Mashxur “shaxsiy kutubxona”lar

Mashxur “shaxsiy kutubxona”lar

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qo‘shrabot tuman bo‘linmasi

Kitob isi, sahifalarning shitirlash ovozi bu tuyg‘uni hech bir narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, har bir kitob mutoala qiluvchining , kitobsevar insonlarning uyida hali ham kitoblar uchun o‘ziga hos bir burchagi mavjud. U yerda har bir inson o‘zi sevib mutoala qiladigan kitoblarini saqlaydi.

Nima uchun har bir xonadonda “shaxsiy kutubxona” bo‘lishi muhim? Chunki, insonni hayvondan farqlab turadigan oliy qadriyat bu ma’naviyat bo‘lib, insonda yetuk ma’naviyat shakllanishi uchun esa kitob mutolaasi nihoyatda muhim hisoblanadi. O‘z uyida ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i hisoblanmish kutubxona tashkil etgan insonlar nafaqat o‘zi uchun, balki atrofidagi insonlar uchun ham qaysidir ma’noda ziyo ulashuvchi hisoblanishadi.

Bugungi axborot texnologiyalari zamonida odamlar orasida kitobxonlikka, kitob mutolaasiga e’tibor susaygani haqida juda ko‘p bor eshitamiz, guvoh bo‘lamiz. Ammo, insonga badiiy asar beradigan ma’naviy ozuqani hech bir vosita taqdim etolmasligiga bugun barchamiz shohid bo‘layapmiz. Demak, kitob mutolaasi, kitobxonlik har doim inson kamolotida asosiy vositalardan biri bo‘lib qolaveradi.

Bugungi maqolamiz orqali ajdodlarimiz tomonidan tashkil etilgan, insonlarning ilmli, ziyoli va ma’rifatli bo‘lishiga xizmat qilgan shaxsiy kutubxonalar bilan birgalikda tanishamiz.

Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasi

Temuriy hukmdorlar saroyda, davlat arkonlari, ulug‘ shoir, adiblar, ulamolar uylarida, tariqat pirlari xonaqolarida kutubxonalar tashkil qilganlar. Shunday kutubxonalardan biri Alisher Navoiyning muhtasham kutubxonasidir. Temuriylar davlat boshqaruvida bo‘lgan Xuroson va Movarounnahr davlatining adabiy, ilmiy, madaniy yuksalishida buyuk mutafakkir kutubxonasining ahamiyati baland bo‘lgan.

Ushbu ma’rifat maskani to‘g‘risida, birinchidan, uning o‘z asarlari matnida, ikkinchidan esa u haqida yozilgan adabiy va tarixiy xarakterdagi manbalarda muhim ma’lumot, xabar, eslatmalarni o‘qiymiz. Chunki, Alisher Navoiy Temuriylar Uyg‘onish davrining daho so‘z san’atkori, adolatpesha, hunarparvar amiri, katta mulkdorgina emas, balki o‘z davrining mashhur kitobxoni sifatida ham ibratga loyiq bo‘lgan. Bu haqda tarixchi Mirxond “Ravzat us-safo”da shunday xabar yozgan: “… u Xurosondan behisht monand Samarqandga borib, Xoja Jaloluddin Abullaysiy xonaqosida istiqomat qildi va ko‘p vaqtini kitob mutolaasiga sarfladi.”

Unsiya nomi bilan o‘z zamonida mashhur bo‘lgan va tarix zarvaraqlarida oltin harflar bilan bitib qoldirilgan fayzga to‘la uyida dahoning juda katta kutubxona fondi bo‘lgan, unda xattot, musavvir, shoir, adib, muarrix, siyosatchi, baxshi, munshiy, olimlar qizg‘in faoliyat olib borishgan, ma’rifiy, adabiy majlislar tashkil qilingan. Kutubxona boshqaruvi esa kitobdorlik mansabida o‘tirgan mulozim qo‘lida bo‘lgan. Ularning nomi  ishonchli manbalarda ehtirom ila qayd etilgan.

Xoja Muhammad Porsoning shaxsiy kutubxonasi

Xoja Muhammad Porsodan juda boy shaxsiy kutubxona qolgan. Uning mashhur kutubxonasi haqida bir nechta maqolalar chop etilgan. Islomshunos Sh. Ziyodov va A.Moʻminovlar hammuallifligida yozilgan “Xoja Muhammad Porso kutubxonasi borasidagi yangi maʼlumotlar” maqolasida uning kutubxonasida saqlangan qoʻlyozmalar soni 57 tadan 120 taga yetkazilgani aytiladi. Undan tashqari A.Moʻminov, Ye.Nekrasova va Sh.Ziyodov bilan birgalikda 2009-yilda chop etilgan maqolada qoʻlyozmalar soni 144 taga koʻpaygani eʼlon qilingan. Al-Moturidiyning asarlari ham asosan shu kutubxonada saqlangan.

Xoja Muhammad Porsoga tegishli kutubxona juda mashhur boʻlib, unda, yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalarning kitoblari saqlangan va bizgacha yetib kelishiga imkoniyat yaratishda Porsoning xizmatlari beqiyos. Uning asarlarida yuzdan ortiq ulugʻ mutasavviflar bizga nomaʼlum vatandoshlarimizning nomlari keltiriladi. Bu oʻsha mashhur kutubxonada saqlangan kitoblar keng mutolaa qilinganidan dalolat beradi.

 

Maxmudxo‘ja Behbudiyning shaxsiy kutubxonasi

Toshkentda o‘tgan asrning 10-yillarida Munavvar qori Аbdurashidxonov rahbarligidagi jadidlar tashabbusi bilan “Turon” kutubxonasi tashkil etilgan bo‘lsa, bundan  bir necha yil ilgari esa Samarqandda “Behbudiya kutubxonasi” o‘z faoliyatini boshlab yubordi Bu haqida Oyna jurnalida shunday deyiladi: “Behbudiya kutubxonasi shahri Samarqand, Rusiya qit’asindaki haftalik “Oyina” majallasi idorasinda “Oyina” noshir va muharriri, Behbudiya kutubxonasining sohibi Maxmudxo’ja Behbudiyning o‘z xonasida ochilur”.

Mutolaaxonani  ochishdagi yig‘ilishda jamiyat aʼzolari bayon qilingan fikr  va mulohazalar asosida tuzilgan qarorni harbiy gubernator general-mayor Galkinga taqdim etiladi va u qarornig asl nusxasi tagiga imzo chekib, mutolaaxonaning ochilishiga ijozat beradi. Shundan keyin “Eski Samarqand musulmonlar kitob va qiroatxonasi” nomi bilan 1908-yil 25-mayda ochiladi. Keyinchalik “Behbudiya” kutubxonasi nomi bilan mashhur bo‘lgan mutolaaxona ikki smenada: ertalab soat 9 dan 5 gacha va soat 6 dan 12 gacha ya’ni kuniga 14 soat ishlagan ishlab, 60 dan 110 nafargacha bo‘lgan kishilarga madaniy xizmat ko‘rsata boshlaydi. Behbudiyning «Samarqand kutubxona islomiyasi” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 yil, noyabr) degan maqolasidan maʼlum bo‘lishicha, kutubxona jamg‘armasida to‘plangan kitob va risolalar o‘sha kezlarda 600 ta, gazeta va jurnallar esa undan ham ko‘p bo‘lgan. Behbudiy agar pul ko‘paysa, diniy va dunyoviy kitoblarning yanada ko‘proq sotib olish, Istanbul va Qohirada nashr etilayotgan gazeta va jurnallarga esa obuna bo‘lish mumkinligini aytgan. “Turkiston viloyatining gazeti” qariyb har bir sonida kitob sotib olib o‘qish imkoniga ega bo‘lmagan kishilarda kutubxonaga qiziqishing tobora ortib borayotgani haqida xabar berib borgan. Quyidagi raqam kitoblarning 10-yil ichida qanday o‘sganligini ko‘rsatadi: 1923-yildan to 1932-yilga qadar uyda o‘qish uchun 72600 kitob berildi, undan 26500 kishi foydalandi. Bu raqamlar 10 yil ichida qiroatxonani qanday o‘sganligini ko‘rsatadi.


Internet materiallari asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qo‘shrabot tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi Sh.Ravshanov tayyorladi.

 




Report Page