Maqsadimiz kadastr sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish

Maqsadimiz kadastr sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish


Bugun Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘lim va filiali xodimlari bilan sohada korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan umumiy profilaktika tadbiri o‘tkazildi. Unda Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Mirzabayev, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassislari M.Nurmatov va A.Obidovlar, shuningdek tuman bo‘lim va filial rahbarlari, kadastr muhandislari, topograflar, inspektorlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilishga raislik qiluvchi F.Mirzabayev o‘z so‘zida bo‘lim va filiallarda xodimlar o‘rtasida yangi yil arafasida xizmat madaniyati va ijro intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, korrupsiya illatiga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlarning odob-axloq qoidalariga amal qilish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga hamda jismoniy va yuridik shaxslar bilan muloqotda muomala madaniyatiga rioya etishga chaqirdi. Shuningdek, bayram kunlar rahbar xodimlardan iborat masʼul navbatchiliklar tashkil qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Tadbirda so‘z olgan M.Nurmatov bugungi yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, soha xodimlarining siyosiy va huquqiy ongini oshirish, turli xil destruktiv oqimlar taʼsiriga tushib qolmaslik, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lishga, bunday jirkanch illatga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishdan iborat ekanligiga alohida urg‘u berdi. So‘zini davom ettirib, notiq bu yilgi qishki mavsumni talofatsiz o‘tkazishga, xususan nobop isitish vositalaridan foydalanmaslik, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, korxona mol mulkini ko‘z qorachig‘idek asrash masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Shu kunlarda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan korxona va tashkilotlarda "Sirli mijoz" tadbirlari o‘tkazilayotganligi sababli barcha xodimlar hushyor bo‘lishlari, ichki muhitni sog‘lomlashtirish kabi masalalarga ahamiyatni kuchaytirish lozimligi haqida gapirdi. 

So‘ngra so‘zga chiqqan A.Obidov qayerda ijro va mehnat intizomi qatʼiy yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha yerda baraka va unum bo‘lishi, mehnat jamoasi o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat bo‘lishi muqarrarligini taʼkidlab o‘tdi. Ishtirokchilarning diqqat eʼtiborini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqinda sohaga oid qabul qilingan bir qator qarorlarini o‘rganishga jiddiy eʼtibor qaratilishi lozimligini uqtirdi.

Yangi yil arafasida tashkil qilingan profilaktik tadbir samimiylik, ishchanlik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tdi. Maqsadimiz esa, kadastr sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish va xalqimizga beminnat kadastr xizmati ko‘rsatishdir.


Matbuot xizmati.

Report Page