“Meridiam” investitsiya fondi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

“Meridiam” investitsiya fondi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi


Joriy yilning 22-noyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov “Meridiam” investitsiya fondining Yevroosiyo mintaqasi boʻyicha direktori Remi Hassenforder boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Tadbirda iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosarlari Bobur Xodjayev va Jasur Karshibayev, Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish departamenti direktori Abduqodir Yoqubov ham ishtirok etdi. Xorijiy tomondan “Meridiam” investitsiya fondining Biznesni rivojlantirish bo‘yicha koordinatori Toriki Peru qatnashdi.

Maʼlumot uchun: “Meridiam” — uzoq muddatli jamoat infratuzilmaviy loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va boshqarishga ixtisoslashgan global investor va aktivlarni boshqarish kompaniyasi boʻlib, Parij shahrida joylashgan. 2005-yilda asos solingan “Meridiam” fondi Yevropa, Shimoliy Amerika va Afrikadagi jamoat infratuzilmasiga sarmoya kiritadi.

Uchrashuvda kompaniya direktori Remi Hassenforder “Meridiam” investitsiya fondi va uning faoliyati, xususan, fond tomonidan turli mamlakatlar ijtimoiy infratuzilmasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirdi. Shuningdek, yangi innovatsion maktablar va shifoxonalar qurish bilan bogʻliq qator loyihalar yuzasidan takliflar bildirdi.

Tadbir davomida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov respublikaning turli hududlarida innovatsion maktablar qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari toʻgʻrisida fikr bildirib, ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Bundan tashqari, transport infratuzilmasi, xususan, DXSh shartlari asosida Buxoro–Samarqand va Toshkent–Andijon avtomobil yoʻllarining qurilish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari hamda istiqbollari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlik qilish va loyihalarni amalga oshirishda oʻzaro yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. 


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page