Moddiy yordam va nafaqa berish tartiblari. Ularni olishga kimlar haqli?

Moddiy yordam va nafaqa berish tartiblari. Ularni olishga kimlar haqli?


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabrdagi 654-son qarori bilan tasdiqlangan Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, kam ta’minlangan oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi hamda ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi va to‘lanadi.

Ushbu tartibga muvofiq oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi va tegishli ijtimoiy nafaqa tayinlanadi.

Bolalar nafaqasining bir oylik miqdori:

250 ming so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun, 325 ming so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;
150 ming so‘m — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
100 ming so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 380 ming so‘m.

Quyidagi hollarda oila kam ta’minlangan deb e’tirof etilmaydi va ijtimoiy nafaqa tayinlanmaydi:

ariza beruvchi va uning oila a’zolari egaligida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda;
ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida quyidagilar mavjud bo‘lganda:
ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi;
ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
jami 2 va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
ariza beruvchi va uning oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari (4,9 mln so‘m) va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganda;
ariza beruvchi va uning oila a’zolarida bozor qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari (4,9 mln so‘m) va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lganda;
oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda;
oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etilgan hollarda;
rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi 6 oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda;
tartibga asosan boshqa mezonlar.

Bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga oila tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:

mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
mulkiy daromadlar;
olingan alimentlar. Bunda, fuqaro tomonidan to‘langan alimentlar summasi oilaning jami daromadidan chiqarib tashlanadi;
yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
pul tushumlari, shu jumladan, chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari va boshqalardan olingan pul o‘tkazmalari summasi. 

Bunda, xorijiy valyutada olingan pul o‘tkazmalari Markaziy bankining “Yagona reyestr” AT tomonidan elektron ma’lumot olingan kundagi belgilangan kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisobga olinadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi

Report Page