O‘RQ-785-son Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan

O‘RQ-785-son Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan

MoliyaPress
Xizmatlar sohasidagi tashkilotlar uchun ijtimoiy soliq 12 baravar pasaytiriladi

Imtiyoz 27.01.2022 yildagi PQ-104-son qaror bilan belgilangan va Soliq kodeksining 483-moddasida ko‘zda tutilgan.

Imtiyozning mohiyati – xizmatlar sohasidagi tashkilotlar uchun ijtimoiy soliq 12%dan 1%gacha pasaytiriladi.

Masalan, tashkilot o‘z xodimlariga oyiga 20 mln so‘m ish haqi hisoblaydi. Avval ijtimoiy soliq 2,4 mln so‘mni (20 x 12%) tashkil etgan bo‘lsa, endilikda ijtimoiy soliq summasi 0,2 mln so‘mni (20 x 1%) tashkil qiladi.

Imtiyoz qaysi paytdan amal qiladi?

Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

Qanday tashkilotlar ijtimoiy soliqni pasaytirish bo‘yicha imtiyozni qo‘llashga haqli?

Imtiyoz quyidagi sohalarda xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan:

• chakana savdo

• umumiy ovqatlanish

• mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari

• avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish

• transport vositalarini ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish

• kompyuter xizmatlari

• maishiy texnikani ta'mirlash

• agro va veterinariya xizmatlari

• ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar

Imtiyozni qo‘llash shartlari:

• belgilangan faoliyat turlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlar joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60%ini tashkil etishi kerak;

• soliq hisobotida barcha xodimlarni aks ettirish.

Xodimlar sonini yashirish holatlari aniqlanganda yoki jami daromadda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatishdan olingan daromadning belgilangan ulushiga rioya qilinmaganda, imtiyoz qo‘llanilmaydi.

Turarjoy binolarini xizmatlar ko‘rsatish maqsadida noturarjoy binolarga o‘tkazishda jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkasi o‘zgarmaydi

Imtiyozning mohiyati nimada?

Jismoniy shaxslarning binolaridan aniq xizmat turlarini ko‘rsatish uchun foydalanilganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i xuddi shu darajada saqlanib qoladi (27.01.2022 yildagi PQ-104-son qaror 2-b., SK 483-m.).

Qanday binolarga imtiyoz qo‘llaniladi?

Imtiyoz aniq xizmatlar turlarini ko‘rsatish maqsadida noturarjoy binoga o‘tkaziladigan va mahallalararo savdo-xizmat ko‘chalari bo‘yida joylashgan turarjoy binolariga qo‘llaniladi.

Bunday ko‘chalarning ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Binolardan qanday xizmatlar turlarini ko‘rsatish uchun foydalanish mumkin?

Bu quyidagi xizmatlar turlaridir:

• chakana savdo

• umumiy ovqatlanish

• kompyuter xizmatlari

• maishiy texnikani ta'mirlash

• agro va veterinariya xizmatlari

Turarjoy binolari va turarjoy binolari egallagan uchastkalar uchun nazarda tutilgan soliqlar stavkalari qanday davr davomida saqlanib qoladi?

Turarjoy binolari va turarjoy binolari egallagan uchastkalar uchun belgilangan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkalari 2024 yil 1 yanvarga qadar saqlanib qoladi.

Imtiyoz qanday ishlaydi?

Turarjoy binolari uchun mol-mulk solig‘i stavkasi maydoni va joylashgan joyiga bog‘liq holda ularning kadastr qiymatining 0,25 – 0,44%ini tashkil qiladi. Tadbirkorlik faoliyatida foydalanilayotgan noturarjoy binolari bo‘yicha jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ini 1,5% stavka bo‘yicha to‘laydi. Yuridik shaxslar ham soliqni shu stavka bo‘yicha to‘laydi.

Agar turarjoy binosi yuqorida ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida noturarjoy binoga o‘tkazilgan bo‘lsa, jismoniy shaxs mol-mulk solig‘ini turarjoy binolari uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lashda davom etadi.

Masalan, uy-joyning kadastr qiymati 100 000 ming so‘mni tashkil qiladi. Jismoniy shaxs mol-mulk solig‘ini 0,25% stavka bo‘yicha to‘laydi, bu 250 ming so‘mni (100 000 x 0,25%) tashkil qiladi. Binodan tadbirkorlik faoliyatida foydalanilgan taqdirda jismoniy shaxs 1 500 ming so‘m (100 000 x 1,5%), ya'ni 6 baravar ko‘p to‘lagan bo‘lardi.

Yangi imtiyoz jismoniy shaxsga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganda mol-mulk solig‘ini xuddi shu miqdorda saqlab qolish imkonini beradi.

Yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz ham xuddi mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz kabi qo‘llaniladi.

Savdo komplekslari va mehmonxonalarga yer solig‘i va mol-mulk solig‘i 10 baravar kamaytirildi

Imtiyoz qanday davr mobaynida amal qiladi?

Imtiyoz 5 yil, 2022 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi. 

Agar gap 2027 yil 1 yanvarga qadar yangidan quriladigan ob'ekt haqida borsa, u holda imtiyoz foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab 5 yil muddat davomida qo‘llaniladi.

Kim imtiyozni qo‘llashi mumkin?

Imtiyoz quyidagilarga tatbiq etiladi:

• maydoni 5 000 kv.metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari

• mehmonxonalar (joylashtirish vositalari)

Ular mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkalariga 0,1 koeffisientini qo‘llashlari, ya'ni soliqlar summalarini 10 baravar kamaytirishlari mumkin (27.01.2022 yildagi PQ-104-son qaror 2-b., SK 483-m.).

Bunday obyektlar uchun qo‘shimcha preferensiyalar

Foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda ushbu ob'ektlar (savdo komplekslari, mehmonxonalar) qiymatini 2 yil davomida chegirib tashlanadigan xarajatlarga kiritish mumkin. Ya'ni har yili ob'ekt qiymatining 50% miqdorida amortizasiya qo‘llash hamda shu davrda foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini va soliqni kamroq to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Masalan, korxona soliq solish maqsadlarida savdo kompleksi bo‘yicha amortizasiyaning 5% normasini qo‘llaydi. Bu ushbu ob'ekt qiymatini amortizasiya xarajatlari orqali 20 yil davomida chegirilishini bildiradi. Preferensiya ob'ektning butun qiymatini 2 yilda, ya'ni 10 baravar tezroq chegirish imkonini beradi.

Turizm hududlarida soliqlar kamayadi

Imtiyoz qanday davr mobaynida amal qiladi?

Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi (27.01.2022 yildagi PQ-104-son qaror 2-b., SK 483-m.).

Qanday tashkilotlar imtiyozni qo‘llashga haqli?

Imtiyoz turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda:

• umumiy ovqatlanish

• mehmonxona (joylashtirish vositalari)

• savdo

• ko‘ngilochar

• turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tashkilotlar uchun tatbiq etiladi

Turizm hududlari ro‘yxati 27.01.2022 yildagi PQ-104-son qarorga 

1-ilovada keltirilgan.

Qanday soliqlar kamaytiriladi?

Aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1%gacha kamaytirildi.

Aylanmadan olinadigan soliq stavkalari faoliyat turiga bog‘liq va 1%dan 25%gachani tashkil qiladi (SK 467-m.). 2022 yil 1 apreldan boshlab belgilangan xizmatlar turlarini ko‘rsatuvchi turizm hududlaridagi barcha tashkilotlar – aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar uchun soliq stavkasi – 1%.

Masalan, turizm hududida joylashgan tashkilot mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatadi va aylanmadan olinadigan soliqni 4% stavka bo‘yicha to‘laydi. 

2022 yil 1 apreldan boshlab 1% stavka qo‘llangan taqdirda bunday tashkilot uchun aylanmadan olinadigan soliq 4 baravar qisqaradi.

Mol-mulk solig‘i va yer solig‘i hisoblangan summaning 1%i miqdorida to‘lanadi. Ya'ni ushbu soliqlar 100 baravar qisqaradi. 

Masalan, turizm hududida joylashgan tashkilot mol-mulk solig‘ini 2022 yil uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha 24 000 ming so‘m miqdorida hisoblab chiqardi va har chorakda 6 000 ming so‘m (24 000/4) summada bo‘nak to‘lovlari to‘laydi. 2022 yilning II choragidan boshlab bo‘nak to‘lovlari 60 ming so‘mni (6 000 x 1%) tashkil qiladi, ya'ni 100 baravar kam.

Yer solig‘i ham shu tarzda kamaytiriladi.

Dividendlar va foizlardan olinadigan soliqlar bekor qilinadi (pasaytiriladi)

Imtiyoz qanday davr mobaynida amal qiladi?

Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan 2024 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi (17.01.2022 yildagi PQ-90-son qaror 1-b., SK 483-m.).

Imtiyoz qanday daromadlarga tatbiq etiladi?

• Jismoniy shaxslar – O‘zbekistonning rezidentlari va norezidentlari aksiyalari bo‘yicha hisoblangan dividendlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. 

Imtiyoz joriy etilgunga qadar aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlarga jismoniy shaxslar — rezidentlar uchun - 5% stavka bo‘yicha, jismoniy shaxslar — O‘zbekistonning norezidentlari uchun - 10% stavka bo‘yicha soliq solingan.

Dividendlar jumlasiga kiradigan to‘lovlar SKning 41-moddasida belgilangan.

Masalan, aksiyadorlik jamiyati jismoniy shaxs-rezident va jismoniy shaxs-norezidentga 10 mln so‘mdan dividendlar hisobladi. Imtiyoz joriy etilgunga qadar jamiyat jismoniy shaxs-rezident dividendlaridan 0,5 mln so‘m (10 x 5%), jismoniy shaxs-norezident dividendlaridan esa – 1 mln so‘m (10 x 10%) ushlab qolgan bo‘lardi. 2022 yil 1 apreldan boshlab soliq ushlab qolinmaydi. Ikkala aksiyador 10 mln so‘m miqdorida dividendlar oladi.

Yuridik shaxslar – O‘zbekistonning norezidentlari aksiyalari bo‘yicha hisoblangan dividendlar bo‘yicha foyda solig‘i stavkasi 10%dan 5%gacha pasaytirildi.

Masalan, aksiyadorlik jamiyati yuridik shaxs – O‘zbekistonning norezidentiga 10 mln so‘m dividendlar to‘ladi. Imtiyoz joriy etilgunga qadar jamiyat yuridik shaxs –norezident dividendlaridan 1 mln so‘m (10 x 10%) ushlab qolgan bo‘lardi. 2022 yil 1 apreldan boshlab ushlab qolish summasi 2 baravar kam bo‘ladi va 0,5 mln so‘mni (10 x 5%) tashkil qiladi.

Xo‘jalik jamiyatlari obligasiyalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga - O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlariga hisoblangan foizlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Imtiyoz joriy etilgunga qadar obligasiyalar bo‘yicha foizlarga soliq:

  • jismoniy shaxslar - O‘zbekistonning rezidentlari uchun - 5% stavka bo‘yicha
  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar - O‘zbekistonning norezidentlari uchun - 10% stavka bo‘yicha 
  • yuridik shaxslar - O‘zbekistonning rezidentlari - foyda solig‘i to‘lovchilari uchun - foyda solig‘i stavkasi bo‘yicha (aksariyat yuridik shaxslar uchun - 15%) solingan.

Masalan, jamiyat jismoniy shaxs - O‘zbekistonning rezidentiga, jismoniy shaxs - O‘zbekistonning norezidentiga, yuridik shaxs - O‘zbekistonning rezidenti - foyda solig‘i to‘lovchisiga 10 mln so‘mdan obligasiyalar bo‘yicha foizlar hisobladi.

Imtiyoz joriy etilgunga qadar jamiyat obligasiyalar bo‘yicha foizlardan soliqni quyidagi tarzda ushlab qolgan bo‘lardi:

- jismoniy shaxs - O‘zbekistonning rezidentidan 5% stavka bo‘yicha 0,5 mln so‘m (10 x 5%) summada

- jismoniy shaxs - O‘zbekistonning norezidentidan 10% stavka bo‘yicha 1 mln so‘m (10 x 10%) summada.

Yuridik shaxs - O‘zbekistonning rezidenti foyda solig‘i to‘lovchisi sifatida, foyda solig‘ini mustaqil ravishda 15% stavka bo‘yicha 1,5 mln so‘m (10 x 15%) summada to‘lagan bo‘lardi.

  • 2022 yil 1 apreldan boshlab bunday foizlardan soliq ushlab qolinmaydi va to‘lanmaydi. Barcha foiz oluvchilar ularni soliqlarsiz 10 mln so‘m miqdorida oladilar.
Milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqaruvchilar uchun soliqlar pasaytirildi

Imtiyoz qanday davr mobaynida amal qiladi?

Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi (02.02.2022 yildagi PQ-112-son qaror 6-b., SK 483-m.).

Imtiyoz qanday shartlarda qo‘llaniladi?

Milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqarishdan olingan daromadlar joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60%ini tashkil etishi kerak.

Qanday soliqlar kamaytiriladi?

Aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4%dan 1%gacha, ya'ni 4 baravar kamaytiriladi.

Masalan, milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqarish korxonasi yanvar'-mart oylarida 30 mln so‘mlik va aprel'-iyun' oylarida esa 30 mln so‘mlik realizasiya amalga oshirgan. Yanvar' - mart oylarining daromadlaridan korxona 4% stavka bo‘yicha 1,2 mln so‘m (30 x 4%), aprel' – iyun' oylari uchun esa 1% stavka bo‘yicha 0,3 mln so‘m (30 x 1%) miqdorida soliq to‘laydi.

Ijtimoiy soliq stavkasi 12%dan 1%gacha, ya'ni 12 baravar kamaytiriladi.

Masalan, milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqarish korxonasi o‘z xodimlariga yanvar'-mart oylari uchun 15 mln so‘m va aprel'-iyun' oylari uchun 15 mln so‘m ish haqi hisobladi. Yanvar'-mart oylari uchun ish haqidan korxona ijtimoiy soliqni 12% stavka bo‘yicha 1,8 mln so‘m (15 x 12%) miqdorida, aprel' – iyun' oylari uchun ish haqidan esa - 1% stavka bo‘yicha 0,15 mln so‘m (15 x 1%) miqdorida to‘laydi.

Baliqchilik tarmog‘i korxonalari soliqlardan ozod qilinadi

Imtiyozning mohiyati – ho‘jaliklarda baliq yetishtirishni kooperatsiya asosida yo‘lga qo‘ygan baliqchilik tarmog‘i korxonalari 2025 yil 1 yanvarga qadar QQS va ijtimoiy soliqdan tashqari soliqlarning barcha turlaridan ozod qilinadi (13.01.2022 yildagi PQ-83-son qaror 16-b., SK 483-m.). 

Imtiyoz quyidagi soliqlarga tatbiq etiladi:

• foyda solig‘i

• aylanmadan olinadigan soliq

• mol-mulk solig‘i

• er solig‘i

• suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq

Shuni inobatga olish kerakki, 2022 yil avgust oyidan Soliq kodeksining 483-moddasida muvofiq mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashdan to‘liq ozod qilingan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar mazkur soliqlarni ushbu soliqlardan hisoblangan summaning bir foizi miqdorida to‘laydi (SK-75).

Imtiyozni qo‘llash shartlari

Baliq yetishtirish faoliyatidan olingan tushum hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning 90%idan ortig‘ini tashkil etishi kerak.


Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar yuzasidan tushuntirishlar berilishi davom ettiriladi.


Moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page