Moliyaviy savodxonlik va shaxsiy rivojlanish

Moliyaviy savodxonlik va shaxsiy rivojlanish

Bek Olimjon

Men bir nechta yillardan beri g’arbda yashayman. Bu yerdagi yoshlarni kuzatib boraman. Hamkasblarim farzandlari o’smir yoshdagilar. Ular bilan farzand tarbiyasi haqida ko’p suhbatlashamiz. Undan tashqari 19-20 yoshlardagi talabalarga dars beraman. 


Yoshlar orasida intizom va iroda borasida farq katta. Ayrimlarida iroda va intizom yuqori darajada shakllangan bo’lsada, boshqalari bu borada ancha qiynalishadi. 


Iroda nima? 

Iroda bu odam o’zi hohlayotgan narsani qilishidan o’zini tiya olishi. Oddiy misol rosa kola ichkisi kelganda nafsini tiya olishi. Telefonda tik tok ko’rgisi kelgan paytda telefonni chetga surib qo’ya olishi va hok. 


Intizom nima? 

Intizom bu odam o’zi hohlamayotgan ishni majburlab qila olishi. Oddiy misol dars qilishga dangasalik qilib turgan paytda majburlab kitob ocha olishi. Erta turishga qiynalsa ham o’zini majburlab tura olishi. 


Bularni moliyaviy savodxonlikka qanday aloqasi bor deyishingiz mumkin. 


G’arbda yaxshi tarbiyani, farzandni erkin va yetuk shaxs bo’lib ulg’ayishini ustun qo’ygan oilalarda farzandlarga 15-16 yoshidan boshlab o’zlarini pul topishi muhim ekanligi uqtirib boriladi. Maktabni bitirgandan so’ng mustaqil ravishda o’z harajatlarini qoplay oladigan darajaga chiqishiga ota-ona ham, jamiyat ham harakat qiladi.


Ko’p oilalar maktab yoshidagi bolalariga har haftalik harajatlari uchun pul ajratib berishadi. Bu pulni bola ixtiyoriga topshiradi. Agar bola o’yinqaroqlik qilib yoki nafsi sabab pulni ko’zlangan maqsaddan boshqa narsaga sarflab qo’ysa, ota-ona qo’shimcha pul bermaydi. Maqsad sarflab qo’ygani uchun endi nimadandir voz kechishi zarur ekanligini tushunib yetishini ta’minlash. 


Bir hamkasbim bor, millioner odam, Porsche chotkisidan minadi. Ikkita o’g’li bor, 19 va 14 yosh. Katta o’g’li o’qishidan tashqari SMM bilan ishlaydi. Kichkinasi esa baliq tutishga qiziqadi va shunga kerakli narsalarni oldi-sotdisi bilan shug’ullanadi. 


Bunday misollar bir nechta. Shu oilalarda farzandlar maktabni tamomlagach (taxminan 19 yoshida) ulardan o’zlari pul topishi va oila byudjetiga hissa qo’shishi kutiladi. Agar boshqa shaharga o’qishga ketsa yoki talabalar yotoqxonasiga chiqib ketsa o’z harajatlarini o’zi to’liq qoplashi kerak. Talabalar aksar qismi harajatlarini yaxshi nazorat qiladi va maqsadsiz ishlatib qo’yishdan tiyiladi. Agar boshqa narsaga ishlatib qo’ysa ijara haqqini to’lay olmay qolishi yoki ovqatiga puli qolmaslik ehtimoli bor. Buni yaxshi tushunib yetishgan. 


Bunday yondashuv nimani o’rgatadi? Rejalashtirishni o’rgatadi. O’z hayoti uchun o’zi mas’ul ekanini o’rgatadi. Xato uchun o’zi javob berishi kerak ekanligini o’rgatadi. Hohlagan narsasiga pul sarflashdan nafsini tiyishni o’rgatadi. Hohlagan narsasini olishga qurbi yetishi uchun hohlamagan narsasini qilishga majbur ekanligini tushunib yetadi. Qanchalik hohlamasin ertalab soat 5 da turib gazeta tarqatadi yoki kafega borib farroshlik qiladi. Bu holatlarni chetga chiqqan ko’plab o’zbek talabalari ham o’z boshidan o’tkazadi. 


Natijada rejalashtirish orqali o’z hayotida boshqaruvchanlik hissi paydo bo’ladi. Bu esa o’ziga bo’lgan ishonch ortishiga sabab bo’ladi. O’ziga bo’lgan ishonch shaxs sifatida yanada rivojlanishiga doimiy turtki bo’ladi. 


Yaqinda Norvegiyani OLX idan ishlatilgan kompyuter sotib oldim. Profilga sotuvchi ismi o’rniga PC_Tek deb yozilgan edi. Undan sotib olganlar maxsulotlar va yetkazib berish borasida yaxshi fikrlar qoldirishgan edi. Men ham sotib oldim. Barcha oldi-sotdi online va sotuvchi va haridor bir-birini ko’rmaydi. Maxsulot almashinuvi pochta jo’natmalari orqali. Norvegcha Click Uz orqali pul o’tkazdim. Pul o’tkazma ilovasidagi ismga ko’ra sotuvchi muslima ekan. Keyin bilsam hobbi sifatida eski kompyuter oldi-sotdisi bilan shug’ullanuvchi firma ochgan ekan. (firma nomi orqali firma egalari va ular tug’ilgan yilini internetda ko’rsa bo’ladi). Yoshi 19 da ekan.


Farzandni erkin bo’lishi ustun qo’yilmaydigan, uning shaxs sifatida yetuk bo’lishiga e’tibor katta bo’lmagan oilalarda, yuqoridagi jihatlarga unchalik e’tibor qaratilmaydi. Aksar holatlarda farzandga to’liq ishonish yo’q. Unga biror narsani uddasidan chiqa olishi borasida ishonch bildirilmaydi. Farzand harakati qattiq nazorat qilinadi. Ta’minotini yaxshi qilishim kerak deyishadi. Shu bilan birga ota-ona farzandi duch kelgan muammolarni doim yechib berishga harakat qiladi. Farzand pulini nafsi sabab maqsadsiz ishlatib qo’ysa, yana unga pul beradi. Aniqrog’i bola o’zi so’rab oladi. 


Moliyaviy savodxonlik iroda va intizomni rivojlanishida yetakchi omillar. Iroda va intizom esa shaxsiy rivojlanishda katta ahamiyatga ega. 


Bek Olimjon

27.03.23

Norvegiya


Report Page