotkorona qoʻndirarkan. — Qadrli Barbara...Xatingizdan juda taʼsirlandim. Ota-onasidan birini yoʻqotgan bolalar bilan ishlayotganingiz katta ahamiyatga molik deb oʻylayman. Men ham onamdan juda erta ajralib qolganman…

Birdaniga, hali ham gʻuvillab aylanib turgan kameralar qarshisida, Morri koʻzoynagini toʻgʻriladi. Biroz jimib qoldi, labini tishladi va boʻgʻziga tiqilib kelgan tugundan xalos boʻlish uchun yutina boshladi. Koʻzlaridan yosh dumaladi.

– Bolaligimda onamni yoʻqotganman… Bu men uchun qattiq zarba boʻlgan...Oʻshanda men ham siznikidek qaygʻularim bilan boʻlisha oladigan guruhda oʻqiganimda edi. Men albatta guruhingizga qoʻshilgan boʻlardim chunki...

Uning ovozi titrab ketdi.

– Chunki men shu qadar yolgʻiz edimki…

– Morri, — dedi Koppel. — Onangiz vafot etganiga yetmish yil boʻldi. Hali ham qaygʻudan azob chekasizmi?

– Boʻlmasam-chi, — shivirladi Morri.


Report Page