“Men jadidlar avlodi” respublika insholar tanlovi nizomi 

“Men jadidlar avlodi” respublika insholar tanlovi nizomi 

QarMII axborot xizmati

PREAMBULA

 «Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur».

 Sh.M. Mirziyoyev

 

Ma’lumki, o‘z faoliyatini nafaqat siyosiy, balki ta’lim va tarbiyani yuksaltirish, Turkiston o‘lkasini ma’naviy hamda ma’rifiy isloh qilish, barkamol avlodni tarbiyalash masalasini o‘z oldiga maqsad qilgan jadidlar harakati o‘lka xalqlari tarixida muhim ro‘l o‘ynagan.

  Jadidlar faoliyatining muhim xususiyati, avvalambor Turkistonni o‘rta asrga xos tarqoqlikdan ozod qilish, xalqni zamonaviy taraqqiyot yo‘liga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, zamonaviy idora usulidagi ozod va farovon jamiyat qurish hamda ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qilishdagi intilishlarida namoyon bo‘lgan. Jadidlar faoliyatida madaniyatga, ma’rifatparvarlikka, yangilikka, taraqqiyotga intilish, yoshlarni, butun xalq ommasini shunga da’vat etish g’oyalari ular hayotining oxirigacha yetakchi fikr bo‘lib qoldi. Har qanday og’ir sharoida ular o‘z qarashlarini o‘zgartirmadilar.

  Aynan bu kabi millatning yulduzlari bugungi avlod uchun bitmas-tuganmas ibrat maktabidir. Yosh avlod vakillarini jadid bobolarimiz ilmiy merosi, faoliyatini o‘rganish va tahlil qilishga chorlash, ma’rifat va vatanparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi “Men jadidlar avlodi” Respublika insholar tanlovini e’lon qiladi.


I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur Nizom O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan “Men jadidlar avlodi” Respublika insholar tanlovi o‘tkazilishini tartibga soladi.

1.2. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida amalga oshiriladi.

1.3. Tanlov ishtirokchilari Respublika OTM talabalari (keyingi oʻrinlarda “Ishtirokchilar” deb yuritiladi).

1.4. Tanlov ishtirokchilari tomonidan insholar (keyingi o‘rinlarda “Ishlar” deb yuritiladi) 2024-yilning 30-martiga qadar qabul qilinadi;

 1.5. Tanlov tashkilotchilari tanlov ishlaridan oʻz kasbiy faoliyatida foydalanish huquqini saqlab qoladi. Ishlarni tanlovga taqdim etish muallifning ushbu shartga roziligini bildiradi;

 1.6. Tanlov natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 2024-yil 15-aprel kuni gʻolib nomi koʻrsatilgan holda www.scocenter.uz sayti va https://t.me/scocenteruz ijtimoiy tarmogʻida e’lon qilinadi.

 II. TANLOVNING MAQSAD VA VAZIFALARI

 2.1. Jadidlar g‘oyalarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;

 2.2. Yosh avlodning mustaqil, kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish;

 2.3. Ma’rifat va vatanparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish;

 2.4. Yosh avlodning faol fuqarolik pozitsiyasini rag‘batlantirish;

 2.5 Yosh avlod vakillarini jadid bobolarimiz ilmiy merosi, faoliyatini o‘rganishga yo‘naltirish;

 2.6. Yoshlarga mustaqil fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyatini berish;

 III. TANLOV ISHTIROKCHILARI

 3.1. Tanlovda ishtirok etish mutlaqo bepul.

 3.2. Tanlovga yakka tartibda tayyorlangan ishlar qabul qilinadi. Mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan ishlar tanlovda ishtirok etishi mumkin emas.

 3.3. Har bir ishtirokchi tanlovga bitta ishni taqdim etish huquqiga ega.

IV. IJODIY ISHLAR MAZMUNIGA TALABLAR

4.1. Tanlovga “Men jadidlar avlodi” mavzusiga mos keladigan ishlar qabul qilinadi.

 4.2. Ish insho janriga mos kelishi kerak. Insho ijodiy mini-kompozitsiya bo‘lib, unda ishtirokchi jadid bobolarimiz ilmiy merosi, faoliyatini o‘rgangan holatda, o‘z qarashlarini bayon etishi lozim.

 4.3. Inshoda yosh avlod vakillariga ma’rifat va vatanparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida jadid bobolarimizning ahamiyati ochib berilishi kerak.

4.4. Insho mualliflik mahsuloti sifatida taqdim etilishi, unda to‘liq yoki qisman plagiat       elementlari  mavjud           bo‘lmasligi  lozim.

4.5. Iqtibos manbalarining barcha ma’lumotlari (muallif, asar nomi, nashr etilgan shahar, nashriyot (davriy nashr), chop etilgan yili (nashr raqami, sahifalar) bilan izohlar shaklida ko‘rsatiladi.

 V. IJODIY ISHLARINI SHAKLLANTIRISH TALABLARI

5.1. Tanlov ishlari o‘zbek, ingliz yoki rus tillarida taqdim etilishi mumkin.

 5.2. Ijodiy ishlar quyidagi texnik parametrlari talablariga javob berishi kerak:

 -  ish hajmi: 8000 so‘zgacha (bo‘shliqlar bilan birga);

 -  A4 formatidagi qog‘ozga, kitob shaklida;

 -  14 kegel, shrift turi - Times New Roman, qator oralig‘i – 1,5;

 -  format: chapda 3 sm, yuqorida va pastda -2 sm, o‘ngda - 1,5 sm;

 -  tuzilmasi: kirish - asosiy qism - xulosa;

 -  tanlov nomi sarlavhaning – o‘ngida;

 -  sarlavha: sahifaning o‘rtasida (o‘ngdagi sarlavha ostida muallifning ismi).

 5.3. Ish elektron shaklda PDF formatidagi faylda topshirilishi kerak. Ishga quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan fayl ilova qilinishi kerak: familiyasi, ismi, otasining ismi (to‘liq); ta’lim muassasasining nomi, kursi, manzili, mobil telefon raqami; elektron pochta. (1-ilova).

 5.4. Belgilangan talablarga javob bermaydigan ishlar tanlovga qabul qilinmaydi.

VI. LOYIHA BOSHQARUVI

6.1. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazishga umumiy rahbarlik “Men jadidlar avlodi” Respublika insholar tanlovi tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. 6.2. Tanlov komissiyasi a’zolari ishni ikki bosqichda ko‘rib chiqadilar. Birinchi bosqich - belgilangan mezonlarga javob beradigan insholarni tanlash. Ikkinchi bosqich saralangan ishlarni baholash va tanlov g‘oliblarini aniqlashdan iborat.

VII. TANLOVNI O‘TKAZISH TARTIBI VA NATIJALARINI E’LON QILISH

7.1. Tanlov onlayn shaklda o‘tkaziladi.

7.2. Tanlovda ishtirok etish uchun talaba belgilangan muddatda ishini tanlov komissiyasiga yuborishi lozim.

7.3. Arizalar elektron shaklda info@scocenter.uz elektron pochta manziliga yuborilishi lozim (mavzu qismida “Men jadidlar avlodi” iborasi ko‘rsatilishi shart);

7.4. Tanlovga taqdim etilgan ishlar qaytarilmaydi, taqrizlar e’lon qilinmaydi.

7.5. Har bir ish tanlov komissiyasining kamida 3 nafar a’zosi tomonidan tekshiriladi.

7.6. Tanlov g‘oliblarini aniqlash tanlov komissiyasi tomonidan, 5 ballik tizimdagi mezonlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi (2-ilova).

 7.7. Tanlov natijalari bo‘yicha Tanlov komissiyasi tomonidan kelib tushgan ishlarning to‘plagan umumiy ballari asosida aniqlanadi.

 7.8. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 1-3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar tanlov g‘oliblari hisoblanadi; laureatlar – ijodiy ishlari 4-5 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar.

 7.9. Hakamlar hay’ati quyidagi nominatsiyalarni joriy etish huquqiga ega:

 “Eng namunali insho” nominatsiyasi g‘olibi;

 “Eng kreativ insho” nominatsiyasi g‘olibi.

 7.10. Tanlov hay’ati qoʻshimcha nominatsiyalar va mukofotlarni belgilashga huquqiga ega.

7.11. Tanlov g‘oliblari, laureatlar va nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi diplomi va mukofotlari topshiriladi.

7.12. Tanlov g‘oliblari va laureatlari o‘z ishlarini www.scocenter.uz veb-saytida chop etish huquqiga ega bo‘ladilar.

VIII. HAKAMLAR HAY’ATI

8.1. Hakamlar hay’ati raisi – O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent Davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat milliy kutubxonasi.

 

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi 100100, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 45-uy, Tel: (9871) 202 08 60/61/62/63/64.


 


Report Page