Morrining seshanba darslari

Morrining seshanba darslari

Muallif: Mich Elbom. Ingliz tilidan Maqsud Salomov va Gulsanam Roziqova tarjima qildi.

10. Uchinchi seshanba: pushaymonlik haqida suhbatlashamiz

Keyingi seshanba kuni odatdagidek bozor-oʻchar qilib keldim: makkajoʻxorili makaron, kartoshkali salat, olmali pirog. Yana Sony magnitofonini ham koʻtarib keldim.

– Nimalar haqida suhbatlashganimizni eslab qolishni xohlayman, — dedim Morriga. — Ovozingizni yozib olishni istayman...keyinroq ham tinglash imkonim boʻladi.

– Men oʻlganimdan keyin demoqchisan-da.

– Unday demang.

U kuldi.

– Mich, men oʻlyapman. Keyinroq emas, aksincha, tez orada.

Keyin u yangi texnikaga ishora qilib:

– Buncha katta boʻlmasa, — dedi.

Bezbet muxbirdek his qildim oʻzimni shu payt. Doʻst hisoblangan ikki inson orasida magnitofon begona oʻt yoki sunʼiy quloqdek ortiqchalik qiladi, degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Buning ustiga shuncha odam Morrining eʼtiboriga mushtoqligini hisobga olsak, men bu seshanbalarda haddan ortiq koʻp narsalarga ulgurib qolishga urinayotgan boʻlgandirman.

– Menga qarang, — dedim magnitofonni qoʻlimga olib, — Buni ishlatishimiz shartmas. Agar bu narsa sizga noqulaylik tugʻdirsa.

Morri koʻrsatkich barmogʻi bilan tergagandek ishora qilib, meni toʻxtatdi va koʻzoynagini yechgan edi, u boʻynidagi ipga ulab qoʻyilgani uchun koʻksida osilib, bir muncha vaqt tebranib turdi. U koʻzlarimga tik qarab:

– Joyiga qoʻy, — dedi.

Men magnitofonni joyiga qaytarib qoʻydim.

– Mich, — davom etdi u yumshoqroq ohangda. — sen tushunmayapsan. Men senga oʻz hayotimni gapirib bermoqchiman. Tildan qolmasimdan, aytib qolay deyapman.

Uning ovozi pasayib, shivirlashga oʻtdi.

– Kimdir mening hikoyamga quloq tutsa deyman. Sen tinglaysan, a?

Bosh irgʻatdim.

Bir lahza jim qoldik.

– Xoʻsh, — dedi u, — matohing yoqiqmi?

Rostini aytganda, magnitofonning vazifasi faqat xotiralarni muhrlab qolish emasdi. Men Morridan ayrilib qolayotgandim, biz hammamiz uni yoʻqotayotgandik: uning oilasi, doʻstlari, sobiq shogirdlari, hamkasb professorlar, siyosiy muhokamalar uchun tuzilgan jonajon guruhlaridagi oshnalari, sobiq raqqos sheriklari, umuman, barchamiz. Magnitofon tasmalari esa suratlar va video-yozuvlar kabi oʻlim xurjunidan hech qursa nimadir oʻmarib qolishga boʻlgan besamar urinish edi.

Biroq Morrining jasurligi, yumorga boyligi, sabri va samimiyligiga guvoh boʻlish orqali men uning hayotga tamomila boshqa nigoh bilan qarayotganini tobora ravshanroq anglab borayotgandim. Men tanigan insonlarning hech biri hayotga bunday qaramasdi. Sogʻlomroq nigoh edi u. Teranroq nigoh. U esa oʻlim yoqasida edi.

Agar taqdirga tan berib, oʻlimga tik boqqanimizda fikrlarimiz sirli ravishda ravshan tortadigan boʻlsa, unda Morri bu hodisa haqida boshqalarga gapirib berish istagida ekanini bilardim. Va men bu narsani qoʻlimdan kelgancha uzoqroq xotiramda saqlab qolishni xohlardim.

Birinchi marta Morrini “Tungi xabarlar” da koʻrganimda, u oʻlimi muqarrarligini bilgach, biror ishidan pushaymon boʻlganmikan deb qiziqqandim. Yoʻqotilgan doʻstlari uchun achchiq-achchiq koʻz-yosh toʻkdimikan? Agar imkoni boʻlganda, boshqacha hayot kechirgan boʻlarmidi? Xudbinlarcha “Agar men uning oʻrnida boʻlganimda, amalga oshirilmagan ishlarim, havoga sovurilgan imkoniyatlarim haqidagi qaygʻuli oʻylarga gʻarq boʻlarmidim?” deb oʻzimni savolga tuta boshladim. Ichimda saqlab kelgan sirlar yashirin qolib ketayotganidan afsuslanarmidim?

Men shu haqida Morridan soʻraganimda, u boshini irgʻadi.

– Hammani shu savol qiynaydi, shunday emasmi? Bugun umrimning soʻnggi kuni boʻlsa-chi?

U yuzimga tikilib turib, ikkilanish, parishonlik alomatlarini oʻqigan boʻlsa ajab emas. Xayolimda bir kuni ish stolim yonida yozayotgan maqolamni yakuniga yetkazishga ham ulgurmay gup etib yiqilib, jon berishim va tibbiy tez yordam xodimlari murdamni olib chiqib ketayotgan bir paytda muharrirlarim chala qolgan maqolamga ochkoʻzlarcha yopishishlarini tasavvur qildim.

– Mich? — chaqirdi Morri.

Men boshimni silkib tashlab, hech nima deb javob qilmadim. Biroq Morri mendagi parishonlikni sezdi.

– Mich, — dedi u. — Jamiyatimiz oʻlim toʻshagiga mixlanmaguningcha bunday narsalar haqida fikr yuritishingga yoʻl qoʻymaydi. Biz shaxsiy manfaatlarimiz domiga tushib qolganmiz: mansab, oila, pul topish, ipoteka qarzlarini qaytarish, yangi mashina olish, buzilgan isitish radiatorimizni tuzatish – boʻsh qolmaslik uchun millionlab mayda-chuyda ishlarga koʻmilib yashayveramiz. Bir nafas tin olib, hayotimizga tashqaridan nazar tashlab, oʻz-oʻzimizga savol berishga odatlanmaganmiz: “Bor-yoʻgʻi shumi? Men istagan narsalarning bari shumi? Nimadir yetishmayotganmikan?”

U biroz jim qoldi.

– Kimdir senga turtki berishi kerak bu yoʻnalishda fikrlash uchun. Bu oʻz-oʻzidan sodir boʻladigan jarayonmas.

Men uning nima demoqchi boʻlayotganini bilardim. Bu hayotda hammamiz ustozga muhtojmiz. Meniki qarshimda oʻtirardi.

“Boʻpti”, oʻyladim men, “Talaba boʻlish peshonamga bitilgan ekan, imkonim yetgancha yaxshi talaba boʻlishga harakat qilaman”.

Oʻsha kuni samolyotda uyga qaytar ekanman, sariq yon daftarchamga ichimizda barchamizni qiynaydigan masalalar roʻyxatini yozib chiqdim: baxt, keksayish, farzandli boʻlishdan boshlab to oʻlimgacha. Albatta, oʻz-oʻzimizni anglash uchun ushbu mavzularda minglab kitoblar yozilgan, bir dunyo telekoʻrsatuvlar bor, soati 9 dollar turuvchi maslahat darslari mavjud. Amerika oʻz-oʻziga yordam berish sohasida naq fors bozoriga aylangan.

Shunday boʻlsa-da, aniq-tiniq javoblar yoʻq edi. Atrofingdagilar haqida qaygʻurishing kerakmi yoki “ichingdagi bolakay” parvarishiga eʼtibor berishing lozimmi? Anʼanaviy qadriyatlarga qaytish lozimmi yoki urf-odatlarni befoydaga chiqarib, ulardan voz kechish kerakmi? Muvaffaqiyatga intilish kerakmi yoki oddiylikkami? Shunchaki, “Yoʻq” deyishni oʻrgangan yaxshimi yoki gap-soʻzlarni yigʻishtirib, ishga kirishgan afzalroqmi? Men bir narsani aniq bilardim: keksa professorim Morri oʻz-oʻziga yordam berish biznesida emasdi. U relsda turib, oʻlim parovozining hushtagini tinglar va hayotdagi ahamiyatli narsalar haqida aniq tasavvurga ega edi.

Menga shu aniqlik zarur edi. Yoʻlini yoʻqotgan va shubha-gumonlar girdobida azoblanib yurgan qalblarning har biri shu aniqlikka muhtoj edi.

– Istagan mavzuyingda savol ber, — derdi Morri doim.

Shu sababli quyidagi roʻyxatni tuzdim:

Oʻlim

Qoʻrquv

Keksayish

Nafs

Nikoh

Oila

Jamiyat

Kechirimlilik

Mazmunli umr

Avgust oxirlab qolgan paytlar, seshanba kuni Gʻarbiy Nyutonga toʻrtinchi bor kelayotganimda sumkamda shu roʻyxat yotardi. Oʻsha kuni Logan aeroportida konditsioner buzilgan ekan, odamlar yelpinib, jahl bilan peshonalaridan oqayotgan terni artishar va kimga koʻzim tushmasin, hammasining yuz ifodasidan kimnidir boʻgʻizlab qoʻyishga tayyorligi bilinib turardi.

Toʻrtinchi kurs boshiga kelib, men sotsiologiya fanidan shu qadar koʻp darslarga qatnashdimki, diplom olishim uchun faqat bir necha kredit yetmayotgan edi xolos. Buni koʻrgan Morri aʼlo darajali diplom olish uchun qiyinroq diplom ishi yozishni taklif etadi.

– Men, a? — soʻrayman undan, — Nima haqida yozaman?

– Qaysu mavzu sen uchun qiziq? — deydi u.

Bir dunyo gʻoyalarni koʻrib chiqib, mavzu qurib qolgandek, sportga toʻxtalamiz. Men “Futbol qanday qilib Amerikada xalq uchun afyun, yaʼni sal kam din darajasidagi muhim udumga aylangan?” degan mavzuda bir yillik diplom ishimni boshlayman. Bu narsa boʻlajak kasbim uchun tayyorlov kursi ekani xayolimga ham kelmaydi. Bilganim, shu narsa menga Morri bilan har haftalik suhbatlarimizni davom ettirishga imkon beradi.

Bahor kelishiga uning yordamida izlanishlarim natijalari, iqtiboslar va dalillar bilan hujjatlashtirilgan hamda qora charm muqovaga yaxshilab tikilgan 112 varaqlik diplom ishimni tugataman. Ilk marta gol urgan yosh futbolchidek, uni faxr bilan Morriga koʻrsataman.

– Tabriklayman, — deydi Morri.

U ishimni varaqlar ekan, men yuzimda masrur tabassum bilan uning xonasidagi narsalarga nazar solaman. Kitob javonlari, parket pol, gilam, divan. Ichimda “Xonaning qay nuqtasida oʻtirish imkoni boʻlsa, hammasida oʻtirib chiqqanman” deyman oʻzimga.

– Biror nima deyishga tilim ojiz, Mich, — oʻychan holda koʻzoynagini toʻgʻrilaydi Morri, — bunday yaxshi yozilgan ish bilan seni magistrlikka olib qolmasak gunoh boʻladi.

– Boʻlmasam-chi, — deyman men.

Miyigʻimda kulib qoʻysam-da, u aytgan fikr menga moydek yoqib tushadi. Bir tomondan, universitetni tark etishni oʻylasam qoʻrquvga tushaman. Boshqa tomondan esa tezroq joʻnab qolsam deyman. Qarama-qarshiliklar tortishuvi. Diplom ishimni oʻqiyotgan Morrini kuzata turib, katta hayotga qadam qoʻyish qanday boʻlishi haqida xayol suraman.


Report Page