Melanoma
medDNKMelanoma - bu eng xavfli teri raki bo'lib, teridagi melanin ishlab chiqaruvchi melanotsitlardan rivojlanadi. Shuningdek, melanoma ko'zdan va kamdan-kam hollarda burun ichi va tomoqdan ham chiqishi mumkin.

Melanomaga olib keluvchi aniq bitta sabab topilmagan, lekin quyoshda ko'p toblanish yoki sun'iy toblantiruvchi lampa va maxsus yotoqlardan foydalanish orqali ultrabinafsha nurlar ta'sirida melanoma rivojlanish xavfi ortadi.


Shuningdek, yoshi 40 dan oshgan ayollarda melanoma xavfi yuqori hisoblanadi. Melanomani davolash mumkin, agar metastaz bermasidan avval, ertaroq aniqlansa.
Simptomlar
Melanomalar terining istalgan joyida rivojlanishi mumkin. Ular ko'pincha quyosh ko'p tegadigan joylardan chiqadi, masalan qo'llar, oyoqlar, yuz va kuraklar atrofidan.
Melanomalar shuningdek quyosh nuri ko'p tegmaydigan joylarda ham rivojlanishi mumkin. Misol uchun, qo'l-oyoqlarning kaft qismida va tirnoq ostida. Bu yashirin melanomalar ko'proq terisi qoraroq bo'lgan insonlarda uchraydi. Masalan, 1977-yili mashhur Yamaykalik musiqachi Bob Marleyning oyoq bosh barmog'ining tirnog'i ostidan noodatiy xol rivojlanishni boshlaydi va 1981-yilda 36 yoshida melanomadan vafot etadi.
Melanomani birinchi belgilari bu:
• teridagi biror-bir xolning rangi, shakli yoki hajmini o'zgarishi
• terida yangi pigmentlangan zonani paydo bo'lishi
Normal xollar
Normal xollar xavfsiz bo'lib, ko'pchilik odamlarda 10 tadan 40 tagacha bo'ladi. Ular tug'ma yoki keyinchalik (bolalikdan 40 yoshgacha) paydo bo'lishi mumkin. Normal xol quyidagicha ko'rinishda bo'ladi:
• rangi bir xil
• chegarasi aniq
• shakli yumaloq yoki oval
• hajmi 6 mm dan kichik
Melanoma
Agar bemor o'zida noodatiy xol borligini payqagan bo'lsa, darhol dermatologga murojaat qilishi lozim. Melanoma dermatolog tomonidan dermatoskop yordamida dermatoskopiya qilinadi va uni xavfli yoki xavfsiz ekanligiga baho beriladi. Melanoma dermatoskopiyasida "ABCDE" tekshiruv usulidan foydalanish ancha oson va eslab qolishga qulay.
ABCDE tekshiruv usuli
A - asimmetriya. Normal xol simmetrik, melanoma esa asimmetrik bo'ladi.
B - border (chegara). Normal xol chegarasi to'g'ri, tekis, silliq ko'rinishda bo'lsa, melanoma chegarasi esa noto'g'ri, tishli yoki bo'lakli ko'rinishda bo'ladi.
C - color (rang). Normal xol bir xil rangda, melanomani rangi esa notekis taqsimlangan bo'ladi, ya'ni ayrim joylari ochroq bo'lsa, boshqa tomonlari to'qroq rangda.
D - diametr. Melanoma diametri 6 mm dan katta.
E - evolving (rivojlanishi). Melanomani rangi, chagarasi, diametri vaqt o'tgan sari o'zgarib, kattalashib boradi.
Agar dermatoskopiyadan so'ng melanomaga shubha qilinsa, biopsiya olinib, gistologik tekshiruvga jo'natiladi. Gistologiya ham o'sma ekanligini tasdiqlasa, unda bemor onkologiyaga yuboriladi.



Har yili May oyining 1-dushanbasi "Melanoma dushanbasi" hisoblanadi, bu kunda deyarli har bir davlatda dermatologlar tomonidan aholi o'rtasida bepul konsultatsiyalar tashkil etiladi.
Manbalar:
• Mayo Clinic
• HealthCert Education
• Medilogin
• Yandex Image