Maqsadimiz korrupsiyani oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik

Maqsadimiz korrupsiyani oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik


Bugun Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘lim va filiali xodimlari bilan sohada korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan umumiy profilaktika tadbiri o‘tkazildi. Unda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassislari M.Nurmatov va A.Obidovlar, shuningdek boshqarma bosh yuriskonsulti R.Djuraev, tumanning bo‘lim va filial rahbarlari, kadastr muhandislari, topograflar, inspektorlar ishtirok etdilar.

   Tadbir avvalida so‘z olgan A.Obidov bugungi profilaktik yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, soha xodimlarining siyosiy va huquqiy ongini oshirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish, yerlarni noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishni o‘ziga kasb qilib olgan turli nopok shaxslarning nayrangiga uchmaslik, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘tkazilayotgan “sirli mijoz” tadbirlari qurboniga aylanib qolishning oldini olishdan iborat ekanligiga alohida urg‘u berdi. Korrupsiya balosiga giriftor bo‘lgan xodimlarning achchiq qismati haqida jonli misollar bilan tushuntirishlar berdi. Shuningdek, xodimlar davlat xizmatchisi sifatida vatanparvarlik, yurtiga sadoqat kabi fazilatlarni shakllantirishda o‘rnak bo‘lishi va  o‘z ustida ishlashi zarurligini uqtirib o‘tdi.

    Yig‘ilishda so‘z olgan Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi - boshqarma ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi o‘rinbosari M.Nurmatov jadidchilik harakati uning tarixi va g‘oyasi haqida ma’ruza qilib, jumladan, to‘raqo‘rg‘onliklar o‘z vatandoshlari jadid harakatining faol a’zosi bo‘lgan Is’hoqxon To‘ra Ibrat bilan har qancha faxrlansalar oz ekanini,  bo‘lim va filialda haftaning juma kunlari o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy      tadbirlarda bu ulug‘ inson siymosini qaytadan kashf etib, chuqurroq va teran o‘rganishlari lozimligini gapirib o‘tdi.

  Boshqarma bosh yuriskonsulti R.Djuraev, so‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qilish idoralari, ayniqsa prokuratura organlari tomonidan berilayotgan taqdimnomalarda aksariyat kadastr muhandislari nizomlar talablariga amal qilmasliklari, bular asosan me’yoriy huquqiy hujjatlarni to‘liq o‘zlashtirmaganliklari oqibatida sodir etilayotganligini kuyunib gapirdi. Shu munosabat bilan tuman filial rahbarlari, kadastr muhandislari, topograflar o‘z faoliyatlariga doir me’yoriy - huquqiy hujjatlarni puxta o‘rganishlari, ularni ish jarayonida to‘g‘ri qo‘llashga e’tibor berishlari zarurligini alohida ta’kidladi.

Yangi yil boshida tashkil qilingan profilaktik tadbir samimiy, ishchanlik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tdi. Yig‘ilishda korrupsiya balosini jilovlash o‘z qo‘limizda ekanligi ta’kidlandi. Maqsadimiz esa, kadastr sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish va xalqimizga beminnat kadastr xizmati ko‘rsatishdir.

 

Matbuot xizmati.

Report Page