Menga uchta yo'nalish kerak emas

Menga uchta yo'nalish kerak emas

PROFI EDUCATION

2019-2020-o’quv yilidan OTM larga kirish tartibining yangi joriy etilgan shakli boshi tugul oxiri ham o’ylab ko’rilgan ish emas.

Bundan nima ko’zlangan? Tabiiyki, eng bilimli abituriyentni saralab olish.

Avvalgi tartiblar o’zini oqlamagan bo’lsa, yangisi hech qachon foyda keltirmasa ham kerak.  

Biz ko’pincha bilimsiz va layoqatsiz kadrlardan aziyat chekamiz. Shuning uchun oliy ta’limdan bilimli kadrlar yetishib chiqishini xohlaymiz. Nega? Tasavvurimizcha, bilimli bo’lsa, hammasi joyiga tushadiganday. Hech qachon! Chunki layoqat birinchi planga qo’yilmas ekan, barcha urinishlar avvalgidan-da xaroblasha boraveradi.

Bizda mavjud kadrlarni to’rtga ajratish mumkin:

bilimli-layoqatli;
bilimsiz-layoqatli;
bilimli-layoqatsiz;
bilimsiz-layoqatsiz.

E’tibor bersak, bilimli-layoqatli kadrlar juda kam sonlidir. Bilimsiz-layoqatli kadrlar ham deyarli kam. Chunki ular bilimsizligining hisobiga OTM larga kirolmaydilar. Bilimli-layoqatsiz kadrlar eng ko’p kadrlar sanaladi. Bilimsiz-layoqatsiz kadrlar esa bilimli-layoqatsizlardan keyingi o’rinda turadi.

Joriy qilingan tartiblar esa aynan eng xavfli bilimli-layoqatsiz kadrlarning ortib borishiga sabab bo’ladi. Zeroki OTM ga qabul qilinajak abituriyent kuchlilar ichidan eng kuchlilari saralanishi natijasida talaba bo’ladi. Bilasizki, abituriyent bu yil birdaniga uchta yo’nalishni tanlash imkoniga ega. To’plangan ball qay biriga yetsa, o’shanisida o’qishni davom ettiradi. Bunda abituriyent fanlar ketma-ketligiga tayanib, mos fakultetni tanlaydi. Fakultetlar esa har doim ham bir mutaxassislikning uzviy davomi emas. Masalan, Yuridik universitetni asosiy tanlovga qo’ygan o’quvchi uchun Noshirlik ishi fakulteti ikkinchi tanlovda turibdi. Endi bizga ayting-chi, aziz o’quvchi, sizda ikki xil layoqat baravar shakllanganmi? Yurist bo’lmasangiz noshir bo’lib ketaverasizmi? Bu holat menga bir xonadonning katta qiziga sovchi bo’lib borilgan-u, u band ekanligi uchun “oshiq yigit”ni kichkinasiga unashtirib qaytgan sovchilarning ishiga o’xshaydi. Shu kabi hayot tarziga hech kim ko’nikolmagani kabi, siz ham hayotda layoqatsizligingiz uchun hech ishni uddalay olmaysiz.

Bizning yoshlar aqlan emas, qalban, ya’ni yoshlik o’yinqaroqliklari tugamasdan, o’z yo’lini tanlaydigan og’ir pallada OTM tanloviga qaror beradi. Ularning aksariyati kelajakda kim bo’lishni emas, balki qaysi shaharda o’qishni, qaysi OTM ning binosi hashamatli bo’lishini, o’rtoqlari tanlagan OTM da bu ham o’qishini, yoinki ota-onasi tanlab bergan yo’nalishni davom ettirishini, juda bo’lmasa, yig’ib qo’ygan puli yetadigan OTM da o’qishni avvalgi o’rinlarga qo’yyapti.

Endi o’zingiz o’ylang, yuqorida ta’riflangan xarakterga ega kadrga biz muhtojmizmi?! Balki muhtojdirmiz. Zotan shunday bo’lishi uchun yangi tashabbusdan xursandmiz-ku.

Yangi loyiha ikki jihati bilan o’zini umuman oqlamaydi.

Birinchidan, tanlov fanlar ketma-ketligini hisobga olgan holatda juda kam mutaxassislikning kesishishi bilan oqlamaydi. Ushbu sababga ko’ra o’quvchi ba’zi OTM larda umuman tanlash huquqiga ega emas. Tanlash huquqiga ega bo’lganlari esa birinchi tanlovning uzviy davomini emas, tubdan boshqa yo’nalishni tanlashga majbur. Masalan, tibbiyot oliygohiga topshirgan bola biologiya yoki Agrar institutining yo’nalishlaridan birini tanlamoqda (faqat tibbiyotni tanlayotganlar bundan mustasno).

Ikkinchidan, gumanizmning ahamiyatsiz qoldirilayotganligi bilan. Gumanizm. Bunga ba’zida men ham rioya qilmayotgandayman. Bevosita va bilvosita sabablar bilan abituriyent o’tish bali past bo’lgan yo’nalishni yoki o’ziga yaqin hududdagi oliygohni (ota-onalar farzandlarini uzoq shaharlarga yubormasligi ko’p uchraydigan holat) tanlaydi. Ba’zi yo’nalishlar uchun testdagi fanlarni yuqori darajada emas, o’rta darajada o’zlashtirish ham kifoya. Yoki nazariy bilimlarga xushsiz, amaliyotga ustamon abituriyent yo’qmi? Bular o’z haddini bilib yo’nalish tanlasa-yu, o’zini bir sinab ko’rish uchun yuqori balli yo’nalishga topshirgan abituriyent bularning o’rnini zabt etishi mumkin ekan. Ana shu yerda abituriyentning insoniy huquqlari buzilmayaptimi?

Xulosa hammamizdan.

Bu holatlarga yechim sifatida ikki narsani taklif qilaman.

Birinchidan, tanlov fanlar ketma-ketligiga emas, fanlarning mavjudligiga qarab belgilanishini. Shunda bola layoqat doirasida yo’nalish tanlaydi.

Ikkinchidan, eng yuqori ballar bilan yiqilgan o’quvchi ikkinchi yoki uchinchi tanlovga to’g’ridan to’g’ri asosiy kvotaga da’vogar bo’lmasligi kerak. Ya’ni kim qaysi yo’nalishni asosiy qilib tanlagan bo’lsa, shular kvotaga munosib ko’rilishi kerak. Boshqa fakultetdan yiqilgan yuqori ballilar uchun alohida qo’shimcha kvota ajratilishi kerak.

Hali yana fikrlashamiz…


© Namoz Rasulov

Profi Education” NTM ning ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

Report Page