Mazmunli jonzot
Javlon JuraevYaxshi-yomon haqidagi yolg‘onga ergashib, bizda bir zararli odat avj oladi: biz o‘z borligimizga asos qidiramiz. Odamzod o‘z mavjudligini ahamiyatsiz, oddiy holat deb qabul qila olmasligiga sabab – mazmunsiz hayot yomon, mazmunli hayot yaxshi deb bilishidir.
Ammo biz o‘z borligimizga muhimlik tusini berishga qancha harakat qilmaylik, tabiatda bir sir o‘zgarmas qoladi – dunyoda hech narsa mazmunga ega emas. Inson mazmunli yoki mazmunsiz hayot yashab o‘tmaydi – inson oddiy hayot yashab o‘tadi.
Umrdan mazmun izlash – muhimlik belgisi. Jamiyat yoki shaxsiy komplekslar ta’sirida aql hayotga mazmun berishga urinishi insonning insoniylik mag‘rurligidan kelib chiqadi. Biz o‘zimizni boshqa jonzotlardan muhimroq deb bilganimiz uchun, bu dunyodagi tutgan o‘rnimizga ortiqcha ahamiyat beramiz.
Tabiatni xolis kuzatsangiz, unda mazmunga ega hech narsa topa olmaysiz. Yirtqichning o‘ljasini tutib yeyishida hech bir chuqur ma’no yo‘q. Trillionlab jonzotlar tug‘iladi, yashaydi va bu dunyoni tark etadi. Ularning bu hayotida alohida bir ahamiyat yoki mazmun yo‘q: ular yaxshi yoki yomon hayot yashamaydi. Ular, shunchaki, yashaydi.
Odam ham xuddi shunday: bizning borligimizdan ham qandaydir bir yashirin ilohiy maqsad yoki mazmun mavjud emas. Yashashning yashashdan boshqa ma’nosi yo‘q.
Menga mazmunli hayotni ta’riflab bera olasizmi? Ilm cho‘qqilarini egallab, olamshumul kashfiyotlar qilib yashash mazmunli hayotmi? Balki, xudoni tanishga intilib, avliyonamo hayot tarzini yuritish mazmunliroqdir? O‘zidan moddiy yoki ma’naviy meros qoldirmagan odam hayotini chindan ham mazmunsiz deyish mumkinmi? Bunday odam yomon hayot yashadi deya olamizmi?
Odam yaxshi yoki yomon yashamaydi. Odam kuchi yetgan, o‘zi uddalagan usulda yashaydi. Odam shaxsiy kuchi imkon bergan darajada baxtli yashaydi. Bunda kuchi ko‘plar muhimlikka berilmasdan, xotirjam yashashni tanlaydilar; bunda ojizlar kompleks va yolg‘onlar ta’sirida kurashish va bir umr o‘z hayotlarini mazmunli qilishga intilishni tanlaydilar. Bu tanlovda ham hech bir ma’no yo‘q – bu, shunchaki, bir tanlov.
Bu gaplarim sizda norozilik uyg‘otayotgan bo‘lsa – demak, siz hali ham muhimlik ta’siridasiz. Hayotingizga sun’iy muhimlik berib, dunyoga shunchaki kelmaganingizni ta’kidlashga sizni nima majbur qilayotganini yaxshilab tahlil qilib ko‘ring.
Yaxshi-yomon o‘yini biz – odamlarga o‘zimizni boshqa jonzotlarga taqqoslashga, bu qiyoslashda o‘zimizni yuqori hisoblashga imkon beradi. Odamlar hayvonlarni “yomon” deb bilgani uchun, bir-birini haqorat qilish uchun shu hayvon nomlaridan foydalandi.
Ammo endi siz bu dunyoda ustun-quyi, yaxshi-yomon mavjudot yo‘qligini bildingiz. Endi sizda insoniy g‘ururga berilish, o‘z borligingizni olamshumul bir hodisa ekanini aytib, olamga jar solish ilinji yo‘q.
Agar odamzod shunchalik muhim mavjudot bo‘lganda – uni Xudo birinchi bo‘lib yaratmasmidi? Yetti iqlimdagi borki tirik jon paydo bo‘lgandan keyingina odamzod vujudga kelgan – bu ham bizga kamtar bo‘lishga, o‘z borligimizga ortiqcha baho bermaslikka bir ishoradir, balki?
Odamlar o‘zlarini aldashni bunchalik yaxshi ko‘rishlariga sabab nimada ekan? Biz nimaga o‘zimizga o‘zimiz, atrof dunyo, butun borliq haqida tinimsiz yolg‘on gapiramiz? Buyuk yolg‘on ta’sirida uzoq muddat yashab, shunday odat chiqarganmizmi, deyman.
Men o‘zim uzoq muddat o‘zimni aldab yashaganman. Shaxsiyatim, uni hayotda tutgan o‘rni, borligim mazmuni haqida o‘ylashni, jiddiy savollar berishni erta boshlaganman. Balog‘at yoshimgacha hayotimdan mazmun topishga – topa olmasam, uni o‘zim yolg‘ondan yaratishga uringanman. Va bu muhimlik uchun baxtsiz hayot kechirganman.
Bunday tajriba har kimda bor. Men bu borada hammadan boshqacha emasman – har kim umrining boshida “hayot mazmuni” qopqoniga bir marta tushadi va azoblanadi. Bu ham yaxshilikka – biz shu bahona o‘zimizga jiddiy savollar beramiz va javob izlaymiz. Ammo, afsuski, javob topishga kuchimiz yoki ahdimiz yetmasa – o‘zimizga yolg‘on javoblar o‘ylab topamiz.
Mana endi “hayot mazmuni” mavzusidagi izlanishlaringizdan “yaxshi-yomon” omilini chiqarib tashlang. Hammasi ancha soddalashadi va oydinlashadi. Siz aslida oddiy bo‘lgan go‘zal hayotga majburlab mazmun pardozini berishga uringaningizni anglab yetasiz.
Hayotda mazmun yo‘q degan ta’kidimni kimdir maqsadsiz hayotdek tushunishi mumkin. Yashashdan maqsad bor – bu baxtli yashash. Bizning hayotimiz mazmunli bo‘lishi kerak emas – baxtli bo‘lishi kerak. Aslida ahamiyati nolga teng hayotga mazmun bag‘ishlashga intilish muhimlikdan kelib chiqadi va bizni ko‘ngil xotirjamligidan ayiradi.
Hech e’tibor berganmisiz: “mazmunli” hayot tarzini yuritganlarning har doim dushmani bo‘ladi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz? Nega mazmunli hayot yashashdek oliy yo‘ldan borayotganlarga qarshi chiquvchilar ko‘p bo‘ladi? Hasadgo‘ylar ko‘pmikan dunyoda shunchalik?
Gap hasadda emas. Gap “mazmunli” hayot egasining muhimligida. U to‘g‘ri yashash tadbiriga qancha katta ahamiyat bersa, atrof muvozanatni shuncha buzaveradi. Muvozanat buzilishiga esa atrofdagilar, tabiiyki, qarshilik bilan javob qaytaradi.
Men yuqoridagi ta’kidlarim bilan odam ilm izlashdan qaytishi kerak demoqchimasman. Ilm bizning shaxsiy o‘sishimizga xizmat qiladi. Faqat bunda mazmun topishga urinmaslik kerak.
Qaytanga, qancha ko‘p narsani bilsak, bu dunyoda tutgan o‘rnimizni shuncha yaxshi anglab boramiz. Bu esa bizga atrof dunyo bilan kelishib yashashga, hayotni mazmun uchun kurashga aylantirmaslikka imkon beradi.
Atrof-dunyoni o‘rganing, yovvoyi tabiatdagi hayotga qiziqing. O‘z tanangiz, ongingiz va qalbingizdagi jarayonlarni tushunishga, ularga to‘g‘ri baho berishga intiling. Bu intilishlaringizga muhimlikni aralashtirmang – toki u har narsadan mazmun izlab, ishning beliga tepmasin.
Dunyodagi har qanday jonzot hayotini hurmat qiling, tabiatni sevishni o‘rganing. Tabiat – har qancha mehrga arziydigan go‘zallikka ega. Uning aqlni shoshiradigan mo‘jizalari juda ko‘p. Dunyoga “insoniylik g‘ururi” degan shohsupa ustida turib nazar tashlaganlar tabiatning har qanday go‘zalligidan mahrumdirlar.
Insoniy manmanlik – yaxshi-yomon haqidagi yolg‘ondan kuch oladi. Endi siz bu yolg‘ondan – buning yolg‘on ekanidan boxabarsiz. Shunday ekan, g‘urur va manmanlik shaxsiyatingizni ojiz qilishiga, ko‘nglingizdagi tinchlikka raxna solishiga, sizni mazmunli – lekin baxtsiz mavjudotga aylantirishiga imkon bermang.
Juraev.uz
@yettiqadam_buyurtma