Mehr qolur...

Mehr qolur...

Latif Mahmudov


Qumri xolaning echkisi podadan qaytmadi. Adashganmi, oyogʻi lat yeb yoʻlda yotib qolganmi – xudo biladi. Peshonasi kaftdekina qashqali sogʻin echki edi; tovoqdagi qaymogʻiga non botirib bamisoli nisholda yerdingiz, qatigʻini xurmachadan pichoqda kesib olardingiz. Shundoq zotli toʻsatdan gʻoyib boʻlsa! Sovuq xabardan qoʻni-qoʻshni yigʻilishib, u deyishdi, bu deyishdi, podachi bolani qistovga ham olishdi, bola bechora oʻlaman sattor, hech narsa payqamadim, deb jovdirab turaverdi. Bitta nogiron oyogʻini taqimiga bosgancha, chekkaroqda eshakdan tushmay oʻtirgan Moʻmintoy akaning koʻnglidan nimalar oʻtmadi: ming-ming qoʻy-qoʻzini kundasiga boshlab kelib, oʻzi chap berishni uddalagan echki zoti adashadigan anoyi emas. Yoʻlda qolib ketishi ham dargumon. Mayib echkini dorga chiqarib qoʻyilsami, ikki oyoqda ham pildirab xavf-xatardan eson-omon oʻtib oladi. Epchilligiyu, quvligi demasa, hammaga ilakishib ketadigan jonivor!

– Yo alhazar, – dedi yigʻilganlardan biri Moʻmintoy akaga yuzlanib, – osmonga uchdimi, yerga kirdimi?!

Moʻmintoy aka qoʻllarini keng yozib, osmonga nigoh tashlab qoʻydi. Har ehtimol, yosh-yalang vaqtni boy bermay yonlariga podachi bolani olishib izlagani ketishdi, ular ham ancha xayollab hafsalalari pir boʻlib qaytishdi.

...Qumri xola devorga suyangancha dardiga qovrilib yolgʻiz qoldi.

– Qumri, qoʻrgʻonga kiraqol, – dedi Moʻmintoy aka, – noumid shayton, hali zamon oʻzi kirib kelsa ajabmas.

Qumri xola yon-atrofi toʻkilib tovoqning ogʻzidekkina joyi omon qolgan doʻnglikka choʻqqayganda Moʻmintoy aka mulzam tortdi: kimlarning hojatini deb shu joydan oʻtmaydi, xom sut emgan banda, supachaning ahvolini payqamayapti!

Eshakni ogʻilxonaga qamab peshayvon zinasida tizza uqalab oʻtirgan Moʻmintoy akaga xotini oshxonadan ajablanib qaradi.

– Hoy, yuqoriga chiqing, osh lanj boʻldi.

– Erining qoʻzgʻalmaganini koʻrib, tavba, echkiga shuncha azami, bir tovoq sut chiqarib turaman, deb qoʻydi.

– Aljirama, xotin, – oʻshqirdi Moʻmintoy aka oʻgirilib, – echki, bir mushtiparning ovunchogʻi, yolgʻizligi boʻlinmasdi; oʻt yulardi, tert qorardi, sut sogʻardi... Ozib-yozib qorasini koʻrsatgan shahardagi arzandasiga xalta-xalta qurt joʻnatardi...

– Hovuchlab pul berib turibdi-ku, arzandasi, – deya ogʻzidan bexos chiqqan gapga izzat tortib xotini yoniga kelib choʻqqaydi.

Eri xoʻrsindi.

– Sirasini aytay, xotin, odam bolasi, ayniqsa keksayganda bir hovuch – tillo tangaga emas, bir misqol mehrga muhtoj boʻlarkan.

– Muncha donosiz, – hazil-huzul bilan xotini qoʻzgʻaldi, – tura qoling,

ovqat mahal boʻldi. Oʻzimning ham yurakkinam tuzday achidi, achiganda qandoq... Hovuringizni bosay degan edim.

Er-xotinning gangur-gungur suhbatlari bugun qovushmadi. Xotini qavigʻi chala koʻrpachani qoʻlga oldi. Moʻmintoy aka mol-holga qarab, eshik tirqishidan koʻchaga moʻraladi. Qumri xola hamon supachada mushshayib oʻtirardi. Qishloqqa qoʻli egri odam oraladimi, yoʻgʻ-e, gʻashlanib yota-yota koʻzi ilinsa echki, tushiga kiribdi. Qishloq etagida azim soyda bir hovuch eski uvadaday qalqib-qalqib kelarmish. Suvning oʻramasidan chiqa olmay, shoʻrlik, yigʻlamsirab ovozining boricha maʼrarmish... Shoʻngʻib, qutqaribdi-yu, soʻloqmonday echkini quchoqlagancha halloslab yugurarmish. Suyunchiga Qumri xola bir xurma qatiq bilan tovoqda qurt olib chiqqanmish...

– Hoy, nafasingiz bejo, yonboshlang, – dedi xotin. Uyqu tortib Moʻmintoy aka bitta koʻzini arang ochdi.

– Yotmay, qayoqlarda sanqib yuribsan?!

– Qumrini zoʻr-bazoʻr qoʻrgʻonga kiritdim, – dedi xotini yoniga choʻzilib.

...Qumri xola ostonadan nariga oʻta olmadi. Oyoq ostida oʻrmalagan qurt-qumursqaning ham oʻrni boʻladi, deyishadi. Ogʻilxonaning lang ochiq eshigiga qarab olislardan echki ovozi kelaverdi-yu, kalovlab yana joyiga chiqib choʻqqaydi. Jonivorning taʼrifiga til ojiz edi. Hamma narsani bilardi, hammasiga tushunardi. Podadan qaytganda oyoqlariga suykalib erkalansa xola boʻynidan quchoqlab silab-siypalashdan charchamasdi. Yelini tirsillab ketgan echki ogʻilxonaga borib xolani poylardi, xayollasa, maʼrab chaqirardi – gapiray desa til-ogʻzi yoʻq edi jonivorning! Qaysi ovloqda choʻkkalab qoldi, shoʻrlik, qayoqlarda tentirab yuribdi?! Xolaning termilib toliqqan koʻzlari yoshlandi. Moʻmintoy aka aytmoqchi, noumid shayton, zora yoʻl topib oʻz oyogʻi bilan kirib kelsa!

Xola allamahal ichkariga kirib yotgancha kun yoyilganda tursa! Echkini sogʻay deb, shoshgancha tovoq koʻtarib pastga tushganda huvillagan ogʻilxonaga qarab turib qoldi: kelmapti, jonivor, kelsa darrov ovoz bermasmidi?!

Kalovlab koʻchaga chiqqanda suvalgan supachani koʻrib xayoliga Moʻmintoy aka keldi: voajab, tinib-tinchimagan odam qachon ulguraqoldi?! Munchalar mehr-oqibatli kimsa, munchalar-e, avvalam bor, Xudoyim, qolaversa, Moʻmintoy aka sabab yolgʻizginasi bugun oʻynab-kulib yurgan boʻlarmidi! Eslasa oyoq-qoʻli boʻshashadi, eslasa vujudi sovuq titroq bosadi, yillar oʻtib ham, oʻziga kelolmaydi.

Qariyu yosh yoppasiga dalaga chiqardi.

Qarovchilari boʻlmagan baʼzi juvonlar chaqaloqlarni choyshab bilan orqalariga bogʻlashib tong sahardan oʻtoqqa tushishardi. Kun qiziqda eni kambar, tubi chuqur ariq boʻyida tarvaqaylagan tutning quyuq soyasiga kelib bola emizishar, shu bahona oʻzlari ham nafaslarini rostlab, yana jazirama dalaga qaytishardi. Kattaroqlarining onalari yeguliklarini oldilariga qoʻyib, bolalarining bellariga boʻshgina oʻralgan chizimchani uzun tashlab uchini tutga bogʻlab qoʻyishsa ham olazarak boʻlib olisdan qarab turishardi. Qumri xola ham kunning olovselidan asrab oʻgʻilchasini soya-salqin joyda birpas-yarimpas qoldira boshladi. Qoʻshni egatda traktordan qolgan laxtak yerlarni yumshatib yurgan eriga jilla yoqmasa ham ilojsizlikdan indamas, alamini ketmondan olardi. Bola yangi joyga koʻnikib tinchgina oʻynayotgan kunlarning birida koptogi ariqqa yumalab ketdi. Belidagi tasmadan osongina sirgʻalib, orqasidan quvdi. Moʻmintoy aka shu joydan oʻtayotib choʻkayotgan bolakayni qutqardiyu, oʻzi muk tushgancha yotib qoldi. Jon-jahdda ariqqa sakraganda pichoqni damiday qirra toshga tizza bilan tushgan ekan, anchagacha suv betida qalqib-qalqib qon oqdi. Kasalxonada uch oy yotib hassaga tayanib chiqdi. Hali uzoq-yaqinga eshakda borib-kelib yurishining sababi ham shunda.

Erining sochlari tegirmonga kirib chiqqan odamday bir kechada oqardi. Ish-kuchiga yarab yurgan gungursday odam hapqirib, gʻalati entikadigan boʻlib qoldi. Azim tup tut yon-atrofi chim bilan toʻsilsa ham erining koʻngli toʻlmaydi.

– Qoʻrgʻon orqasi hayhotday maydon, – dedi bir kuni, – yarmiga olma, nok ekaylik, yarmiga paxsadan bostirma solay, eshitgan borki hasharga keladi. Dalaga chiqqan xotin-xalaj yosh bolasini shu yerga olib kelsin, oʻzlari galma-gal, oz-ozdan koʻz-quloq boʻlishsa, bola boladay oʻsadi, bogʻ hosilga kirsa, bolalarning tushligini koʻtaradi, nima deding?

Inson umrining misqoli ham oʻlchogʻlik ekan. Erta koʻklam maydonga bir dunyo koʻchat ekib... yoz chillada, zoʻriqdimi, eri dalada yiqildi. Toshday qotib qolgan changalidan ketmon dastani sugʻurib olishdi.

... Koʻlmaklarda poʻpak bosgan loyqa suvlar oqib ketdi, ortga qaytmas oqib ketdi.

Ogʻilxonada qolgan ikki-uch tuyoqni xola bovlab-toʻshlab koʻpaytirdi. Oʻgʻli qarchigʻayday yigitcha boʻlib, oʻqiyman deganda ovunchoqqa bitta uloqcha olib qoldi. Hamma mol-holni sotib pulini qoʻliga berdi. Bir qish qahrli kelib, betob oʻgʻlini koʻrgani borsa rang-roʻyi bir holatda! Qishloqqa olib keldi. Echki suti koni davo deb, yangi soqqanidan uch mahal tovoq-tovoq ichirsa, salda quvvatga kirib oliygohni ham tamomladi. Allaqaysi korxonaga hisobchilikka ham joylashdi. Qarangki, rahbarning bir yaqini oʻgʻlini yoqtirib qolib toʻy-tomosha bilan beva qizini bersa! Qumri xola toʻyga borolmadi. Nasib qilmagan ekan, betob edi. Moʻmintoy aka bilan xotinini yubordi.

Oʻgʻli har kelganda, choldevorxonada echki quchoqlab oʻtirasizmi, oyi, hovli-joyni sotib, shaharga olib ketay, deyishini qoʻymasdi. Qumri xola maʼyus jilmayib, koʻp narsaga aqling yetmaydi, yoshsan, otang arvohi makonini izlab yurasinmi, deb koʻnglidan oʻtkazdi. Avvallari tuzukkina kelib-ketib yurgan oʻgʻlining oyogʻi bora-bora tovsilib qoldi. Qumri xola uyli-joyli boʻldi, oʻzidan tinsin deb ovunar, voajab, ozib-yozib oʻgʻli eshikdan kelsa, jonivor darrov tanib yonidan jilmasdi. Qaytayotganda yugurgancha tepalikka chiqib, mashinasi oʻtgan yoz qad koʻtargan xashamatli maktab binosini aylanib soyni yangi semon koʻprigidan oʻtguncha ajabtovur qarab qolardi!

Saxovatli odamlar hamqishloqlari armonini eslashib, qolaversa Qumri xolaning raʼyi bilan moʻljaldagi yangi bogʻcha binosiga qoʻrgʻon orqasidagi bogʻni maʼqul koʻrishdi. Maydonchaga ikki-uch mashina gʻisht toʻkilganda, xolaning xayoli ish deganlari bundoq boʻpti, xotin, deb eri shu atrofda aylanib yurganday boʻldi-yu choʻqqaygancha nokka suyanib yum-yum yigʻladi; yorugʻ kunlarga yetolmagan shoʻrlikning oxirati obod boʻlsin!

– Oyi!!

Qumri xola yuragi qinidan chiqquday seskanib oʻgirildi. Koʻzlari bejo oʻgʻlini koʻrib:

– Voy, bolam, – dedi boʻshashib, – tinchlikmi, tinchmisan?!

– Sizdan soʻray, oyi, – oʻgʻli titrab qaqshab gʻisht uyumlariga qaradi, – bu nima qilganingiz?!

– Hoy, shaytonga hay ber, nimalar deyapsan?!

– Begona odam uy-joyini, boyvachchalar mingan mashinani qiziga xatlab berdi, shu mashinada kelib holingizdan xabar olib turibman. Qaynotamning ishi gʻalvirdan oʻtib turgan paytda chaldevorxonangizning arzimas chaqasi yarasiga malham boʻlarmikan degan, edim! Uyimning yuqori qavatidan, xohlang besh xona ajratib bersam, qariganda, derazadan shaharni tomosha qilib oʻtirmasmidingiz?!

– Xax, nodon, bolam, – afsuslanib Qumri xola bosh tebratdi, – odam dunyoga tomosha qilgani emas, yashagani keladi – bandasining oyogʻi yerdan uzilmasin, bolam, jonimni soʻra, ayamayman, ammo dadaginangning vasiyatini qandoq xatlab oʻtay, qandoq?!

– Qanaqa vasiyat, qani oʻsha vasiyat, koʻrsating! – Oʻgʻli qoʻl siltagancha burilib ketdi. Mashinaning titrab guvullagan ovozi bora-bora tindi. Qumri xola karaxt ahvolda qoʻrgʻonga oʻtganda peshayvon zinasida yotgan bir dasta pulga koʻzi tushdi.

Gʻam-tashvish qurgʻur qoʻshaloq kelarkan; yakka yagona quvonchi dilini vayrona qildi, mana ovunchogʻi echki podadan qaytmadi.

...Xotinidan eshitgan-bilganlari Moʻmintoy akani hayratga soldi.

– Oʻsha kuni oʻgʻli kelgan ekanmi, nega arazlab ketibdi?!

– Eski xarxasha shekilli, – deb qoʻyaqoldi xotini.

Moʻmintoy aka kiyim-boshini almashtirib chiqdi.

– Ha, qayoqqa? – soʻradi xotini bezovtalanib, – ona-bola orasiga zinhor tusha koʻrmang, oʻzlari murosaga kelishsin.

Moʻmintoy aka indamay, oqsoqlangancha chiqib ketdi va oqshomga yaqin koʻzlagan manzilga yetib keldi.

Usti parcha-parcha qizil tunukali qubbasimon yopilgan uch qavat bino hashami ancha-muncha oʻzgargan edi. Yon-atrofi rang-barang marmar toshli darvoza peshtoqida qoʻlbola taqa, isiriq, bir shoda garmdori – hay-hay yomon koʻzdan asrasin! Darvoza sahni ham bir tekis yoʻnilgan chorsi oppoq marmar toshdan. Koʻchaning arigʻiyu, yoʻlkasi bino oldidagi gulzorga tushgan. Marmar ustunchalarga oʻrnatilgan choʻyan panjaralar bilan har tomondan toʻsilganiga odamlar qishin-yozin mashina tinmagan katta yoʻldan qatnashsa kerak! Simyogʻochning mashaladay yorugʻida gulzordagi antiqa fonuslarni behuda yonishiga ajablanib turganda yoniga zulukday qop-qora mashina kelib toʻxtadi. Shoshqaloqlab darvozadan chiqqan uvoqqina odam eshigini ochdi. Kalta malla sochli, qalin kamaridan bir qarich yuqorisi yalangʻoch ayol yarim yuzini toʻsgan qora oynakdan begona odamga bir qarab, yoniga oʻgirilgan edi, qoʻl qovushtirib turgan xizmatkor Moʻmintoy akani surishtira boshladi.

– Kechagina choʻntak qappaytirib pul tashlab keldi, shekilli, – ayol ajablanib darvozaga burilganda Moʻmintoy aka boʻlak yumushda kelganini eshitgach, yonida pildirab borayotgan xizmatkorga bir nima deb kirib ketdi.

– Otaxon-e, hamqishloqman deng, – xizmatkorning turqi-tarovati oʻzgarib, qarshidagi pastroq hovliga boshlab kirdi. Shox-shabbasi salqigan katta oʻrik ostidagi shinamgina chorpoyaga oʻtkazdi. Dasturxon yozdi. Shipillagancha tashqaridan yarim kosa ovqat olib keldi.

– Qaynotalarining muborak tavallud kunlarini dala hovlilarida nishonlashdi, supraqoqdisi kecha shu yerda oʻtdi, uch yuz bedana sixga tortildi, taraqa-turuq mushakbozlik boʻldi deng, oling, nasiba, qozonda bir choʻmich shoʻrvasi qolgan ekan.

Xizmatkor dali-gʻuli odam ekan, birpasda koʻnglini toʻkib soldi. Mehmon atoyi xudo, bemalol hordiq olsin, deb oʻzlari istiqomat qiladigan hovliga olib kiripti. Moʻmintoy akaning yuz ifodasidan oʻzgacha maʼno anglab, bu joyning ozmuncha yumushi bormi, deya birma bir sanay ketdi. Jihozlari antiqa oʻn sakkiz xonani artib-tozalashning oʻzi boʻladimi?! Hovlidagi qator panjaralarning birida: ikki dona tovus, tovlanib yoʻrgʻalashlariga qarab toʻymaysiz. Boshqasida uchta ohu, bittasi yaqinda bolaladi. Mashoyixlar ayol koʻzlarini nechun jonivornikiga qiyoslashlarini endi payqapti. Yonidagi toʻtiqushlarni-ku qoʻyavering. Maxsus xonalarda boqilayotgan quloqlari supra xaltadek bahaybat zotli itlarning yemishi, qarovichi?

– Xudoyimdan oʻrgilay, – xoʻrsindi xizmatkor, – hammasini bir yoʻla bermas ekan, qani bittagina farzand ato qilsa...

Moʻmintoy aka ajab xayollarda qoldi. Eri-xotin ikki farzandlik ham boʻlishsin, har besh xonada bir yildan turishsa, uch yarim yildan soʻng yuqori qavatning oxirgi xonalarida istiqomat qilishar ekan! Odam dunyoga toʻla-toʻkis yashagani keladi, ammo...

– Koʻzlarimga aslo ishonmayman, – quchoq ochib eshikdan kirgan arzanda xayollarini toʻzitib yubordi, – nega oʻjar onajonimni ham ola kelmadingiz?

Eshikka borib qolgan xizmatkorini toʻxtatdi.

– Hoy, koʻsa, jannatmakonimizni koʻrdilarmi?

– Muxtasar taʼrifini eshitdilar, tomoshasi ertaga qoldi.

– Shundoq qil, – arzandaning tuzukkina kayfi borga oʻxshardi.

Moʻmintoy aka tuturiqsiz gap-soʻzlardan gʻashlanib arzandaning koʻzlariga tik qaradi.

– Echki qani?

– Nima?!

– Goʻllikka solma, echki qani, ovunchogʻidan ayrilgan onang jinni boʻlayozdi.

Arzanda hazilakam esankiramadi, oʻtirgan joyida bir necha bor qoʻzgʻalib qoʻydi, nihoyat, Moʻmintoy akaning qahrli nigohiga bardosh beraolmay:

– Obbo, qoʻtir echkini mashmashasi shunchami? – deb qoʻydi. – Qishloqdan qaytayotsam, laʼnati olisdan payqab qoldi. Podadan ajrab quvdi. Uzilib ketay desam, notekis yoʻl, mashina qiynaladi. Ancha joyda toʻxtab haydamoqchi boʻldim, yotib oldi, urdim, tepdim, qani yoʻl boʻshatsa! Zora onamning koʻngillari yumshasa, degan yaxshi xayolda yukxonaga bosdim.

Keliningizning asablari boʻshroq. Echkini koʻrib “yoʻqot ajinani” deb turib oldi! Vaqt topib, podaga qoʻshaman, deyishimga qaramay, yoʻgʻimda dadasiga aytibdi, qaynotam serzardaroq odam, keliboq qizining avzoyini koʻrib, echkini shartta mashinaga bosibdi...

Arzanda kayfi tarqab xomushlanib qoldi.

– Ha?! – dedi sabri tugab Moʻmintoy aka.

– Topshirib yuboribdi.

– Qayoqqa?!

– Qushxonaga.

Moʻmintoy aka birov tovoniga mix qoqqanday sapchib ketdi.

– Nima, nima deding?!

– Keliningiz... havo almashtirib kelishi hamon qishloqqa bitta emas, ikkita echki tashlab kelaman, qayoqqa?!

Qoling, deb arzanda ancha joyga ergashib bordi... Moʻmintoy aka charogʻon koʻchalarda tentiragancha koʻngli xufton tortib, ertalabki avtobus bilan qishloqqa qaytdi.

Qamti kelmay deb Qumri xola eshigini chetlab oʻtayotganda qoʻrgʻondan oʻzi chiqib qoldi.

– Eson-omon keldingizmi, – dedi xomush – bilsam, yoʻldan qaytarardim.

Xola boshqa koʻrinmadi, yotib qoldi. Issiq-sovugʻiga xotini qarab turdi. Oradan hafta oʻtib Moʻmintoy aka ziyoratga kirganda Qumri xola uni tanimadi. Er-xotin oʻgʻliga xabar berishsa, oʻgʻli dam olishdan qaytmapti...

Mudom xolanikiga kirib chiqib, oldida oʻynab yuradigan uch-toʻrt yoshli qoʻshni bolakayning “buvim uxlab qolgan, amakijonlar, olib ketmang” deb tobutning orqasidan shaytonlab yugurganlari odamlarni larzaga soldi. Moʻmintoy aka belbogʻini bolaning beliga tangʻib, qoʻlidan yetakladi.

Oʻn kunlar oʻtib shoʻppaygancha arzanda kirib keldi. Hovlining oʻrtasida choʻqqayib, boshini peshayvon zinasiga qoʻygancha, oʻksib-oʻksib yigʻladi. Maydonda gʻisht terayotgan ustalar qoʻrgʻonga yigʻilishib tilovat qilishdi.

Arzanda yuqoriga koʻtarilmadi, joyida qola qoldi. Moʻmintoy akaning xotini kichkina tuguncha bilan boʻgʻzigacha toʻla boʻz xaltani ichkaridan olib chiqib oldiga qoʻydi.

– Bergan pullaringizni yigʻib qoʻygan ekanlar, – dedi tugunchani surib.

Arzanda qaramadi.

– Manavining xati bor, – deganiga boʻz xaltadan olgan katak daftarning yarim varagʻiga xastalikda bitilgan harflari beoʻxshov xatga qarab lablari titray boshladi, qogʻozni gʻijimlab uloqtirdi, zinaning toshlariga boshini chunonam qarsillatib ursa, peshonasidan qon sachrab ketdi! Soʻng, gandiraklab turayotganda payqamay, tirsagi bilan boʻz xaltani agʻdarib yubordi, yer bilan bitta qurt boʻldi. Dunyo mashmashalariga tushuna olmay, chekkaroqda turgan bolakay yerdan bitta qurt olib, ogʻziga soldi, qolganini choʻqqayib doʻppisiga yigʻa boshladi.

Moʻmintoy aka gʻijimlangan qogʻozni tizzasida kafti bilan tekislab koʻz tashladi.

– “Bolaginam, yolgʻizim, chiroqchim, vidolashish nasib etmasa... mingdan-ming sendan roziman. Onaga bola, bolaga ona shirin Dunyodan otaginangning yoniga yorugʻ yuz bilan ketsam ham koʻnglim senda! Talabaligingda seni oyoqqa turgʻazgan echki sutidan bir xalta yogʻli qurt tayyorlab qoʻyganman, anchaga yetadi. Yoningda ikkita-ikkita olib yursang, ochiqqan-ochiqqanda ogʻzingga solasan – koni foyda, bolam” – namiqqan koʻzlari xiralashib Moʻmintoy aka qolganini oʻqiy olmay turganda arzanda orqaga qaytib qoʻlidan xatni oldi. Qogʻozni avaylab koʻkrak choʻntakka solishdan avval bir-bir koʻzlariga bosdi, lablariga tegizdi.

Moʻmintoy aka supachada boshlarini changallagan arzandaning yoniga chiqib choʻqqaydi, ogʻir sukutdan soʻng uning soʻniq ayanchli ovozi eshitildi.

– Uydan ketdim, butunlay...

Sababini Moʻmintoy aka soʻramadi.

– Qaynotamning haligacha nabira koʻrmadim degani... toshday botdi.

Arzanda alamli xoʻrsinib qoʻydi; ming aylanib, ming aylanib, ming oʻrgilgan onasi, onajoni boʻlganda, bagʻriga bosib, oʻksigan koʻnglini togʻday koʻtarmasmidi! Koʻzlari ajabtovur javdirab quchoqlarini ochgancha qarshilashlarini qoʻmsab, sogʻindiki! Oʻkirib yigʻlaguday boʻlib oʻrnidan turdi. Moʻmintoy aka hamroh boʻlmoqchi edi, arzanda bosh chayqab, onasining qabriga ketdi.

Moʻmintoy aka junbishga kelib qarab qoldi; hey, kim aytipti kim, ona koʻngli togʻu toshni eritarkan. Olamdan oʻta turib ham ona zoti beshafqat dunyoga mehrini tashlab ketarkan!


Report Page