Ma’rifat mash’ali
Bugun xalqimiz ma’naviyat osmonida yongan eng porloq yulduzlardan biri — buyuk ma’rifatparvar, jadidchilik harakatining ulkan namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etmoqda. Shu munosabat bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonidagi harbiy qismda ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari, harbiy xizmatchilar, hamda faol yoshlar ishtirok etib, Behbudiy merosi, uning millat ravnaqi yo‘lidagi fidokorona hayoti va g‘oyalarini chuqur tahlil etdilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z asarlari, nutqlari, publitsistik chiqishlari orqali o‘z davrining eng dolzarb masalalarini ko‘tarib chiqqan. U xalqni jaholatdan najot beruvchi yagona kuch — bu ilm va ma’rifat ekaniga ishonar edi. Behbudiy “O‘qish — yashashning kaliti, bilim — ozodlikning yo‘lidir”, degan shior bilan butun umrini xalqni o‘qitish, uyg‘otish, erkin fikrlashga o‘rgatish yo‘lida baxshida etdi.
Tadbir ishtirokchilari aynan shu jihatlarni yuksak qadrlab, bugungi yosh avlodni ham Behbudiy singari ma’rifatparvar, millatparvar, vatanparvar bo‘lishga undash zarurligini ta’kidlashdi.
Tadbir davomida Ma’naviyat markazi mutaxassislari tomonidan Behbudiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar, videoroliklar hamda sahna chiqishlari namoyish etildi. Harbiy xizmatchilar Behbudiy g‘oyalaridan ilhomlanib, uning “Millat uchun xizmat — eng oliy sharafdir” degan so‘zlarini o‘z hayotiy shioriga aylantirish lozimligini bildirishdi.
Zotan, bugungi harbiylar — tinchlik posbonlari, Vatan mustaqilligining mard himoyachilari. Ular uchun Behbudiy singari ma’naviy yo‘lboshchilar merosi — ruhiy quvvat manbai, fidoyilik darsi, vatanparvarlik saboqlarining eng yorqin namunasidir.
Shu bois Nukus garnizonida o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir nafaqat xotira, balki ruhiyatni yangilovchi, ma’naviy uyg‘onishni rag‘batlantiruvchi, vatanparvarlikni yuksaltiruvchi dars sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi — bu o‘z xalqini bilim, tafakkur va taraqqiyot yo‘liga boshlagan millat ustozining nomi. Uning 150 yillik tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tadbir shunchaki tarixiy sana emas, balki milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy uyg‘onish va yoshlarni ma’rifat yo‘liga chorlashning ramziy ifodasidir.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati