Marketing O‘zbekistonga nega kerak, uning yurtimizdagi kelajagi qanday?
Yoshlar ittifoqiPoytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da Marketing.uz loyihasining 5-soni bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Loyihalar boshqaruvi markazi va “Milliy marketing assotsiatsiyasi” hamkorligida tashkil etilgan mahorat darslarida “605” agentligi asoschisi Otabek Sharapov, “Lokals” kreativ agentligi rahbari Farhod Norboyev hamda “Biznes kvadrat”, “Patronlar ligasi” loyihalari asoschisi Muhammadali Eshonqulovlar spiker sifatida ishtirok etdi.
—– Marketingning asosiy prinsiplaridan biri halollikdir. Siz biznesingizga iste’molchi ko‘zi bilan qaray olsangiz, oldingizga qo‘ygan aniq maqsadingiz ortidan yaxshi natijaga erishishingizga ishonsangiz, demak sizning biznesingizda marketing bor, – deydi Muhammadali Eshonqulov. — Brendda o‘zingizda yo‘q narsani ko‘rsatmang va doimo samimiy bo‘ling!
Ushbu mahorat darslarida tadbirkorlik sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan biznes vakillari marketing, shaxsiy brend va reklama sohalari bo‘yicha o‘z muvaffaqiyat sirlari va tajribalarini bo‘lishdi. Ishtirokchilar marketing fundamenti va insonning shaxsiy marketing fundamenti xususida kerakli ma’lumotga ega bo‘lishdi. Bundan tashqari, ular marketingning maqsadi va uning asosiy vazifalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“Lokals” kreativ agentligi rahbari Farhod Norboyev marketing odamlarga xuddi kino, yangiliklar, musiqa, kitoblardek ta’sir ko‘rsata olishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Marketing asosida bozorda talabni o‘rganish, bozor tarkibini aniqlash, tovarni o‘rganish, raqobat sharoitlarini tadqiq qilish, sotish shakli va uslublarini tahlil etish kerakligini tushuntirdi. Shuningdek, bozorni bilish, bozorga moslashish, bozorga taʼsir oʻtkazish marketingning asosiy tamoyillari ekanini qayd etdi.
—Sifatli mahsulot, hamyonbop narx, yetkazib berish xizmatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va qiziqarli reklama marketingning muhim poydevori hisoblanadi, – deydi “605” agentligi asoschisi Otabek Sharapov. —Marketingda maqsadni boylik orttirish yoki mashhurlikka erishishga emas, professionallik va o‘z ustingizda ishlash bilan bog‘lang. Siz o‘z sohangizning proffesionali bo‘lsangiz, rivojlanishga intilsangiz, boylik ham mashhurlik ham o‘zi sizni izlab topadi.
Tadbir yakunida spikerlar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.
Ma’lumot uchun: Marketing.uz loyihasi har oyda O‘zbekistondagi taniqli soha ekspertlari ishtirokida o‘tkaziladigan mahorat darslaridir. Loyihaning asosiy maqsadi yoshlarni sohaga qiziqtirish, biznes egalari uchun marketing bo‘yicha foydali ma'lumotlar yetkazish hamda sohaga qiziquvchilar yoshlar o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish. Har bir sonda sohada katta tajribaga ega 3 ta spiker o‘z bilimlarini yoshlar bilan bo‘lishadi. Shu kunga qadar mazkur loyihada Feruzxon Yoqubxo‘jayev, Jo‘rabek Babayev, Malik Karimov, Shohruh Nizamutdinov, Akmal Raimov kabi soha professionallari ishtirok etishgan.