Moliya vazirligi tomonidan xavf tahlili asosida ichki audit yillik rejasini ishlab chiqish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Moliya vazirligi tomonidan xavf tahlili asosida ichki audit yillik rejasini ishlab chiqish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

MoliyaPress

Joriy yilning 1-dekabr kuni Moliya vazirligining O‘quv markazida xavf tahlili asosida ichki audit yillik rejasini ishlab chiqish bo‘yicha an’anaviy va onlayn shaklda seminar tashkil etildi.

Seminarni Moliya vazirligi Ichki audit xizmatlari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Azamat Jabborov kirish so‘zi bilan boshladi. Unda ichki audit yillik rejasini shakllantirishda xavf tahlilining o‘rni, ichki audit obyekti faoliyatidan kelib chiqib xavf omillarini tanlash va ularga tegishli mezonlar ishlab chiqishning ahamiyati to‘g‘risida so‘z bordi.

Shundan so‘ng, Moliya vazirligi Ichki audit xizmatlari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mamirjon Jaloliddinov Ichki audit milliy standartlariga muvofiq ichki audit yillik rejasini ishlab chiqish, bunda ichki audit obyektlari uchun xavf omillarini tahlilini amalga oshirish yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Jumladan, seminar qatnashchilariga ichki audit obyektlari ro‘yxatini shakllantirish, xavf omillarini belgilab olish, ularga mezon ishlab chiqish va xavf omili vaznini belgilash, ichki audit obyektlarining xavf darajasini baholash hamda mavjud resurslarni hisobga olgan holda ichki audit yillik rejasini shakllantirish yuzasidan tushuntirish berildi.

Bundan so‘ng, Xalq ta’limi vazirligi Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Temur Salomov Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi budjet tashkilotlari misolida xavf tahlilini o‘tkazish va ichki audit yillik rejasini shakllantirish yuzasidan amaliy taqdimot o‘tkazdi. Mazkur taqdimot davomida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi budjet tashkilotlari misolida shakllantirilgan ichki audit yillik rejasi loyihasi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, seminar davomida ichki audit yillik rejasini ishlab chiqish yuzasidan boshqa bir qator masalalarga ham oydinlik kiritib o‘tildi. Jumladan, xavf omillarini ichki audit obyektlari faoliyatidan kelib chiqib tanlab olish hamda ularga xavf omili vaznini belgilashga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar qizg‘in bahs-munozara va savol-javob ko‘rinishida o‘tdi. O‘tkazilgan taqdimotlar yuzasidan seminar qatnashchilari tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi. Vazirlik va idoralar ichki audit xizmatlari xodimlari tomonidan berilgan savollarga Moliya vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisslari tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Seminar yakunida kelgusida ham shu kabi ichki audit xizmati faoliyatiga doir seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.


Moliya vazirligi

Axborot xizmati




Report Page