Veb dasturlash bo'yicha vodiyda shogird olish haqida batafsil va saralashdan o'tish uchun shaklga link

Veb dasturlash bo'yicha vodiyda shogird olish haqida batafsil va saralashdan o'tish uchun shaklga link

Muhammadjavohir Sur'atov

🔗 Saralash shakliga link (iltimos, saralash vazifalarini bajarishdan oldin loyiha haqidagi quyidagi ma'lumotlarni o'qib chiqing).


Assalomu alaykum. Ismim - Muhammadjavohir. 26 yoshdaman. Bir necha yillardan beri frontend dasturlash asoslaridan turli o'quv markazlarida dars berib kelaman. Bu sohani men universitetdagi darslarga qo'shimcha sifatida asosan internetdagi turli bepul va pulli manbalardan o'rganganman va hozirgi darslarimda beradigan bilimlarimning asosiy qismi mustaqil o'rganilgan.

Nasib qilsa, yaqin yillar uchun bir katta loyihani mo'ljal qilganman. Ta'lim bo'yicha. Bu loyiha uchun kadrlar masalasi birlamchi bo'ladi. Shunga o'zim bilan birga ishlashga mutaxassis tayyorlamoqchiman (men bilan birga ishlash majburiy emas. Asosiysi - kuchli mutaxassis bo'lib chiqish). Toshkentdagi ish joyim - Najot Ta'limda keyingi o'quvchilarim guruhi ochilgunicha 1.5 oy atrofida bo'sh vaqtim bo'ladi. Shu vaqtdan foydalanib mo'ljalimdagi ishlarim bilan birga shogirdlar yig'ib ustoz emas, mentor ko'rinishida frontendni o'rgatishni reja qildim.

Ustoz VS Mentor

Yo'lga qo'ymoqchi bo'lgan ishim - mentorlik. Mentorning ustozdan farqi borligi uchun avvalo ustoz va mentorning asosiy farqlarini sanab o'tishga harakat qilaman. Maqsad - shogird bo'lmoqchi bo'lgan nomzodlar loyiha haqida to'g'ri tasavvurga ega bo'lishi.

  • ustoz deyilganda odatda biron mavzuni boshidan oxirigacha o'zi tushuntirib beruvchi, o'rgatilgan narsa asosida vazifa beruvchi, shu vazifani tekshirib qabul qilib oluvchi mutaxassis tushuniladi.
  • mentor ishning ko'proq qismini o'quvchilarga yuklaydi, asosan yo'l ko'rsatuvchi, tavsiya, maslahat beruvchi sifatida ish qiladi. O'quvchini biron savol, mavzu qiziqtirayotgan bo'lsa, avval biron manbadan o'rganishni tavsiya qilishi, keyin o'quvchilarning o'rgangan narsalari asosida xulosa qilib berishi mumkin.

Ustoz va Mentorni "Kung-fu panda" multfilmidagi qahramonlarga o'xshatsak ham bo'ladi. Ustoz Shifu - ustoz, Poga mashqlar yordamida Kung-funi o'rgatadi. Ustoz Ugvey - mentor, ora-orada yo'l ko'rsatib turadi.

Mentorlikda nimalarni taklif qilmoqchiman?

  • frontend va backend dasturlashni o'rganishda kompas vazifasini bajarish
  • o'rganuvchilarni sifatli manbalar va to'g'ri o'rganish usullariga yo'naltirish
  • o'rganuvchilarning ishlarini belgilangan vaqtda nazorat qilish, tavsiyalar berish
  • jihozlangan o'quv xonasi (imkoni boricha yaxshi internet bilan)

Mentorlik fevral-mart oylarida offlayn, undan so'ng keyingi yil tahminan bahor oxirlarigacha aralash (har 3-4 haftada bir offlayn, qolgan payt onlayn) ko'rinishda davom etadi. Bu loyiha avtonom tarzda ishlay oladigan bo'lsa, keyinroq kengaytirish, boshqa viloyatlarda ham ochish mumkin bo'lar, balki. Offlayn ko'rinishdagi ishlar tizimlashib olgandan so'ng onlayn qatnashmoqchi bo'lganlarni ham saralash asosida qabul qilish imkoni bo'ladi.

Nimalar bo'yicha mentorlik qilaman:

  • HTML, CSS va uning atrofidagi texnologiyalar - bularni o'rgangandan keyin saytlarni har qanday kattalikdagi ekranda chiroyli ko'rinadigan qila olish mumkin. Kod sifatiga e'tibor beriladi. GitHubda ishlash o'rganiladi.
  • JavaScript asoslari - statik saytlarga dinamika qo'shish.
  • React/Vue - frontenddagi ommabop kutubxona/freymvorkda ishlash asoslari
  • NodeJS/Express/PostgreSQL (imkoni bo'lsagina) - saytning backendini tuzish
  • va o'zim biladigan boshqa mavzular

Kimlar uchun/kimlar nomzod?

  • kamida maktabni bitirgan yoshda bo'lganlar (istisnolar bo'lishi mumkin)
  • ingliz va rus tillarida video va matn ko'rinishdagi ma'lumotlarni o'qib yaxshi tushuna oladiganlar
  • mustaqil o'rganishga layoqati, qiziqishi borlar
  • aytilgan muddatda (fevral 2021 - iyun 2022) dushanba-shanba 9:00-18:00 da ofisga borib o'qiy oladiganlar (saralash natijalariga ko'ra o'zgartirilishi mumkin)
  • yuqorida sanab o'tilgan texnologiyalar bo'yicha qaysidir darajada tajribasi bo'lishi plyus bo'ladi
  • jamoada do'stona muhitda ishlay olish
  • yana qo'shilishi mumkin...

Belgilangan vaqt davomida tirishqoqlik bilan o'rganilsa, Xudo xohlasa, yaxshi natijalarga chiqish mumkin. 1.5-2 million so'mlik oylikdan boshlash ham mumkin (tajribada 54 ta dars olgan bolada shunday bo'ldi).

To'lov masalasi

Offlayn tarzda bu loyihaga qatnashmoqchi bo'lganlar oyiga 300 ming so'mdan to'lov qilishlari kerak bo'ladi. To'lovlarning asosiy qismi xonani jihozlash, doimiy to'lovlar va shunga o'xshash masalalarga ishlatiladi.


Nechta shogird olinishi va shuning atrofidagi masalalar

Loyihaga 18 ta shogird olinadi. Buning ichida ayol-qizlar uchun 4-6 ta o'rin bor. Tanlab olingan shogirdlar ofisga haftada 6 kun qatnab oʻqiy olishi kerak. Baʼzi istisnolar boʻlishi mumkin.

Shogirdlikka qabul qilinganlarga har 3 haftada bitta chet tillaridagi maqola/videoni oʻzbek tiliga tarjima qilish shart qilib qoʻyiladi. Maqsad - oʻzbek tilidagi manbalarni kam-kamdan koʻpaytirib turish. Qoʻldan kelgancha.

Bir shogirdning bu loyihada qatnashishi 4 oydan 1 yilgacha boʻlishi mumkin. Yaxshi natijaga erisha olgan, ishga yaroqli bo'lgan o'quvchilarni loyihada qolishga majburlamayman. Qaysidir ko'rinishda loyihaga yordam berib turishlariga ochiqman (keyingi qabullarda qatnashuvchilarga yordamlashish, masalan).

Tavsiya qilinadigan onlayn videokurs/manba pullik boʻlsa, uni sotib olish shogirdning boʻynida boʻladi. Kontent qaroqchiliga odatlanib qolishning oldini olish uchun. Imkoni boricha, bepul muqobil manbalar ham tavsiya qilib boriladi. Saralashda qatnashishdan oldin shu masala haqida ham o'ylab ko'rishni tavsiya qilgan bo'lar edim. Har qanday tavsiya qilingan manba o'zimning tajribamdan o'tgan va/yoki yaqinlarim yaxshi fikr bildirgan manbalar bo'ladi. Natijasi yaxshi bo'lmagan narsalarni o'rganishga majburlamayman.

Oʻrganish davomida sustlashgan, vazifalarni bajarmagan, jamoaning muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatganlar shogirdlikdan chetlashtiriladi.

Oʻrganish asosan peer-to-peer koʻrinishida boʻladi. Orada muhim mavzular boʻyicha zaruratga koʻra master klass oʻtkazilishi mumkin (masalan, Gitda ishlash, Gulp, jamoaviy ishlash, motivatsiya, loyiha boshqaruvi va shunga o'xshash mavzularda).

Xudo xohlasa, ofisda kichik moʻjaz kutubxonacha boʻladi.


1.5-2 oycha (Najot Taʼlimdagi darslarim boshlanguncha) shu ishning tepasida turaman, Xudo xohlasa. Keyin har oyda 1 marta borib holatdan boxabar boʻlib turaman. Toshkentda ekanligimda internet orqali xabarlashib turamiz.


Saralash masalasi

Saralashning birinchi bosqichida bir nechta vazifalar beriladi:

  • nomzodlar o'zlari haqidagi umumiy savollarga javob berish
  • ingliz tilidagi bir mavzu haqidagi videolardagi ma'lumotni jamlab o'zbek tiliga tarjima qilish
  • rus tilidagi maqolaning muhim nuqtalarini xulosaviy ko'rinishda o'zbek tiliga tarjima qilish
  • sayt tuzish (dizaynga ko'ra)

🔗 Saralash shakliga link

⚠ Saralashning birinchi bosqichiga qabuli 15-fevral soat 22:00 gacha davom etadi. Undan keyingi yuborilgan ishlar qabul qilinmaydi.

Saralashning ikkinchi bosqichi - Zoom orqali suhbat. Suhbatda umumiy fikr almashinuvi va nomzodlar bilan savol-javoblar bo'ladi. Ikkinchi bosqich natijalariga ko'ra 18 kishi saralab olinadi.

Qatnashuvchilarga omad!


❓ Biron savol bo'lsa, izohlarda qoldirishingiz mumkin.


Bu yerda saralash haqida ma'lumotlar e'lon qilingandan keyin so'ralgan savollarga javoblar qoldiriladi...

Report Page