"Meningcha, bu yerda tirik odam yo'q, yana kim bilsin..."

"Meningcha, bu yerda tirik odam yo'q, yana kim bilsin..."

Guljahon Karimova

Yozuvchi… Qalbida po‘rtanadek mavjlanayotgan hislarini nozik tasvirlar ila qog‘ozga tushiradigan, nafaqat o‘z dardini, balki butun millat qalbining tubida birovga oshkor etilmay yotgan g‘amlarni, hissiyotlarni yuzaga chiqarishga harakat qilib qalam tebratadigan “tirik odam”dir. Yozilmish taqriz yozuvchiga ta’rif berish va bu ta’rif yozuvchini “tirik odam” deya nihoyalanishi sababi shuki, adabiyotga 2017-yil “Yoningdagi baxt” hikoyalar to‘plami bilan kirib kelgan, hikoyanavis bo‘libgina qolmay, tarjima sohasida ham ildam qadam bosayotgan va “mitti” bo‘lishiga qaramay, chuqur mulohazaga chorlovchi hikoyalar muallifi Nodirabegim Ibrohimovaning “Tirik odam” hikoyasini yozgan va hech qachon olqishlar-u, obro‘ uchun qalam tebratmagan “aziz adib” haqidagi “Yozuvchi” deb nomlangan hikoya taqriz uchun tanlangandi.

           Hikoya sarlavhasiga asos bo‘lgan Yozuvchining kasalxonada, yolg‘iz, saratonning qoq o‘rtasida saratondan vafot etishi bilan boshlanadi. U o‘limidan oldin ham negadir eshikdan ko‘z uzmas edi, hamshiralar xotinini chaqirib kelishlarini so‘raganida u “yo‘q” ishorasini qilib boshini sarak-sarak etadi, shunday ekan yozuvchi o‘limidan oldin ham eshikdan ko‘zlarini uzmay “hamisha yonida bo‘lgan, yangidan-yangi romanlar yozishda unga ko‘mak bergan” ayolini kutmasdan kimni kutgan bo‘lishi mumkin? Balki, u “Qadrli do‘sti O.”ni kutgandir. Yozuvchining qadrli do‘sti O.ga to‘xtalish uchun quyidagi misralarga yondashamiz: “Marhumning ortidan o‘lib bo‘lmaydi. Kunlar o‘tib yozuvchining muxlislari boshqa muallifning kitoblarini o‘qiy boshlashdi, yil o‘tib oilasi ham o‘z orzu-tashvishlari bilan bo‘lib, binoyidek yashab ketdi. Faqat o‘sha ayol uning qabrini har kuni ziyorat qilish, haqiga duo o‘qishni kanda qilmadi. Qo‘lidan uning kitoblari tushmas, yozgan asarlarini yod bilardi”. Lekin, qadrli do‘st hisoblanmish O. xohlasa ham Yozuvchisining yoniga kela olmas, u faqatgina Yozuvchiga yuborilmaydigan maktublar bitishga mahkum, jussasi kichik bir ayol edi. Bejizga, Yozuvchining o‘limidan keyin qabrida unga atalgan, ammo jo‘natilmagan maktublar paydo bo‘lmagandi. Maktublar nega egasiga yuborilmagan degan savolga javob, Yozuvchining 60 yillik tavalludida eshik yonida o‘tirgan g‘amgin ayolni ko‘rib qolgan yozuvchining turmush o‘rtog‘i xotiralari asosida ochiqlanadi. Biz shu nuqtada qiziq bir voqeaning guvohi bo‘lamiz, ya’ni Yozuvchining xotini tadbirda nutq so‘zlaganda go‘yoki o‘zini yozuvchi hayotlik vaqtida unga yelkadosh, qolaversa, yoziqlarini avval o‘zi ko‘rib chiqqan va kamchiliklarini aytgan va shu bilan birga haliyam turmush o‘rtog‘i eshikdan kirib tugallanmagan hikoyasini tugatib qo‘yishiga ishonib kutadigan ayol sifatida namoyon etadi. Lekin, uning xotira qismi bayonida esa, buning mutlaqo aksini ko‘ramiz: “Bu yozganlaringizdan bir tiyin ham foyda yo‘q! – ayol jahl bilan tungi qoralamalar ustiga tap etib urdi. – Siz ham boshqalarga o‘xshab uy solsam, mashina olsam, xotinimni chet ellarga oborib aylantirsam demaysiz! Bilganingiz faqat kitob, yozganingiz faqat kitob!” Demak, Yozuvchining bir kuni emas, kunlari shu tarzda, xotinining tazyiqi ostida o‘tgan degan xulosaga kelishimizga yana bir isbotni hikoyaning o‘zidan topishimiz mumkin: “Adibning marmarga o‘yib ishlangan byusti iliq tuproq uzra og‘riqlardan xalos bo‘lganidan mamnundek jilmayib turardi”. Nozik qalb egalari uchun yozishiga xalaqit beruvchi muhitda yashashdan va umr yo‘ldoshi tomonidan tushunilmaslikdan-da og‘riqliroq narsa bo‘lmasa kerak, albatta.

Ammo, Yozuvchi bir muddat tushkun kayfiyatdan chiqarilgan va ko‘zlari porlab qolgandi. Faqatgina bir muddat, bu bir muddat shunday muddatki, unda Yozuvchini yozishga undovchi, oq qog‘ozni qoralashga majbur etuvchi, “tirik odam” tomonidan yozilgan “Aziz adibim” deb boshlanuvchi maktublar bor edi, Yozuvchi ham o‘y-hayollarini, iztiroblarini bo‘lisha oladigan, maktublarga bayon etgan sari yengillashganini his qiladigan bir muddat edi. Yozuvchining kompyuter stolini xotini artayotganida unga kelgan xabarni ko‘rib qolgan va u “Qadrli do‘st O.” ni topib, erini butunlay o‘ziniki qilib olib ko‘ngli tinchigandan so‘ng bu bir muddat oz nihoyasiga yetdi, shundan so‘ng maktublar egasiga yuborilmaydigan bo‘ldi. Qadrli do‘st O. va Yozuvchi o‘rtasida faqatgina maktublar aro iliq munosabatlar, Yozuvchining asarlariga sharhlar, fikrlar bayon etilgandi, xolos. “Aziz yozuvchim” deb boshlanuvchi maktublar olmay qo‘ygandan beri hayoti avvalgidek tushkun va g‘amgin holga qaytgan Yozuvchi romanining ilk sahifasiga “Qadrli do‘stim O.ga” deya bitgandi (balki u bundan keyin ham faqat u uchun yozgandir) va Yozuvchi umrining so‘ngida ham “Tirik odam” hikoyasiga o‘z fikrlarini yozgan, bu hikoyaga qahramoniga o‘zini qiyoslagan va yangi hikoyalarini intizorlik bilan kutgan Aziz O.ni eshikdan ko‘z uzmay kutdi. “Yozuvchining portreti ilingan devordan hademay boshqa ijodkorning surati joy oladi. Gulduros qarsaklar, balandparvoz so‘zlar, qo‘lma-qo‘l bo‘lgan kitoblar aro faqat birgina – tadbirni derazadan kuzatayotgan kichik jussali ayol o‘zini g‘amgin his etdi. U binoni tark etarkan, ortiga yana bir nazar tashladi.

Aziz, adibim!

Meningcha, bu yerda tirik odam yo‘q. Yana kim bilsin” pichirladi u va qo‘lidagi o‘qilaverib titilib ketgan kitobini bag‘riga bosgancha metroga tushib ketdi.” Demak, adib undan maktub kelmasa ham uni kutgani kabi, ayol ham Yozuvchi bu dunyoni tark etganiga qaramay, hamon pinhona hislari bilan bezalgan maktublarni yozishdan to‘xtamagan.

Umuman olganda, hikoyani ilk marta o‘qiganimda, unda Yozuvchi o‘limidan so‘nggina qadr topishi masalasi o‘rtaga tashlangan degan xulosaga kelgandim va uni qayta-qayta o‘qish jarayonida bu xulosaga yana bir qancha masalalar kelib qo‘shilgandi. Jumladan, yozuvchiga kelayotgan maktublar juda ko‘p edi, ammo u faqatgina birini kutardi, u maktub umidsizlikning qorong‘u tunida yoqilgan shamchiroqday adibning ko‘nglini ravshan etardi, qolaversa, Yozuvchini tumush o‘rtog‘i tushunmay, uni yozishga qo‘ymay turgan bir vaqtda, yeti yot begona, faqatgina, Yozuvchini kitoblari, yoziqlari orqali uni taniydigan kitobxon o‘z maktublari orqali uni yozishga undaydi, hayotiga biroz bo‘lsa-da ma’no kirgiza olgan edi. Xayotda ham aslida shunday, agarda biz noto‘g‘ri odamlar davlarida bo‘lsak, hayotimiz faqatgina oq-qora ranglardan iboratdek tuyuladi, agarda o‘z insonlarimizni topsak, olam ko‘zimizga turfa xil ranglarda ko‘rina boshlashi bejiz emas,albatta. Hikoyamiz qahramoni Yozuvchi ham qalbining go‘zalligi chehrasiga urgan kichik jussali, g‘amgin “Aziz O.”ni topganida, hamdard, yelkadosh inson bilan qalami yanda o‘tkirlashar, kitoblari hozirgidan-da qadrliroq bo‘lardi.

Report Page