Media boshqaruvi bo'yicha seminar-treningining press-relizi

Media boshqaruvi bo'yicha seminar-treningining press-relizi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Ommaviy axborot vositalarida samarali boshqaruv bo‘yicha seminar-trening o‘tkazdi.

Toshkent, 2023-yil 17-avgust – Media muhitini rivojlantirish hamda ilg‘or jahon tajribasi bilan tanishtirish maqsadida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Media boshqaruvi: media sohasida samarali boshqaruv asoslari – France 24 usuli” mavzusida seminar-trening o‘tkazdi.

Tadbirda media sohasining 100 ga yaqin vakillari: OAV bosh muharrirlari, jurnalistlar, blogerlar va boshqa ekspertlar (online va jonli shaklda) ishtirok etdi.

Asosiy ma’ruzachi sifatida taniqli fransuz jurnalisti va tajribali media rahbar, France 24 telekanali muharriri, shuningdek, Fransiya media akademiyasi (France Medias Monde) direktori Antuan Kormeri ishtirok etdi.

Seminar-trening gibrid formatda o‘tkazildi va qatnashchilar jonli hamda Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Trening davomida janob Kormeri jahonning eng yirik ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan France 24 telekanali faoliyati misolida amaliy keyslar bilan mediadagi zamonaviy tendensiyalar va samarali boshqaruv tamoyillari haqida batafsil gapirib berdi. Telekanalning tashkiliy tuzilmasi va xalqaro axborot makonidagi ish uslublariga alohida e’tibor qaratildi.

Savol-javob sessiyasi trening ishtirokchilariga zamonaviy ommaviy axborot vositalari faoliyatining asosiy jihatlarini xorijiy mutaxassis bilan batafsil muhokama qilish va o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan individual ma’lumotlar olish imkonini berdi.

Tadbir nafaqat tajriba almashish va ishtirokchilarning kasb mahoratini kengaytirish, balki O‘zbekiston va Fransiya ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga ham xizmat qildi.

Antuan Kormerining tashrifi mintaqaviy tashabbus loyihasini amalga oshirish doirasida amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi mediasavodxonlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyo va Fransiya mintaqalari axborot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishdan iborat. Ushbu tashabbus Fransiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.


A.Kormeri taqdimotiga havola

Seminar-trening videosiga havola

 

Ma’lumot uchun: Antuan Kormeri tajribali jurnalist va media rahbar. Hozirda France 24 telekanalining muharriri hamda Fransiya media akademiyasi (Academie France Medias Monde) direktori. Kormeri 2006-yildan beri France 24 telekanali jamoasida faoliyat olib boradi.

Ish faoliyati davomida A.Kormeri France 2, Europe 1 va France Info kompaniyalarida ishlagan. Yillar davomida A.Kormeri tonggi yangiliklar, kechki tok-shoularni muvaffaqiyatli olib bordi va debatlar dasturini boshqardi. Antuan Kormeri ayni damda “The Reporters on France 24” – dolzarb yangiliklarni chuqur yorituvchi haftalik ko‘rsatuvning boshlovchisi hamdir.

Dunyo bo‘ylab 521,7 million tomoshabinga ega “France 24” xalqaro axborot kanali har kuni 24 soat davomida fransuz, arab, ingliz va ispan tillarida efirga uzatiladi. Haftalik teleauditoriya soni 101,7 million kishini tashkil qiladi. France 24 turli mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatuvchi 160 muxbirdan iborat tarmoqqa ega. Har oyda France 24 raqamli platformalariga tashriflar soni 23,2 millionni, videolarning ko‘rish qamrovi esa 213,1 millionni tashkil etadi. France 24 Facebook, Twitter va Instagram’da 63 millionga yaqin obunachiga ega.

Fond haqida: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi 2019 yil noyabr oyida bir guruh tashabbuskor jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari sohasini rivojlantirish, media vakillarining huquqlarini himoya qilish va ularni moddiy qo‘llash maqsadida tashkil etildi. Fondning asosiy maqsadi — media bozorida ommaviy axborot vositalari uchun teng sharoit yaratishga, ularni yanada rivojlantirishga, shuningdek, jurnalist va blogerlar huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat. Fond faoliyati haqida batafsil ma’lumotni - www.massmedia.uz - rasmiy saytidan olishingiz mumkin.


Fond faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

Telegram | Twitter | Facebook | Instagram


Report Page