Mening Marhamat(li) buvilarim

Mening Marhamat(li) buvilarim



  Ota tarafdan buvimning ismlari Malika bo‘lgan. Ammo ularni hamma “Marhamat buvi” deb chaqirardi. Ona tarafdan buvimning ismlari ham Marhamat bo‘lgan. Ammo biz ularni “Damas buvi” derdik. Buning sababi oddiy edi. Tog‘amlarning yashil damasi bo‘lardi. Damasni ko‘rsak, yugurardik. Buvim kelyapti, derdik.

Mening ikki buvim ham 1945-yilda tug‘ilgan. Ota tarafdan buvim aynan

9-mayda tug‘ilgan. Ona tarafdan buvimning esa tug‘ilgan kuni ma’lum emas. O‘zlarining aytishi bo‘yicha, bug‘doy pishganda tug‘ilgan ekanlar. Ikki buvim dugona bo‘lib, bir sinfga borganlar. Kechuvdan o‘tib, maktabga qatnaganlar.

6-sinfgacha o‘qib, maktabga qatnashni to‘xtatishgan. Shu joydan boshlab ularning taqdirlari ham turli so‘qmoqlarga qarab ketgan.

Ota tarafdan buvim kolxozda ishchi, maktabda farrosh bo‘lib ishlagan.

9 farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Mening ismimni qo‘ygan ham shu buvim bo‘ladi. Gapga chechan, hozirjavob ayol edilar. Gaplashib mazza qilardim. Men ko‘proq shu buvimga o‘xshayman. Uzoq yillar qand kasali bilan kurashib, men

9-sinfda o‘qib yurganimda bu dunyodan ko‘z yumganlar.

Ona tarafdan buvim kolxozda ishchi bo‘lib ishlagan. 8 farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Mustaqillik yillarida bobom fermer bo‘lgach, buvim xuddi shu yerlarda yana ishlayvergan. Bu buvim kamgap, gapirsa ham cho‘rt kesib gapiradigan ayol. Buvim yaqin-yaqingacha ham dalaga borishini qo‘ymasdi. So‘nggi yillardagina yiqilib, oyoqlari singani uchun uyda o‘tirib qoldilar.

Men har doim ikki buvim oldida o‘zimni qarzdor deb bilaman. Ularning kuylanmagan orzu-armonlarini kuylash mening majburiyatim ekanligini his qilaman.

Ona tarafdan buvimning hikoyasi

Bola tug‘averib xorigan ayollar.

Egatlarda ko‘zi yorigan ayollar.

 

Bir kuni nimadir bo‘lib, paxta terimga chiqolmadim. Rais ot o‘ynatib kelib qoldi. Qo‘lida qamchisi. Qarasam, kaltaklagulik vajohati bor. “Nega terimga chiqmading” dedi dag‘dag‘a qilib. “Bolam kasal bo‘lib qoldi” dedim qo‘rqib ketganimdan. Baxtimga chaqalog‘im so‘rida uyg‘onmay yotaverdi. Rais gaplarimga ishondi shekilli, “Bolang tuzalishi bilan dalaga chiq!” deb, yana ot o‘ynatib ketdi.

 

 

Quralay ko‘z, quralay.

Tuynugingdan mo‘ralay.

Hukumat qayga desa,

Shu tomonga yo‘rg‘alay.

 

Dalaga desa dalaga

Pillaga desa pillaga.

Baloga desa, baloga!

 

Janubga desa janubga

Kanopga desa, kanopga.

 

Qaznoqqa desa, qaznoqqa.

Qamoqqa desa, qamoqqa.

 

Quralay ko‘z, quralay,

Hammasini uddalay.

Oyog‘imda zanjirim

Bilan oldga sudralay.

 

Aylanay, ho o‘rgilay,

O‘rgilay, ho aylanay.

 

Qozonimning har kungi

Yovg‘onidan aylanay.

Hukumat siylab bergan

Yolg‘onidan aylanay.

 

Quralay ko‘z, quralay.

Tuynugingdan mo‘ralay.

Hukumat qayga desa,

Uqubat qayga desa

Shu tomonga yo‘rg‘alay.

 

Quralay ko‘z, quralay,

Oy – osmonning tuynugi.

Tuynugidan mo‘ralay:

Bormi boshqa dunyolar!?

 

 

 “Bu kunlar o‘tar ketar”

Ota tarafdan buvimning hikoyasi

 

Odamlar juda qiynalib, nonga zor bo‘lib yashaydigan zamonlarda bir kishi ozgina un topibdi, xotini bir donagina non pishiribdi. Issiq nonni o‘rtaga qo‘yib, bolalari bilan endi yeymiz deb turishsa, eshik taqillabdi. Erkak shoshilinchda nonni bekitish uchun ko‘rpachaga qo‘yibdi-da, ustiga o‘tirib olibdi.

Kutilmagan mehmon – erkakning opasi kelib, dasturxon atrofiga o‘tiribdi. Erkak nonning issig‘iga chidolmay, behalovat bo‘lib qo‘zg‘alib-qo‘zg‘alib qo‘yarkan-u, o‘rnidan qimirlamas ekan. Opasi nonning hidini sezib, nima bo‘lganini tushunibdi. Ukasiga qarata “Bu kunlar o‘tar-ketar. Osting kuygani qolar” deb chiqib ketibdi.

(Buvim bu hikoyani kimdandir eshitganmi yoki bular o‘z hayotida yuz berganmi bilmadim. Ammo bu voqeaning yuz bergani aniq).

 

Birov – tojdor,

Birov – bojdor.

Ro‘zg‘or – ajdar.

 

Birov – sarkor,

Birov – chor(i)kor,

Ro‘zg‘or bu g‘or.

 

Birov – xo‘ja.

Birov – jo‘ja.

Ro‘zg‘or – o‘jar.

 

Birov – bolli.

Birov – dalli.

Ro‘zg‘or – g‘ani.

 

Birov – metin,

Birov – yetim,

Ro‘zg‘or – betin…

 

“Tutga salom berib…”

 

Ota tarafdan buvim bizning Yulduzga qo‘shni qishloq Qo‘rg‘ondan kelin bo‘lib tushgandi. Har safar jigarlarini ko‘rishga borganda yoki to‘y-ma’rakaga meni ham o‘zi bilan birga olib ketardi. Buvim bilan Qo‘rg‘ondan piyoda qaytarkanmiz Yulduz qishlog‘iga kiraverishdagi bahaybat tutga egilib, salom berib o‘tardi. Buvimning qarilikdan tomi ketyaptimi, deb o‘ylaganim ham rost. Bir kuni yorilib, so‘radim:

-Buvi, nega shu tut daraxtiga salom berasiz?

-Shu joyda mening qishlog‘im tugab, kelin bo‘lib tushgan qayinyurtim boshlanadi. Yana bu tutning yoshi rahmatli otamnikidan ham katta. Bu tut qanchadan-qancha ulug‘ insonlarni ko‘rgan. Ustiga ustak, bu tut qishloqda eng birinchi bo‘lib pishadi. Qishdan iligi uzilib, og‘zining mazasi qochib chiqqan odamlar tutning marvaridday donalaridan yeb huzur qiladilar. Bu tut o‘z vaqtida qancha odamlarni ochlikdan ham saqlab qolgan, bolam.

 

Qaytarkanmiz Qo‘rg‘ondan buvim

Tutga salom berib o‘tardi.

U bu bilan go‘yoki qayin

Yurtga salom berib o‘tardi.

 

Ajratmasdi yaxshi-yomonni.

Hammaga teng tilab iymonni.

Nomardga ham berib taomni,

Mardga salom berib o‘tardi.

 

Boshimizdan sochardi sochqi.

U – nabira qizlarga soqchi.

Muqaddas bilardi o‘choqni.

Dudga salom berib o‘tardi.

 

Qo‘g‘azorday yonib qolgandi.

Bu dunyoni yanib qolgandi.

Dardni yaxshi tanib qolgandi –

Dardga salom berib o‘tardi.

 

Buvim bilan suhbatlardan

 

-Momo, keling, men topishmoq aytaman, siz topasiz!

-Xo‘p, bolam, qani ayt.


-Qo‘lsiz, oyoqsiz eshik ochar. (Shamol)

-Bu mening urushdan qaytgan otam edi, bolam.


-Tog‘ni talaydi, Elni elaydi. (Jala, shamol)

-Ular faqat tog‘ni emas, bog‘ni ham, daryoni ham, dengizni ham taladi, bolam.


-O‘zi turar o‘rnida, Qo‘li ketgan har yoqqa. (Elektr stolbasi, tok simi)

-Bu amaldor-da, bolam.


-Tili po‘lat shovvoz, So‘zlay olmas beqog‘oz. (Ruchka)

-Yana amaldor haqida topishmoq aytibsan-da.


-Kechasi oftobdek, Kunduzi koptokdek. (Lampochka)

-Bu qishloq ayoli bo‘lsa kerak…


-Rangi har xil, Nomi bir xil. (Rangli qalam)

-Insonlar-da.


-Patnisi bor, noni yo‘q. (Patefon)

-Bundaylar ko‘p, bolam.


-Uzun opam uyga sig‘mas. (Yo‘l)

-Qaysi opa-singil o‘z ota uyiga sig‘ibdi?


-Ikki podsho qon chiqarmay urishadi. (Qaychi)

-Qani edi, bolam…


-Miltillaydi ko‘zlari, Mo‘ltillaydi yoshlari. (Sham)

-Men haqimda ham topishmoq topibsan, bolam…


-Momo, tez aytish aytaman, necha marta ayta olarkansiz?

-Ayt.

 

-Shu yerni to‘qmoqlasam ham to‘qmoqlayman,

 To‘qmoqlamasam ham to‘qmoqlayman.

-Shu yerni to‘qmoqlasam ham to‘qmoqlayman,

 To‘qmoqlamasam ham to‘qmoqlayman.

 To‘qmoqlamasam, bolalarimni to‘qlolmayman…


-Momo, keling tegishmachoq o‘ynaylik.

-Qo‘y, bolam, menga tegma, momoqaymoqday bo‘lib qolganman. Bir tegsang, qo‘g‘aday qo‘qib ketaman.


Xotima


O‘n olti yoshimda hujjatli bo‘ldim.

Yashash joyimga “Yulduz j/x” deb yozilgandi.

“J/x”ning nimaligini kattalardan

so‘rab bilib oldim.

“J/x” jamoa xo‘jaligi degani ekan.

Nima u jamoa xo‘jaligi?

Yulduz bu qishloq,

Yulduz bu ovul axir.

Hujjat bilan boriladigan

hamma joyda kulgiga qoldim

“j/x” uchun.

Undan oradan o‘n yil o‘tib,

yigirma olti yoshda

yangi hujjat olganimda qutildim.

Endi yashash manzilim boshqa edi.

Ammo “j/x” “j/x”ligicha turibdi

kimlar uchundir.

Kimlardir yangi joy nomlarini tan olmaydi.

O‘sha-o‘sha eski nom bilan atayveradi.

Qullikdan qolgan asoratlarni

hujjatlarida, ismlarida,

jismlarida ko‘tarib yuraveradi.

Xuddi qul ozod qilinsa ham

qullik tamg‘asi undan ketmagandek.

Tamg‘a bosilgan joyni o‘yib olsang,

chandig‘i qolavergandek.

Ikki buvimning yuzida ham

yashil xol bor edi.

Bolalikda qizdirib bosilgan

ninaning izi.

Ammo ikki buvimning

yuzlarida, qo‘llarida

Sovetdan qolgan izlar

bundan ham bo‘rtib ko‘rinardi.

Qullikni hujjatlardan ko‘taring,

sharifingizdan silkib-silkib

uloqtirib tashlang.

Eng muhimi, yuragingizdan

ko‘taring uni.


Kumush Abdusalomova



Report Page