Avval va Keyin
Nur_qizi
AVVAL
Ko‘z-o‘ngimizdagi hamma narsalar ibtido-yu intiho orasida mavjud. Shu ikki manzil orasida borlik atalmish yo‘lni bosib o‘tadi. Insonlar ham shunday. Buni ba'zilar qismat deb biladilar. Ammo qismat oldindan avval ham, mavjudlikda ham, keyindan so‘ng ham bor. Yo‘qsa, inson ruhi nimani yashaydi. Nega inson zoti emas ruhi dedim, bilasanmi?! Menimcha, bilasan. Hamon men bilgan sen bo‘lsang, bilasan.
Shamol tuproq zarralarini havoga sochadi, zamin-u falakni chang qoplaydi, osmon kichrayadi. Yer yuzining qaysidir bag'ridan mitti bir bo‘lak uziladi. Keyin o‘sha parcha havoga ko‘tariladi, bulutlar orasiga kirib ko'zdan g‘oyib bo‘ladi, ammo qachondir qaytib keladi, chunki, uzilgan o‘sha bag‘irni faqat o‘zi to‘ldira olishini biladi. Sen hammasi shundan boshlanadi deb o‘ylaysan, biroq boshlanish undan avval paydo edi...
Deydilarki, insonlar chiziqlardir. Biri egri, biri to'g'ri, biri yaqin, boshqasi uzoq. Chiziqlar qaysi nuqtada boshlansa, umr ham shu yerdan boshlanadi va qachondir ikki chiziq nol nuqtada tutashadi. Biroq bu mohiyatga to'g'ri kelmaydigan yana bir narsa bor: fanga ko'ra, chiziqlarning oxiri yo'q, ular cheksizlikka qadar davom etadi. Va shunda nega hamisha ruh haqida gapiraverishing sababini anglayman, chunki inson ruhi abadiy. Umr esa uning Yer yuzidagi ma'lum muddatlik "safari" xolos. Jug'rofiya o'qituvchimizning "Yer shari ikki qutb oralig'idagi chiziqlarning fazoviy nuqtalaridan iborat" degan gaplarini nazarimda endi tushungandayman...
Oldinlari menga jug‘rofiya yoqmasdi. Fan nomini eshitishim bilan ko‘z oldimga kechasi bilan uxlamasdan bo‘yab chiqqan yozuvsiz xaritalar, atlasga tikilib qizarib ketgan ko‘zlarim, yo‘qolishidan qo‘rqqan tilla ziragim va badjahl muallimaning koyishlari kelardi xolos. Turfa ranglar oppoq qog‘oz ustida qayta-qayta borib kelayotgan uchi to‘mtoq qalamlarim vositasida atlasdan xaritaga o‘tgan sari, rangsiz ko‘zlarimga qizg‘ish rang kirib boraveradi.
Men o‘shanda atlasdagi bo'yoqni yozuvsiz xaritaga ko'chirishdan maqsad nimaligini sira tushunmasdim. Bir kuni yurak yutib, buni ustozimizdan so‘radim ham. Muallima savolimga kulib qo‘ydi-da, partam ustidagi atlasni ochib qo‘yib so‘radi:
– Nimani ko‘ryapsan?
– Yerni.
– Bu yerda-chi?
O‘qituvchining barmog‘i yozuvsiz xaritaga qadaldi.
– Yerni ko‘ryapman.
– Farqi nimada?
– Biri rangli, biri rangsiz.
Muallima endi yozuvsiz xaritaning bo'yalgan sahifasini ochdi.
– Bu bilan farqi nimada?
– Ikkisi ham rangli, lekin aynan bir xil emas.
– Har biringizning qo‘lingizga bittadan olam berilgan, – dedi o‘qituvchimiz sinfga yuzlanib. – Siz unga o‘zingizcha rang berasiz. Bo‘yash davomida esa nimaning rangi qanaqaligini o'rganasiz, ammo bir narsani unutmang: yakunda o‘ttiz o‘quvchining olami o‘ttiz xil bo‘lib chiqadi. To‘g‘ri, siz atlasda malla berilgan joyni malla, qizilni qizil, yashilni yashil qilib bo‘yarsiz, ammo hammaning qalami har xil...
Shu tariqa asta-sekinlik bilan bu fan menga yoqa boshladi. Undan keyin esa soha sifatida tanlaydigan darajada. Bunga esa yana o‘sha o‘qituvchi sabab. Yozuvsiz xarita bo‘yashdan bezib, doimgi darslar zeriktira boshlaganda o‘qituvchimiz varaqlari titilib ketgan, ko'k jildli kitobini avaylab sumkasidan chiqarar, buni ko‘rgan zahoti hamma tinchib qolardi, negaki bilardik: ustoz eski kitobini ochdimi, demak, qiziqdan-qiziq sarguzasht hikoyalar o‘qib beradi. Bu hikoyalar biz bilmagan olis Afrika, Amerika, Avstraliya – ummon ortidagi sirli o‘lkalar va ularning tabiati haqida bo‘lar, qahramonlar borib qolgan sirli orollar, ularning nodir tabiati, yakkama-yakka kurashgan yaguarlar-u pumalar kitob sahifalaridan o‘qituvchining quruq, ammo baland ovoziga o‘tar, undan esa quloqlarimizga o‘rmalab kirardi. Butun sinf suv quyilganday jimjit, bor vujudimiz quloqqa aylanib o‘qituvchini tinglardik. U kitobning nomini ham, muallifini ham eslolmayman. Ammo geografiyani tanlashimda quloqsizlik qilsak, ziraklarimizni yechib olish bilan tahdid qiladigan o‘qituvchining o‘sha kitobi sababchi.
"Jim o‘tir, yo‘qsa hozir borib ziragingni yechib olaman!",
"Dars tayyorlamadingmi, yaxshi, bugun uyga ziraksiz ketasan!"
Avvaliga o‘qituvchimizning bu tahdidlarini eshitgan zahotim ziraksiz uyga kirib borguday bo‘lsam, nimalar bo'lishini o'ylab qo‘rqib ketardim, ammo keyin bu sira qo‘rqitmay qo‘ydi, ziraklarim hamisha o'z o'rnida qoldi. O‘qituvchi har gal jahlini chiqarsak qiladigan tahdidini hech kimda amalga oshirmadi.
Bora-bora ulg‘aydim. U ziraklar endi qulog‘imga kichiklik qilib qoldi. Yechib boshqasini taqayotgan buvim:
– Yarashdi, qizim! Otang bundan qimmatrog‘ini olib bermaguncha yechma, – dedi tabarruk bir narsa kabi avaylab qulog‘imga taqarkan.
– Otang emas, tutgan qushing deng, aya, kap-katta qiz bo‘lib qoldi endi, – gapga aralashdi ammam.
– Qush ushlagunigacha hali bor. Ungacha shunisida yurib tursin, qani.
O‘shanda gap nima haqida borayotganini zarracha tushunmaganman...
***
Avvalingda senga go‘zal qanotlar berilgan. Shunday go'zal qanotlarki, kitoblarda rasmini ko'rganim, afsonaviy qaqnus qushinikiga o'xshab ketadi. Zar sochilganday oltinrang patlari oftobda tovlanadi, bir-biriga ursa chaqinidan olov hosil bo'ladi. Bilaman, hali bu qanotlarda seni qanchalik ulkan parvozlar kutib turadi. Mening qanotlarim esa biroz og'ir. Uchishimga hamisha og‘irlik qilgan. Shunchasi kamdek og'ir halqalar ham osib qo‘yishgan. Og'irdan-og'ir halqalar, yomon halqalar. Ulardan xalos bo‘la olishimga ko‘zim yetmaydi.
Qaqnusning sayrashini eshitganmisan hech?! Aytishlaricha qaqnus faqat o'limidan avval navha chekadi. Tillarang qanotlarini keng yozib, bir-biriga ura-ura chiqarayotgan nolalari avjiga yetganda qanotlari chaqinidan olov chiqib, butun tanasini kuydirishni boshlaydi. Qaqnus so‘nggi ovoz payi yonib bitguncha navha chekishda davom etadi. Alaloqibat, qaqnusdan bir uyum cho‘g‘ qoladi xolos...
VA
Va o‘sha cho‘g‘dan boshqa bir qaqnus paydo bo‘lib, avvalgi qaqnusning umrini davom ettiradi. Shu tariqa mavjudlik unda yashashda davom etadi. Ayni damda mavjudman va u menda yashamoqda. Demak, qaysidir qaqnus yonib bitganida undan yodgor o‘sha tiriklik menga ko'chgan va hozirda men bilan. Sen hamisha o‘ylayveradigan "Keyin"ingdan oldin turadigan "Hozir"da senda ham mavjud. Avval va Keyin o‘rtasida hamisha hozir bor. U avval-u keyinni bir paytning o‘zida ham bog‘lovchi, ham ayiruvchi yagona tola...
Kollejda o‘qib yurganimda bir kursdoshim bo‘lardi. Bu qizni birinchi marta ko'rganimdayoq quloqlari esimda qolgan. To‘g‘rirog‘i, quloqlarimas, undagi ziraklari. Qulog‘ining yumshoq joyidan to tepasigacha, bilmadim nechta chiqarkin, zirak bilan to‘ldirilgan edi. Keyin o‘sha qiz birinchi marta doskaga chiqqanda sanashga muvaffaq bo‘ldim: u har bir qulog‘ida oltitadan o‘n ikkita zirakni ko‘tarib yurarkan. Vaqti kelib o‘sha qiz guruhda hammadan birinchi bo‘lib unashtirilganda, o‘sha ziraklarning yoniga yettinchisi qo'shildi. Yettinchi bo‘lgandayam, eng katta, eng og‘ir, eng qimmati ekanligi ko‘rinib turardi. "Qushing qutlug‘ bo'lsin", deb tabrikladilar dugonalarim. Avvaliga tushunmadim, keyin to'satdan ammamning buvim qulog‘imga yangi zirak taqqanida aytgan gapi yodimga tushdi-yu hammasi oydinlashdi…
Vaqti kelib men o‘sha tilla halqalardan butunlay voz kechdim. Onamning sepiga olingan oynavand shkafimizda saqlanadigan idishlardan biriga yashirib qo'ydim. Buvim "Ziraklaring qani?" degandi, "Yo'qotib qo'ydim" dedim.
Qiziq, taqib yurganimda borligiga e'tibor ham bermagan odamlar, endi nuqul nega ziraklarim yo‘qligini so'rashardi. Sen o‘sha halqalardan xalos bo‘lganimdan keyin paydo bo‘lding. Ungacha duch kelmadik hech. To‘g‘ri, avval ham mavjud edik, bundan keyin ham mavjud bo‘lamiz. G'am yema, "hozir"lar bor ekan, bu mavjudlik hali uzoq yashaydi. Va o‘sha "hozir"lar bor ekan, yo'llar hech qachon uchrashmaydi.
Ziraklarni yechgan kunim oynaga qaradim, bo‘sh quloqlarimni kuzatib bir pas turdim va razm solib qarasam oynadan qarab turgan qiyofa o‘zimniki emas. Qo‘rqib ketdim, qo‘llarim bilan ko‘zimni berkitib, bir pasdan keyin qayta ochdim. Hamon o‘zga qiyofa, o‘zga nigoh. Sen bilan ilk duch kelishimiz shunda bo‘lgan. Va shundan keyin seni qachon ko‘rmoq istasam, oynaga qarashimning o‘zi kifoya bo‘ldi to keyingacha.
Hali talaba bo‘lsam ham maktabda ishlardim va har safar darsga kirganimda, o'quvchilarimning ko‘zidan yo‘qolgan nurni, ilmga bo‘lgan qiziqishni axtarib topolmaganimda geografiya o‘qituvchimizning o‘sha kitobini eslardim. U kitobdan qanday bo‘lmasin topishim kerakligini bilar edim-u, hech bo‘lmasa muallifi yoki nomini eslab qolmaganim alam qilardi. "Qaniydi, undan bir donagina topsam-u, men ham darslarimda o‘quvchilarimga o‘qib bersam, shu sabab ularda jug'rofiyaning sirli olami haqida ozgina bo‘lsa ham qiziqish uyg‘onsa, kitob sahifalari urinib, sarg‘ayib ketsa ham mayli," deya xo'rsinardim ichimda.
Ammo ming qidirmay, ne-ne kitob do‘konlarini kezmay, u kitob hech topilmasdi. Qoziroboddagi bozorcha yonidan har o‘tganda eski kitobfurush rus otaxonning ensasini ming qotirib, kitoblarini titkilayverardim. Sotuvchilar nomi tugul, hech bo‘lmasa muallifini eslab qolmagan kitobni axtarishdan ma'no yo‘q deyishardi nuqul. Kitob esa jim edi, go‘yo ming turfa yo‘llar bilan mendan bekinish yo‘lini izlayotganday. Men esa uning topilmasligini bilsam-da qidirgim kelaverardi. Ammo keyin kitobni topolmaganim uchun o'zimga rahmat aytdim. Agar o‘sha kitob topilganda, sen bilan hech qachon uchrashmasmidik...
KEYIN
Odamlar bir-birlariga yo sinov yo siylov qilib yuboriladi. Sinovlarni siylov deb, siylovlarni sinov deb o‘ylagan joyimizda xatoga yo‘l qo‘yamiz. Sen sinovimmiding yo siylovim?! Bunisi menga sir. Va hamisha sir bo‘lib qoldi. Keyinda ham davom etadigan sirim, men hammadan yashirgan va payti kelib o‘zi mendan yashiringan sir. Halqalar bilan zanjirlab tashlangan, ichida nima borligini hech kim bilmaydigan, eski sandiqqa berkitilgan haqiqat. Kutubxona javonlaridagi chang bosgan kitoblarda qolib ketgan sinoat...
Xayolimni provodnikning shamoldek yelib o‘tgan sharpasi buzdi.
Poyezd, yo‘llar. Qayerga ketyapman o‘zi? Yo‘l, yo‘l, nuqul yo‘l. Yo‘llar bormi demak, uzundan-uzun xayollar ham bor. Derazadan zanjirday tizilishib o‘tayotgan manzaraga tikilib, hammasini bir boshdan eslamoqchi bo‘lib tursam, yonimdagi hamrohim suhbatga tutib qoldi.
– Kechirasiz, siz mabodo falonchi maktabda o‘qimaganmisiz?
O‘qiganman, naq 9 yil umrim o‘sha maktab ostonasidan kirib chiqib o‘tkazilgan. O‘sha yerda o'rganganman xat-savodni, kitoblarni burro o‘qishni va albatta geografiyani ham. Suhbatdan ayon bo‘ldiki, bu yoshi mendan nari borsa 4-5 yosh katta, egnidagi kiyimlari o‘ziga biroz yarashmay tushgan kishi o‘sha qabri nurga to‘lgur geografiya o‘qituvchimizning o‘g‘li ekan. To‘g‘risi, ichimdan nimadir uzildi, nimadir yondi. Uzilgan narsa o‘sha kitobni hech qachon topolmaslik qo‘rquvi bo‘lsa, yongani topishga bo‘lgan umid edi. Mavridini topib undan onasining o‘sha kitobi haqida so‘radim. O‘g‘il eslolmadi. Har qanaqasiga tasvirlab bersam ham, serrayib turaverdi. O‘sha kitob menga judayam zarurligini, hech bo‘lmasa muallifi bilan nomini topib bersa men uchun juda katta yaxshilik qilishi mumkinligini tushuntirdim.
– Uyga borsam qarab ko‘raman, raqamingizni qoldirsangiz, natijasidan boxabar qilishim mumkin. - dedi u.
Keyin oradan uch kun o‘tib qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
– Suyunchisini tayyorlang, qidirganingizni topdim!
O‘sha lahzada qanchalik quvonganimni bilsang edi. Hayajonlanganimdan qo‘limdagi telefonni tushirib yuboray dedim.
– Nomini aytsangiz yozib olardim.
– Ee, qo‘ysangiz-chi. Eski bir kitob ekan, bizning uyda baribir hech kimga kerakmas. Bemalol olib ketaversangiz bo‘ladi.
Kitob topilganini eshitib qanchalik quvongan bo‘lsam, endi u meniki bo‘lishi mumkinligi hayajonimni ikki, balki to‘rt hissa oshirib yubordi. Xursandchiligimdan rahmat aytishni ham unutib, "hozir, hozir" dedim-u, apil-tapil kiyinib yo‘lga tushdim.
Va nihoyat, aytilgan manzil. Qizil eshik, chog‘roqqina uy, uyni to'ldirgan qalampirmunchoqnikiga o'xshash qadim bir is. Eshikni ko‘hlikkina juvon ochdi. Muallimning kelini bo‘lsa kerak, o‘yladim ichimda: yoshi nari borsa men tengi, balki mendan yoshroqdir. Ayolning qistovi bilan ichkariga kirdim. Yorug‘ va shinam mehmonxonaga qo‘yilgan xontaxtaning bir chetiga joylashdik. Shu payt muallimning o‘g‘li, qo‘lida o‘sha ko‘k jildli kitob, jilmayib ichkari xonadan chiqib keldi:
– Mana, siz izlagan kitob!
Ha, bu o‘sha edi, varaqlari titilib ketgan, ehtimol ko‘pi yulib olinganigami, kitob qalin muqovasiga yarashmayroq, qandaydir shalvirab turar, anchayin uringanidan yuzidagi yozuvini o‘qib bo‘lmasdi.
O‘g‘il kitobni menga uzatdi, tabarruk buyumday avaylab ichini ochdim, birinchi sahifasidagi muallif va kitob nomi yoziladigan joyi yulib olingan ekan. Orqasini qidirdim. U yerda ham xuddi shunday. Nazarimda kimdir ataylabdan shunday qilganday.
– Sizga bir sirni aytay, faqat oramizda qolsin, - gap boshlab qoldi harakatlarimni kuzatib turgan o‘g‘il. – Bu kitobni onamning o‘zi yozgan. Bir qarashda ishonish qiyindir, ammo bu haqiqat. Onam doim buni hammadan yashirishga urinardi. Kitob qayerda, nechta adadda chiqqan unisidan xabarim yo‘q. Onam buni qanday yozgani-yu, yozishga yozib nega yashirishini esa umuman tushunmaganman. Siz poyezdda so‘raganingizda o‘zimni merovga solib, eslolmadim degan bo‘lsam ham, aslida shu kitob haqida gapirayotganingizni bilgandim. Faqat oradan shuncha yil o‘tib, onam yozgan, o‘z qo‘llari bilan qog‘ozga tushirgan bu kitobning shunchalik yodga olinayotganiga g‘alati bo‘lib ketdim. Avvaliga biroz qizg'andim ham, ammo keyin o'ylab ko'rsam, javonning bir chetida chang bosib yotgandan ko'ra, kimgadir foydasi tekkani yaxshi ekan.
Muallimning uyidan bo‘shashibroq chiqdim. Javobsiz savollar ko‘p edi. Balki javoblariga hech qachon yetolmasman. Anglaganim: u kitob hech qachon meniki bo‘lolmaydi. Sababi, uni olmadim. Ha, men er-xotinni hayrat dengiziga g‘arq qilib, kitobni o‘g‘ilning qo'lida qoldirib chiqib ketdim. Shunchaki qisqagina: "Rahmat, ammo men buni ololmayman, xayr" degan gap va orqaga burilgan yo‘l, men bilan izma-iz borayotgan odimlar...
Ortiga qaytayotgan qadam tovushlarini eshitishni yomon ko'raman, chunki ular hamisha sendan nimanidir olib ketadi. Agar u odimlar o'zing bilan bo'lsa, unda boshqa.
Bu voqeadan keyin hayotdagi katta maqsadini yo‘qotgan odamga o‘xshab qolaman deb o‘ylagandim, biroq butun qalbimni shunday bir xotirjamlik egallab oldiki, boisini o‘zim ham tushunmasdim. Shunday kunlarda Sen chiqding yo‘limdan va boshqacha o‘zgara boshladi dunyolar, avvallar, keyinlar va yo‘llar.
Institut kutubxonasiga ko‘pincha ishdan erta chiqqan kunlarim dars tayyorlagani borardim. Erta kundan biqiq xonaga borib olib, hamxona qizlarning bugun bog‘da qaysi kursdoshini kim bilan ko‘rib qolgani-yu, hali chiqilmagan turmushiga atab yig‘ayotgan seplari haqidagi gaplariga qo‘shilishni esa umuman xushlamasdim. Odatdagidek, quloqchinni taqib, qo'shiq tinglagancha, konspekt yozib o‘tirsam, navbatchi xola kelib 5 daqiqada yopilishlari haqida ogohlantirib ketdi. Shundagina boshimni ko‘tarib atrofga qaradim: hech kim qolmabdi. Shoshilib, kutubxonachi o‘tiradigan darchaga bordim, kitobni berib, guvohnomamni qaytarib oldim. Meni kutib turgan shekilli, eshikdan chiqishim bilan qorovul amaki ham shaqirlatib eshikni ichkaridan qulfladi. Ammo shu payti o‘zimning uringanroq kutubxona biletim negadir yangisiga almashib qolganday tuyildi. Ichini ochib qarasam: 127-raqam, Falonchiyev Falonchi. Hammasi tushunarli: menikining raqami 27 edi. Kutubxonachi yanglishgan. Ortga qaytay desam, eshikni qulflab bo‘lishdi. Borganim bilan kutubxonachi xola menga stol ustidagi eng so‘nggi guvohnomani bergan edi. Yanglishish menikidan boshlangan. To‘g‘rirog‘i o‘sha Falonchiyevning qo‘liga mening kutubxona biletimni tutqazib yuborishgan. Yaxshisi, ertaga bu talaba o‘qiydigan fakultetga borib, uning o‘zini topganim foydaliroq deb o‘yladim.
Ammo shu bilan ba'zi yumushlarga o‘ralashib, bu voqea butkul yodimdan ham chiqib ketgan ekan, keyingi hafta tabiiy landshaftlar bo‘yicha mustaqil ish yozgani kutubxonaga bormoqchi bo‘lganimdagina tap etib yodimga tushdi.
Dekanatdagi qisqagina surishtiruvdan keyin Falonchiyevning o‘zini topishga muvaffaq bo‘ldim. Yigitcha avvaliga hech narsani tushunmadi, shekilli, bir qo‘liga tutqazilgan guvohnomaga, bir menga qarab kalovlanib qoldi.
- Marhamat qilib, o‘zingizdagi biletni qarab ko‘rsangiz. U meniki bo‘lishi kerak.
- Bilasizmi, men... haligi. To‘g‘risini aytsam... bilet meniki bo‘lgani bilan kutubxonaga deyarli bormayman. Undan ba'zida akam foydalanib turadi. Menimcha, o'sha kuniyam u borgan bo‘lsa kerak. Agar sizga juda zarur bo‘lmasa, ertaga keltirib bersam bo‘ladimi?
- O‘sha akangizni hozir topolmaysizmi?
- Afsuski, yo‘q. U bu yerda o'qimaydi. Siz yaxshisi ertaga darsdan keyin ketmay turing. Agar rostan, guvohnomangiz unda bo‘lsa men o‘zim sizga olib borib beraman.
***
Ibtidoyingda senga toza bir qalb berilgan. O‘zgalar nima deb o‘ylashi qiziqmas, baribir seni yaxshi deb atayveraman. Asliyatda qandayliging ahamiyatsiz, sen shunchaki keyinimda ko‘rgan yaxshi odamlarning birisan, balki bittasisan. Senga sen deb murojaat qilayotgan esamda, haqiqiy hayotda na sen, na siz deya atardim. Tilimizdagi olmoshlar senga bo‘lgan munosabatni ifodalashga qodir emasdi go‘yo. Chunki, sen ham, siz ham ikkinchi shaxsga nisbatan ishlatiladi. Ammo men seni hech qachon qarshimdagi ikkinchi shaxs sifatida ko‘rolmaganman...
– Nega doim bir xil kitob o'qiysan? Halitdan ilmiy ish yozmoqchisan shekilli? – deysan qo‘limdagi yostiqday qalin jug‘rofiy ensiklopediyaga ishora qilib. (O‘shandan buyon, guvohnomamni qaytarib berishga o‘zing kelib, anglashilmovchilikka yo‘l qo‘ygan bee'tiborliging uchun qayta-qayta uzr so‘ragan kuningdan boshlab, kutubxonada duch kelib qolguday bo'lsak, qisqa salom-alik qilib o'tardik)
– Shunchaki, qiziqish. Men bir kitob o‘qiganman yoshligimda. To‘g‘rirog‘i o‘qib berishgan va...
Va men gapira boshlayman o‘sha ko‘k jildli kitob haqida. Uni qidirib, muallimning uyigacha borganim va olmasdan qaytganim. Qo‘limdagi qomusda unga o‘xshash ma'lumot va ilmiy faktlar ko'pligi, uni o‘qib o‘zim uchun manba yig‘ayotganim – hamma-hammasini. O‘qituvchimning kitobini topishga topib, nega uni olmasdan chiqib ketganimni eshitganingda hayron qolasan deb o‘ylayman. Hatto, sendan "Shuncha qidirishga qidirib, nega uni tashlab chiqding?! Kitobni olishing, ustozingning xotirasi haqqi uni sen ham o‘quvchilaringga o‘qib berishing, balki payti kelib, uning muallifini oshkor qilib qayta nashr ettirishing kerak edi" degan qolipona javob kutaman. Ammo aksincha meni taajjubga qo‘yib, bir muddat jimlikka berilasan-da, shunday deysan:
– To‘g‘ri qilibsan.
– Nahotki?! Endi o‘zimni koyish eshitishga tayyorlayotgandim.
– Yo‘q, nega endi? Kitobni oshkor qilish o‘sha muallimaning haqqiga nisbatan to‘g‘ri bo‘lmasdi. Har holda u butun umr yashiribdimi, demak arzirli sababi bo‘lgan.
– Qaydam, lekin u qanday qilib shu darajada jonli tasvirlangan hikoyalarni yozishning uddasidan chiqqani meni haliyam hayratga soladi.
– Nima bo‘pti? Odam qilgan ishni odam qiloladi. Harakat qilsang, sen ham yoza olasan o'shanaqa kitobni.
– Bunisi sal oshib ketdi, – deyman kulib.
– Yo‘q, oshib ketmadi. Sen nimalarni uddalay olishingni o‘zing hali yaxshi bilmaysan. Hamma odamlar shunday. Ammo unutma, kerak bo'lsa, undan ham yaxshirog‘ini yozish qo‘lingdan keladi. Senga o‘sha kitobni oxirgi marta o‘qib berishganida necha yosh eding?
– O‘n uch, balki o‘n to‘rtdir.
– U kitob o‘n uch yoshli sen uchun eng zo‘ri bo‘lgan. Balki uni hozir o‘qiganingda juda sodda, jo‘n bo‘lib tuyilar. Balki, o‘qituvching shu sabab uni boshqalardan yashirib, faqat bolalarga o‘qib berar?! Shunchaki, o‘zing bilan qolib, yaxshilab o‘ylab ko‘r.
– O‘zi bilan o‘zi qolish nima degani?
– Bilmaysanmi? Axir, turgan bitgani rohat narsa-ku – deysan jilmayib, – atrofing to‘la odam bo‘lsa ham o‘zing bilan o‘zing qolishing mumkin. Ruhingga erk bersang bas, shunchaki uni qo‘yib yubor. O‘zi istagan yeriga ketsin. Ana shunda o‘zing bilan o‘zing qolasan.
– Ruhsiz quruq vujud bilanmi?
– Quruq jism bilan emas, albatta, qalbing sen bilan qolsin. Men qalbni emas, ruhingni ozod qil dedim. Masalan, men har gal kutubxonaga kelganda o‘zimni shunday erkin his qilaman. Bu yerda odamlar ko‘p, lekin kitoblar ulardan ham ko‘p. Faqatgina shu yerda ilmiy ishimga doir asl mohiyat-u masalalarni anglay olaman. Shunchaki, o‘ylab ko‘r. Odam uddalashdan qo‘rqmasligi kerak.
O'shanda men qo‘rqmasdimmas, shunchaki o‘zimga ishonmasdim. Keyin ko‘p o‘yladim bu haqda.
Oradan ikki haftalar o‘tib, sen bilan yana kutubxonada yuzma-yuz kelib qoldik. Qo‘limda tag‘in o‘sha kitob edi.
– Xo‘sh, o‘ylab ko‘rdingmi?
– Ha.
– Yigirma yildan keyin, qaysidir o'quvching shu yerda nomini bilmagan kitobingni izlab yurgan bo'lmaydimi?
– Izlaydi, faqat muallifi va nomi bilan!
– Barakalla!
Shunday deya orqadagi bo‘sh o‘rindiqlar tomon o‘tib ketasan. Men esa mutolaaga berilaman. Sukunatni faqat sahifalar shiviri egallaydi. Vaqtning qanday o‘tganini-da sezmayman.
Menga avvalimda nimalar berilgani noma'lum. Hozirgacha o‘zimda nimalar borligini bilmaganim esa aniq. Lekin o‘shanda, oynavand javonga solib ketgan halqalarim ta'qibi hamon meni yolg‘iz qo‘ymaydi. Ulardan har qanaqasiga xalos bo‘lgim kelaveradi, atrofimdagilar esa nega hamon halqalarsiz yashayotganimni qayta va qayta so‘ragani-so‘ragan.
Bilaman, seni yaxshi bilmayman. Har zamon kutubxonada ko‘rishib qolganda pichirlab gaplashilgan ikki-uch og‘iz suhbatdan odamni bilib bo'lar ekanmi?! Ammo o‘sha suhbatlarda ruhimni bosib turgan og‘ir yukdan yengillikmi, xaloslikmi tuyardim.
– Nega shanba kunlariyam kutubxonada o'tirasan? Men seni boshqa talabalar kabi hafta oxirida uyiga jo'nab qolsa kerak deb o'ylagandim.
– Qaydam, menga shunisi tinch. Bu yerda o'zimni ozod sezaman.
– Uy yumushlaridanmi?
– Albatta yo'q.
– Unda nimadan?
– Halqalardan.
– Qanday halqalar?
– Menimcha tushuntirib berolmayman.
– Nazarimda seni anglagandayman, – deysan biroz jim qolib.
– Unda ayting-chi, o'sha zanjirlardan qanday ozod bo'lolaman?
– Sen ozod bo'lishnimas, ular bilan ham ucha olish mumkinligini o'ylashing kerak.
– Xohlamayman.
– Unda qachongacha qochib yurmoqchisan? Balki, rostakamiga kimnidir o‘z ruhing odami sifatida ko‘ra olganingda fikring o'zgarar.
To'satdan kitob ustida chuvalashib yotgan quloqchinimni olib, quloqlaringga tutasan, qo'shiq so'zlari simlar uzra suza boshlaydi:
Seni Mendan
Meni Sendan
Ayirmasin...
– "Avval va keyin" degan romanni o'qiganmisan?
– Yo'q.
– Unda o'sha kitobni o'qishni maslahat beraman.
– Menga romantik asarlar yoqmaydi.
– Kim aytdi uni romantik deb?!
– Nomidan bilinib turibdi muhabbat haqidaligi.
– Men unday o'ylamayman. Menga qolsa u kitobga "Asimptota" deb nom bergan bo'lardim.
– G'alati. Qanaqasiga butun boshli badiiy asarga ilmiy termin nomini qo'yish mumkin?
– Asimptotik* chiziqlarning mohiyatini yaxshiroq anglab yetsang, tushunasan buni. Shunchaki, insonlar oxirgi paytda muhabbat deganda faqat oshiq-ma'shuqlikni tushunib qolishgan. Lekin bu olamda shunday muhabbatlar borki, ularda zarracha minnat, zarracha ta'ma, hatto sabab ham ko‘rmaysan. Nima, "Shaytanat" dagi Anvarning hamshiraga aytganidagi muhabbati insonlarda yo‘q deb o'ylaysanmi? Aslida u yuz foizga haq edi. Kimga qanday bilmadim-u, men uning fikrini ma'qullayman.
– Bu yerda o‘ziga-o‘zi taskin berishdan boshqa narsa ko‘rmayapman.
– Aslida hamma gap shunda. Hissiyot sen-u menda emas, qalbda bo‘ladi. Ishqni o‘zingniki deyishga shoshilma. Biz shunchaki omonatni yetkazuvchi vositamiz xolos. Uning yolg‘iz egasi – Yaratgan. U bandalariga muhabbatini ikki tarzda: kimlargadir biror odam vositasida, kimlargadir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llab qo‘yadi. Afsuski, odamlar ikkinchisining eng katta baxtligini bilmaydilar...
– Unda men eng katta baxtlilardan biri ekanman, – deyman kulib.
Jilmayasan:
– Men ham.
Men esa ichimda xo‘rsinaman. Shundan so‘ng suhbat sira qovushmaydi, undan keyiniga o‘tishga na Sen, na men jur'at qilmaymiz. Ketishim kerakligini ich-ichimdan sezaman. Narsalarimni yig'ishtirib o'rnimdan turaman. Allaqachon bo'shagan zalda faqat ikkalamiz qolgan bo'lamiz. Men sen tomonga o'girilib, qo'limni silkiyman. Sen ham keng kaftingni harakatsiz havoga ochasan-u, muk tushgancha kitobingga termulasan. Bu "xayr" degani bo'ladi.
Kutubxonachi xolaga ensiklopediyani uzataman. Xola kitobni oladi-yu, javonlarni oralab, ko'zdan g'oyib bo'ladi. Sal turib ichkaridan ovoz beradi:
– Stol ustida o'zi ikkita bilet turibdi. O'zingiznikini olib ketavering.
Qo'limga ilashgan guvohnomani olaman. 127-raqam! Miyamda nimadir yarq etadi. Uch oy avval zaldan oxirgi bo'lib chiqqan o‘sha kunim yodimga tushadi.
Nahotki?! Kutubxonachi o‘shanda ham...
Bir qo'limdagi guvohnomaga, bir stol ustida yotgan o'zimnikiga qarayman. Qay birini olishni bilmay to‘xtab qolaman...
Iroda ZOKIR qizi
_____________
*Asimptotik chiziq - (yun. asymptotos – mos kelmaydigan) – egri chiziq nuqtasi uzoqlasha borganda egri chiziqqa yetarli darajada yaqin boʻladigan toʻgʻri chiziq. Ular juda yaqin keladi, lekin hech qachon kesishmaydi.