Milliy gvardiya Bolalar psixologiyasi markazi 2 yoshda!

Milliy gvardiya Bolalar psixologiyasi markazi 2 yoshda!


Bundan roppa-rosa ikki yil avval, 2022 yilning 15-oktabr sanasida respublikadagi ilk va bugungi kunda yagona Bolalar psixologiyasi markazi oʻz faoliyatini boshladi.

2021 yilning avgust oyida davlatimiz Rahbari topshirigʻiga asosan “Mehribonlik” bolalar muassasalari Milliy gvardiyaga biriktirilganidan soʻng ana shunday markazni tashkil etish gʻoyasi tugʻildi. 

Markazning asosiy maqsadi yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga psixologik yordam koʻrsatishdan iborat edi. Oradan vaqt oʻtib, butun respublika boʻylab mehribon xalqimiz birin-ketin ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatish maqsadida oilaviy uylar tashkil etishni boshlaganida ishonchli munosabatlarni oʻrnatish, bolalar va ota-onalarning bir-biriga koʻnikishi, bolalar uchun yangi tartib-qoidalar davrida inqirozli vaziyatlarni bartaraf etishda mutaxassislar yordami zarur ekanligi ayon boʻldi.

Markaz psixologlari tomonidan har kuni guruh va individual psixokorreksiya ishlari, konsultatsiyalar, treninglar, psixologik va psixoterapevtik ishlar, art va loy terapiyalari, oʻyin va ertak terapiyasi shuningdek, boshqa psixologik yoʻnalishlar boʻyicha mashgʻulotlar olib borilmoqda.

Markaz mutaxassislari doimiy ravishda “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari bilan ishlashning yangi va samaraliroq usullarini izlashmoqda. Natijada, barcha bolalar uchun qiziqarli tadbirlar, shu jumladan ochiq osmon ostidagi tadbirlar katta zavq olib kelmoqda. Masalan, “Yozgi yarmarkalar”da turli kvestlar, bolalarni nafaqat qiziqtiradigan, balki asta-sekin ularni analitik tahlil qilish, mantiqiy fikrlash, mustaqil qarorlar qabul qilish, oʻzi va xatti-harakatlari uchun javobgarlik kabi koʻnikmalarga oʻrgatadigan oʻyinlar tashkil etilmoqda.

Bolalar psixologiyasi markazi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy Majlisning Bolalar huquqlari boʻyicha vakil (Bolalar ombudsmani), YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, bolalar bilan ishlashga ixtisoslashgan boshqa milliy va xorijiy muassasa hamda tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.

Bolalarni himoya qilish va ularga psixologik yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishdan tashqari, mazkur tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida markaz psixologlari oʻz malakalarini oshirish, jumladan, xorijda ham muntazam ravishda malaka oshirish kurslaridan oʻtmoqda.

Raqamlar va aniq misollar keltirgan holda Markaz yutuqlari hamda mutaxassislarining muvaffaqiyatli natijalari haqida koʻp gapirish mumkin. Ammo zerikarli hisobotlarni keyinga qoldiraylik. Keling, Markazda mehnat qilayotgan, yuragi va qalbini bolalarga bagʻishlagan barcha mutaxassislarni sana bilan muborakbod etamiz.

Ikki yil - bu kichik "yosh", ammo 120 dan ortiq oilaviy uylardagi yuzlab bolalar va ota-onalarining taqdiri, shuningdek, Bolalar psixologiyasi markazining psixologlariga murojaat qilgan har bir kishining hayoti uchun juda muhimdir.

Tugʻilgan kun muborak boʻlsin! Sogʻliq va omad, kuch va gʻayrat, muvaffaqiyat va tabassum sizlarni hech qachon tark etmasin.



Report Page