Meʼyoriy hujjatlarni o‘rganish yuzasidan davra suhbati
Bugun Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining Chust tuman bo‘limi va filiali xodimlari uchun “Meʼyoriy hujjatlarni o‘rganamiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmalarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassislari M.Nurmatov va A.Obidovlar, bo‘lim va filial rahbarlari, xodimlar, yer va kadastr nazorati inspektorlari ishtirok etdilar.
Suhbat avvalida Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish sho'basi yetakchi mutaxassisi N.Nasriddinov Kadastr agentligi direktorining 2023-yil 13-iyuldagi J.Abdulhamidovni DKP Namangan viloyati Chust tuman filiali boshlig'i lavozimiga tayinlash haqidagi tegishli buyrug'ini yig'ilish ishtirokchilariga o'qib eshittirdi.
Tadbirda M.Nurmatov yig‘ilganlarga Kadastr agentligi direktori tomonidan 2023-yil 5-iyun kuni qabul qilingan 139-07-sonli buyrug‘ining mazmun-mohiyatini ochib berdi. Asosiy eʼtiborni, mazkur buyruq bilan tizimda ro‘y berganda zudlik bilan Agentlik rahbariyatiga xabar berilishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ro‘yxati tasdiqlanganligiga hamda ushbu xabarlarni taqdim etishga masʼul bo‘linmalar va xabarnomalarni to‘ldirish namunalariga qaratdi.
So‘zini davom ettirar ekan, notiq mazkur holatlar ro‘y berganida, birlamchi maʼlumotlarning haqqoniyligi va to‘laligiga eʼtibor qaratish lozimligi hamda o‘z vaqtida boshqarma rahbariyatiga taqdim etilishiga bo‘lim va filial rahbarlari masʼul ekanligini gapirib o‘tdi. Afsuski, bugungi kunda ham ayrim mutasaddi rahbarlar tomonidan bu kabi maʼlumotlarni taqdim etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligini kuyinib gapirar ekan, bu aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatligini taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda so‘z olgan A.Obidov xodimlarni yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya etishga, ayniqsa shaxsiy transport vositasi mavjud bo‘lgan xodimlarga
spirtli ichimlik isteʼmol qilmaslik, bunday vaziyatda transport vositasini umuman boshqarmaslik, ishonchnomasiz o‘zining shaxsiy transportini o‘zga shaxslarga bermaslikka chaqirdi.
Shu bilan birga ishtirokchilarning diqqat eʼtiborini, mehnat intizomiga rioya qilish, murojaatchilarga xushmuomalada bo‘lish, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratdi. Maqsadimiz sohada qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlarni nafaqat to‘liq o‘rganish balki uni hayotda qo‘llay ola bilishdir.
Matbuot xizmati.