Moliyaviy hisobot shakllari va ularga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqildi

Moliyaviy hisobot shakllari va ularga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqildi

EconomyMoliyaPress

Soʻnggi yillarda buxgalteriya hisobi va audit sohasida, xususan, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) joriy etishga doir keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlarni izchil davom ettirish, shu bilan birgalikda, MHXSni joriy etish jarayonini muvofiqlashtirish va metodologik taʼminlash hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va yengillik yaratish maqsadida jahon tajribasini oʻrgangan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan MHXSga muvofiq moliyaviy hisobot shakllari hamda ularga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida buyruq loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur buyruq loyihasi bilan quyidagi normalar belgilanmoqda:

yillik moliyaviy hisobotning hisobot davri va moliyaviy hisobotni taqdim etish tartibi;

moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari, jumladan, Buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS)ga asosan tuzilgan yillik moliyaviy hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay, MHXSga asosan tuzilgan yillik moliyaviy hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1-mayidan kechiktirmay taqdim etilishi;

MHXS va BHMSga asosan tuziladigan alohida yillik moliyaviy hisobot shakllari;

moliyaviy hisobotni MHXSga muvofiq tayyorlaydigan tashkilotlar oʻzining veb-saytida e’lon qiladigan moliyaviy hisobotlarining shakllarini hisob siyosati bilan belgilashi mumkinligi.

Shuningdek, ushbu buyruq loyihasi bilan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, moliyaviy hisobotlarni har chorakda taqdim etish talabi boʻlgan hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilmoqda.

Mazkur buyruq loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portaliga 2024-yil 14-mayda (ID – 98 836) joylashtirildi. Buyruq loyihasi yuzasidan muhokama ishtirokchilaridan takliflar (izohlar) mazkur havola orqali bildirilishi mumkin.

Qayd etish joizki, bundan tashqari, buxgalteriya hisobi tizimini yanada takomillashtirish hamda MHXSga oʻtishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlariga doir takliflarni qamrab olgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari eʼlon qilinadi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page