Mehnat ta'tiliga haq to'lashda yakshanba kuni hisobga olinmasligi

Mehnat ta'tiliga haq to'lashda yakshanba kuni hisobga olinmasligi

uzasbouz

✅ O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta'tili davomiyligi me'yorlarini belgilash chora-tadbirlari to'g'risidagi 263-son qaroriga ilovaning izohida "ushbu me'yorlarda keltirilgan xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta'tili uchun haq to'lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi", deb belgilandi. Ya'ni shu vaqtgacha turli tushunmovchiliklarga sabab bo'lgan holatga barham berildi. Lekin yakshanba kuniga ham haq to'lanishini iddao qilib kelayotganlar esa o'zlarini hech narsa bo'lmagandek tutmoqdalar. Vaholanki, bizga o'zlaricha yo'l-yo'riq ko'rsatmoqchi bo'lganlarning o'zlariga navbat keldi:


1. Xato qilganlarini tan olishlari va bu orqali ularning xulosasiga tayanib xato ish qilganlardan uzr so'rashlari kerak edi.


2. Ularning ko'rsatmasi bo'yicha ish qilganlar mavjud vaziyatni qanday to'g'rilashi bo'yicha ma'lumot berishlari kerak edi.


3. Ular esa xato qilganini tan olish u yoqda tursin, haliyam o'z yanglish xulosalari asosida xodimlarda norozilik kayfiyatini yasamoqchi bo'lishyapti. Go'yoki bu tartib pedagog xodimlarning zarariga ishlaydigan va davlat byudjetiga foyda bo'ladigan norma emish. Eski mehnat kodeksidagi tartib saqlanib qolgan bo'lsa, shuningdek, bundan boshqa bir qancha asoslar ko'rsatilgan bo'lsa, yana qo'shimchasiga hukumat qarori chiqib turgan bo'lsa, qanday qilib va nimaga asosan zarar bo'lishi tushunarsiz. Zarar bo'lsayam faqatgina sizlarning xato mantiqlaringga ko'ra zarar bo'ladi xolos.


4. Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko'ra xodimga ortiqcha to'langan ish haqi mehnat to'g'risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto'g'ri qo'llanilganda undan undirilishi mumkin emas. Agar ortiqcha to'langan ish haqini xuddi shunday deb malakalansa, unda yetkazilgan zarar qanday qoplanadi? Nazorat qiluvchi organlar buni ortiqcha to'lov sifatida baholamasliklariga kafolat yo'qku!


5. Nazorat qiluvchi organlar ularning ko'rsatmalari bo'yicha ish qilgan holatlarni tekshirishida hisobchilarni hech qanaqasiga himoya qilishmaydi. Bu bilan bog'liq sud jarayonlarida tekinga xizmat ham ko'rsata olishmaydi va bunga hech qanaqasiga ulgurishmaydi ham. "Mening tavsiyam bilan xato qilibsan, kel shu kamomadni men to'layman", deb to'lash tugul, bunaqa gapni aytish ham qo'lidan kelmaydi.


6. 2023-yil O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risidagi Qonunning 5-ilovasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Xalq ta'limi vazirligiga 29.6 trln so'm va Maktabgacha ta'lim vazirligiga esa 8 trln so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan bo'lib, shuning 24 trln so'mi ish haqi uchun mo'ljallangan bo'lsa (8 trln so'm ijtimoiy soliq uchun), bir oy uchun 2 trln so'mdan to'g'ri kelyapti. Shunda mehnat ta'tili hisoblashda yakshanba kuni ham hisobga olinadigan bo'lganida ko'pi bilan ish haqining o'ziga 650 mlrd so'm va ijtimoiy soliq bilan birga 800 mlrd so'mdan ko'proq qo'shimcha mablag' talab etilarkan (1.5-2 trln so'm emas). Bu yakshanba kunini ham ta'til uchun haq to'lashda inobatga olgan har bir tumandagi maktabgacha va maktab ta'limi bo'limlarining o'zida 3-4 mlrd so'm ortiqcha to'lov hisoblangan bo'lishi mumkinligini bildiradi.

Haliyam byudjet tashkilotlari hisobchilari keltirilgan zararni noto'g'ri xulosa taqdim etganlardan undirish bo'yicha sudga murojaat qilishi masalasini olib chiqmadik va ular bunaqa ishni qilmasligiyam aniq, boz ustiga byudjet tashkilotlari buxgalterlarining biror bir uyushgan tashkiloti ham mavjud emas.


7. Ular o'zlari beradigan xulosalarda bunga amal qilish yoki qilmaslikni hisobchilarning o'zlari hal qilishi va unga amal qilinsa bu yuristlar biron bir mas'uliyatni bo'yniga olmasliklarini ogohlantirib qo'yilsa to'g'ri bo'lardi. Harholda professional mutaxassislar shunaqa yo'l tutishadi.


8. Ular xulosa berishda Byudjet kodeksi va byudjet qonunchiligi bilan bog'liq normativ-huquqiy hujjatlarni hisobgayam olishmagan.


9. Ba'zilar esa maktab o‘qituvchilariga 56 kalendar kuni miqdorida mehnat taʼtili beriladi va 48 ish kuni uchun haq to‘lanadi, deb umumiy aytishyapti. Aslida esa, ta'tilning birinchi kuni yakshanbaga to'g'ri kelsa (bunga qonunchilikda hech qanday ta'qiq yo'q) va o'rtada biron bir bayram ham bo'lsa, 47 kunga haq to'lanishiyam mumkin. Yoki bu kabi holat o'zaro bir-biriga yaqin bo'lgan 8-mart - Xotin-qizlar kuni va 21-mart - Navro'z bayrami yoki 1-sentyabr - Mustaqillik kuni va 1-oktyabr - O'qituvchi va murabbiylar kuni yoki 8-dekabr - O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni va 1-yanvar - Yangi yil bayrami mobaynida va boshqa bayram kunlari bo'lmagan davrda bir xil ta'tilga chiqadiganlarda ham haq to'lanadigan ta'til kunlari o'zaro farq qilishi mumkin. Shuningdek, 7 ga qoldiqsiz bo'linmaydigan kalendar kundagi ta'tillarga haq to'lashda ham haftaning qaysi kunida ta'tilga chiqish boshlanishiga qarab haq to'lanadigan kunlar farqlanadi va h.


10. Yana ba'zilar mazkur qarorni faqat pedagog xodimlar uchun tegishli deyishyapti. Kodeks bitta va unda mehnat ta'tili hisoblash tartibi ham umumiy, shu holatda yakshanba kunini hisobga olish yoki olmaslik xodimlarning toifasiga qarab farq qilmaydi. Agar kodeksda yakshanba kuniga ham haq to'lash bo'yicha qat'iy norma bo'lganida, hukumat qarorida belgilangan normaga amal qilinmasdi, chunki Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risidagi Qonunning 18-moddasida normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerakligi va normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llanilishi belgilangan. Mos ravishda boshqa xodimlar toifasi uchun ham hukumat qarorida belgilangan qoida qo'llanilaveradi.

Shu sababli Kambag'allikni qisqartish va bandlik vazirligining 2023-yil 20-maydagi 01/00-04/15-3879-sonli xati, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining mana bu videosi yoki bo'lmasa O'zbekiston Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining 2023-yil 27-iyundagi FX-11/222-sonli xatlari mazkur qarordan so'ng mutlaqo kuchga ega emas.


11. Xodimga mehnat ta'tili berish bo'yicha buyruqda haq to'lanadigan ta'til kunlarini majburiy ko'rsatish (buni ba'zi adliya yoki shu kabi tashkilotlarning buyruqlarini nazorat qiluvchi organlar ham talab qilayotgan ekan) ham xato hisoblanadi. O'zi buyruqni xato chiqarib qo'yishib, keyin unga muvofiq haq to'lashda kunlar to'g'ri kelmayapti deyish ham xato, chunki buyruqning o'zi xato. Dasturga ta'tilning boshlanish va tugash sanalari kiritilsa, bayram va yakshanba kunlarini chiqarib tashlagan holda tegishli summani hisoblab chiqaradi.


12. Dasturda mehnat ta'tili hisoblashda Dop. oplachivayemiye dni joyiga maʼlumot kiritish xato ekanligi bo'yicha ma'lumot berilgandi. Hisobchilar shuncha tushuntirishlarga qaramay ta'til uchun haq to'lashda yakshanba kunini ham hisobga olish uchun turli usullardan foydalanishdi. Shu sababli endilikda bu yerga ma'lumot kiritish imkoniyati olib tashlandi, lekin shu vaqtgacha qanaqa son kiritilgani hujjat ochilganda ko'rinib turadigan qilindi.


Aslida mehnat ta'tiliga haq to'lashda yakshanba kunini hisobga olish yoki olmaslik mavjud kodeksdagi barchaga ko'rinib qolgan muammoli va aniq bayon qilinmagan holat bo'lib, uning ta'siri juda ko'p boshqa hisob-kitoblarga ta'sir qiladi. Bu bo'yicha tez orada ma'lumot berishga harakat qilamiz.

Yana shuni aytish kerakki, kodeksni shunchalik darajada xom qilib ishlab chiqishganki, undagi normalarni amaliyotda qo'llashda hali bir dunyo kamchiliklar chiqadi. Buni birgina misol orqali ko'rsatishga harakat qilamiz. Kodeksda o'rtacha ish haqi termini kiritilgan va u 65 joyda ishlatilgan, lekin o'rtacha oylik ish haqi terminiyam 29 joyda qo'llanilgan. Ya'ni bitta terminni barcha joyda bir xil qo'llanilishini ta'minlay olmaganlar nazariy jihatdan amaliyotni hisobga olmay qanaqa o'zgarishlar qilib tashlashganini tasavvur qilavering. Oddiygina shu vaqtgacha hech kimga muammo tug'dirmagan mehnat ta'tili kunlarini kalendar kunda hisoblashga o'tish kimga keragi bor edi, tushunarsiz.

Report Page